AQSh Senati O‘zbekistonga yangi elchini tasdiqladi

Image copyright bbc

AQSh Senati Pamela Spratlen nomzodini Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga tasdiqlagan.

Spratlen xonim 2011 yildan buyon Qo‘shma Shtatlarning Qirg‘izistondagi elchisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Payshanba kuni Senat shuningdek, Amerikaning Toshkentdagi joriy elchisi Jorj Krol nomzodini Qozog‘istondagi elchilik lavozimiga tasdiqlagan.

Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasi Prezident Obama O‘zbekistondagi elchilikka tavsiya qilgan Pamela Spratlen nomzodini shu yilning 18 sentyabr kuni tasdiqlagan edi.

AQSh matbuotining yozishicha, Senatning respublikachilar nazoratiga o‘tishi siyosatchi emas, balki diplomat bo‘lgan nomzodlarning tasdiqlanish jarayonini tezlashtirgan.

Qirg‘iziston matbuoti 60 yoshli Spratlen xonimni shu oy boshida Rossiya bilan aloqalarga doir bayonoti uchun tanqid qilgan.

AQSh elchisi Qirg‘izistonning Rossiya bilan kuchayib borayotgan aloqalari mamlakatdagi demokratiyani xavf ostiga qo‘yishini aytgan edi.

Amerika elchilari Kengashining veb sahifasida chop etilgan maqolasida Spratlen xonim Qirg‘iziston Rossiyaning bosimi ostida AQSh harbiylarini mamlakatdan chiqarib yuborgani, Rossiya etakchiligidagi Ovrosiyo Ittifoqiga a’zo bo‘layotgani hamda Ukrainadagi voqealar yuzasidan Rossiyaning ohangini qabul qilgani haqida yozgan.

Qirg‘iziston va Rossiya matbuoti AQSh elchisini "sovuq urush ohangini qayta jonlantirish"da ayblagan.