Dunyoda terroristik hujum qurbonlari keskin oshgan

Image copyright AFP

Xalqaro terrorizmni tadqiq qilgan Global Terrorism Index hisobotiga ko‘ra, 2012-2013 yil orasida dunyoda terroristik hujumlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 61 foizga oshgan.

Shu bilan birga halokatli hujumlar soni 44 foizga ko‘tarilgan, 2013 yilda qariyb 10 ming terakt hodisalari amalga oshirilgan, deyiladi seshanba kuni chiqarilgan Global Terrorism Index hisobotida.

Unda ta‘kidlanishicha, aksariyat hujumlarning mas‘uliyati "Islomiy Davlat", Al-Qoida", "Boko Haram" va "Tolibon" harakati jangarilari zimmasidadir.

2013 yilda terroristik hujumlardan eng ko‘p Iroq aziyat chekkan-qurbonlar soni olti mingdan oshgan.

Bundan tashqari Afg‘oniston, Pokiston, Nigeriya va Suriyada qurbonlar soni o‘ta yuqoriligi keltirilgan.

Umumiy hisobda terrrorlarning 80 foizi ushbu besh davlat hisobiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, Hindiston, Somali, Filippin, Yaman va Tailand keyingi beshtalikka kiritilgan bo‘lib, global terrorizm qurbonlarining 1 dan 2,5 foizi bu mamlakatlarga taaluqli.

2013 yilda butun dunyoda qariyb 18 ming inson terror qurbonlari bo‘lishdi, deyiladi hisobotda.

Mamlakatlarning bunday o‘ziga xos reytingini o‘rganadigan Dunyo va Tinchlik institutining rahbari Stiv Villelining so‘zlariga ko‘ra, 2013 yilda terrorizmning bu tarzda keskin oshishi ko‘p taraflama Suriyadagi fuqarolar urushi bilan izohlanadi.

Terrorizmni qurol qilib olgan yuqoridagi to‘rt guruh ham ekstremistik vahhobiylikka asoslangan diniy mafkuradan foydalanadi.

"Diniy ekstremizmning bu tarzdagi ko‘tarilishiga qarshi turish uchun, Islom olamida mo‘‘tadil sunniy oqimni targ‘ib qilish lozim", deyiladi hisobotda.

Shuningdek, hisobotda ekstremistlarga tashqaridan turib emas, Islom dunyosining ichida ta‘sir o‘tkazish kerak.

Hisobot mualliflari ta‘kidlashicha, diniy mafkura terrorning asosiy sabablaridan biri emas.

"Terrorizmdan xoli ko‘pgina tinch musulmon davlatlari bor, Qatar, Quvayt kabi musulmon davlatlar boshqa ijtimoiy, siyosiy va geopolitik omillarning ta‘sirini namoyon qilib keladi.

"Shuningdek, ko‘p mamlakatlarda terrorizm siyosiy, millatchilik va ayirmachilik harakatlari orqasidan kelib chiqishi kuzatiladi.

Hisobot 2013 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan ma‘lumotlarga tayanib tuzilgan.

"Albatta 2014 yil yakunlari haqida bashorat qilishni xohlamayman, biroq vaziyat qandaydir tarzda yaxshilanishini tasavvur qilish qiyin"- deydi Stiv Killeli.

Azizlar, Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002