Kenja Karimov: Men ham nishonga aylanganman

Natalya Antelava Bi-bi-si Jahon xizmati

Pop yulduzi, ishbilarmon, sahovatpesha va jahondagi eng shafqatsiz diktatorlardan birining qizi.

Gulnora Karimova o‘tgan yili tushgan video shunday suratlarni taqdim etadi.

Amaldagi O‘zbekiston esa bu suratlardan yiroq.

Tashqi dunyodan uzilgan va huquq faollari uni ko‘proq Shimoliy Koreyaga qiyoslaydigan mamlakat. Oxirgi yillar davomida O‘zbekiston 2005 yilgi qirg‘in, paxta dalalaridagi bolalar mehnati va qamoqlardagi mutassil qiynoqlar tufayli jahon matbuoti sahifalariga tushgan. Bularning hammasi ustidan rahbar - Sho‘rolar davridan beri qudratdagi Islom Karimov. Janob Karimov g‘arb matbuotiga intervyular bermaydi va Bi-Bi-Sini O‘zbekistonda taqiqlagan. Lekin uning adashi, ya’ni nabirasi Islom Karimov biz bilan Londonda suhbatlashishga rozi bo‘ldi. Unga ko‘ra, uning boshi g‘avg‘oda qolgan.

Islom Karimov: Mening o‘zim ham dushman va nishonga aylanganman. Men butun boshli rejimga qarshi kurashmoqdaman.

Kenja Islom Karimovning aytishicha, u onasi Gulnora Karimova uchun kurashmoqda. Bir vaqtlar mashhurlik nurlariga ko‘milgan dadasining arzandasi, bu to‘ng‘ich qizning o‘z otasi bilan munosabatlari endilikda yomonlashib ketgan. Va hozirda aytilishicha, u uy qamog‘ida. Yaqin-yaqinlargacha Gugusha taxallusi ostida qo‘shiqlar kuylagan Gulnora Karimova, shuningdek mamlakat bo‘ylab bizneslarni nazorat qilgan, uning g‘arbdagi yirik korruptsiya ishiga aloqadorligi aytilgan va u "pinhoniy qaroqchi" laqabini orttirgandi. Lekin o‘tgan yili uning musaffo osmonida qora bulutlar paydo bo‘ldi.

Islom Karimov: Uning qulashining asosiy sababi shuki, u qudratga erishmoqchi yoki shaxsiy manfaatlarga ega bo‘lgan bir guruh shaxslarga tahdid sifatida ko‘rila boshlaganidir.

Biz Gulnora bilan o‘tgan yil mobaynida Tvitter orqali xabarlashib turdik. Unga ko‘ra Xavfsizlik Xizmati, onasi va singlisi uning ketidan tushishgan. Gulnora yaqinlarini hatto jodugarlikda aybladi. Nabira Islom Karimov uning oilasi tushgan ahvol o‘ta g‘alati ekanligini tushunib etadimi?

Islom Karimov: Albatta vaziyat g‘alati ekanligini tushunaman va bu hodisa ahvolni yanada mushkullashtiradi. Bunaqasi avval hech qachon ro‘y bermagan. Odamlar hayratda. Qanday qilib ona o‘z qiziga, yo-da singil opasiga bu ishlarni qiladi, deb. Shekspir O‘zbekistonda yashaganda, bularning hammasi, menimcha, unga ilhom bag‘ishlagan bo‘lardi.

Bir vaqtlar "o‘zbek malikasi", deya nom chiqargan Gulnora Karimovaning oxirgi suratlari uni abgor holda ko‘rsatadi. Uy hibsida bo‘lgan vaqti olingan suratlar va audiotasmalar O‘zbekistondan yashirincha olib chiqilib, bizga etkazilgan. Tasmada Gulnora Karimova o‘zi va u bilan birga ushlab turilgan 16 yoshli qiziga oziq-ovqat va tibbiy yordam etkazilmayotganidan shikoyat qiladi.

Gulnora Karimova: Bizni uyda ushlab turishibdi, itning ahvolidan ham battar vaziyatdamiz.

Bu qudrat merosi uchun ketayotgan kurash. Nabira bobosining qudratni qo‘ldan beryaptimi yo‘qligi haqida fikr yuritadi.

Islom Karimov: Qudrat uning qo‘lidan ketyaptimi-yo‘qligi haqida biron narsa aytishim qiyin. Menimcha u nimalar ro‘y berayotganligi haqida aniq ma’lumot olmayapti. Bir kuni u: "Men internetga ulanmoqchiman, menga kompyuter kerak, o‘rganishim kerak", - deb qoldi. Men unga o‘rgata boshladim. O‘sha kuni buvim meni bir chetga chaqirib: "Kallang ishlaydimi, hamma narsani o‘qib, bilib qolsa nima qilamiz?" - dedi. Kelgusi kuni kelsam, internet kabeli kompyuterdan uzib qo‘yilganligini ko‘rdim. Buvim esa: "Qo‘y, shunday qolsin, internet ishlamayapti degin", - deb uqtirdi.

Mamlakatdagi eng qudratli shaxs Internetga ulanolmaydi, shundaymi? - deb so‘rayman men.

Islom Karimov: Ha, xotini tufayli...

Nabira Islom Karimov xavfsizlik hizmati uni va onasini o‘ldirishga harakat qilganliklarini aytadi.

Islom Karimov: Meni va onamni 2 yil avval zaharlashga uringanlar. Og‘ir metallar bilan. Mening tanamdan olti tur metall qoldig‘ini topishdi. Onamning tanasida esa anchayin ko‘proq edi..

Gulnoraning tarafidan keltirilgan hujjatlar zaharlanish dalillarini ko‘rsatadi va ular mahsus davolanishdan o‘tganlar. Bu hikoyadagi boshqa da’volar singari, bu da’voni ham mustaqil ravishda tasdiqlashning imkoni yo‘q. Lekin O‘zbek Xavfsizlik Xizmati qo‘lida minglab insonlar aziyat chekkanlari haqida sanoqsiz dalillar bor. O‘tgan oyda Hyuman Rayts Uotch o‘zbek qamoqxonlaridagi dahshatli qiynoqlar haqida yangi hisobot chiqardi. Balki Gulnora Karimova o‘zbek qamog‘ida emas, uy hibsida bo‘lgani uning omadi chopganini anglatar?

Islom Karimov: Ba’zilar uy hibsining ruhiy va jismoniy tomonlarini u qadar ham anglab etmaydilar. Albatta o‘zbek qamoqxonalaridagi ahvol dahshatli va jahonning hech qaerida bunday hol ro‘y berishi kerak emas.

Lekin bu ahvolning yillar mobaynida davom etishiga yo‘l qo‘yib bergan bobosiga qaratib nabiraning aytar xitobi mana bunday:

Islom Karimov: Siz bu dasturni ko‘rgan vaqtingiz atrofingizdagi hiylalar miqyosini tushunib etasiz, deb o‘ylayman. Siz bilasizki, biz hech qachon sizga qarshi ish tutmaymiz. Ular aytayotgan ishlarni hech qachon qilmasligimizni ham tushunarsiz. Umidim shuki, siz ahvolni tuzatasiz, bunday qilishga qurbingiz etadi.

Bi-bi-si Jahon Xizmatining 11 noyabr kuni berilgan eshittirishidagi kenja Islom Karimov o‘z suhbatida qilgan da’volari yuzasidan Prezident Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimova Bi-bi-siga quyidagi yozma bayonotini yubordi:

"Ochig‘ini aytaman, ushbu vaziyatda mening nomimga qaratilayotgan yolg‘on ayblovlarni doimiy ravishda rad qilish uchun katta energiya, asab sarflashimga to‘g‘ri kelib, oxir-oqibat esa juda oz, ehtimolki, teskari natijaga erishgan bo‘lardim. Mana shuning uchun ham men matbuotda muntazam ravishda izoh berishni ma’qul ko‘rmayman. Bu shunchaki fantastika janridagi yolg‘ongina emas, balki muayyan vaziyat va mavjud insonlarga ustalik bilan bog‘langan, shafqatsiz va puxta o‘ylangan bo‘hton va ushbu bo‘hton kanchalik xatarli ekanini men yaxshi anglayman. Shu bois ham, vaziyat shuni taqozo etganda, men o‘zimni qonun doirasida muhofaza qilish imkoniyatini o‘z advokatlarimga taqdim etaman. Har qanday tuhmat bizning qalbimizni g‘azablantiradi, dunyoga kelgan kunidanoq sening o‘zing enagalik qilgan, mehr va muhabbat bilan birinchi qadamlarini tashlashga o‘rgatgan odamingning tuhmati esa yanada ko‘proq og‘ir botadi. Men jajji jiyanimni ilk bor o‘z qo‘limga olgan daqiqalarni eslayman. Bu ulkan iliqlik va muhabbatni men hamon o‘z yuragimda saqlayman va Yaratganga duolarimda unga aql-idrok berib, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini so‘rayman".

(Tahririyatdan: Kenja Islom Karimovning Bi-bi-si bilan to‘liqroq suhbati kelgusi kunlarda e’tiboringizga havola etiladi)