O‘zbekiston: qotillar militsiyaga pora bergan

Toshkentda turkum qotilliklarni sodir etgani uchun qamoq jazosini o‘tayotgan juftlik avvalroq qamoqdan chiqish uchun o‘zbek militsiyasiga pora bergani o‘rtaga chiqqan.

Frans-Press agentligining payshanba kuni O‘zbekiston davlat televideniesi namoyish etgan hujjatli filmdan iqtibos keltirishicha, militsiya qotilliklardan ko‘p o‘tmay, Nargiza O‘rozovani hibsga olgan.

Ammo do‘kondor Jamoliddin Qosimov militsiyaga 1500 dollar pora berib, o‘zi bilan birga yashab kelgan O‘rozovani hibsdan olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va shundan so‘ng qotilliklarni davom ettirganliklari va 20 kishini o‘ldirganliklari aytiladi.

Hujjatli filmga ko‘ra, birinchi hibsga olishga aloqador bo‘lgan 4 nafar militsiya xodimlari 13 va 14 yillik qamoq jazolariga mahkum etilgan.

Yana 3 nafar militsiya zobiti qidiruvga berilgan.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarida poraxo‘rlik va qonunsizlikning keng tarqalgani aytiladi.

Huquq faollari bunga qisman militsiya faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonunning yo‘qligini sabab qilib keltirishadi.

'Larzaga solgan'

Poytaxtni larzaga solgan turkum qotilliklar O‘zbekiston tarixidagi eng yirik jinoiy qidiruv va tergov amaliyotlariga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra,tergov jarayonida 60 mingdan ortiq odam so‘roq qilingan.

Aholi orasida vahima uyg‘otgan qotilliklar ortidan mustaqil nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek militsiyasi sha’niga tanqidiy fikrlar aytilgan.

Militsiya jinoyatni ochishga yordam berganlarga pul mukofoti va’da qilgan.

Qosimov va O‘rozova qurbonlariga o‘zlarini ko‘pincha tibbiy muaassasa yoki kommunal xizmat xodimlari deb tanishtirib, xonadonlarga qarshiliksiz kirishga muvaffaq bo‘lganlar.

Ular 2009 -2013 yillar orasida Toshkent shahri va viloyati, shuningdek, Buxoro, Samarqand,Sirdaryo hamda Farg‘ona viloyatlarida ja’mi 186 nafar keksa ayollarga qarshi qotillik, o‘g‘irlik va boshqa og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanganlar.

Mahkumlarga shuningdek, avval ochilmay qolgan 20 ta qotillik bilan bog‘liq ayblov ham qo‘yilgan.

Mahkamada bu qotilliklarning 19 tasiga ularning voyaga etmagan qizi ham jalb etilgani aytilgan.