Quddusdagi sinagogaga hujum oqibatida to‘rt inson halok bo‘lgan

Isroil rasmiylari xabar qilishicha, pichoq va bolta bilan qurollangan ikki shaxsning Quddus shahridagi sinagogaga hujumida to‘rt kishi halok bo‘lgan, kamida sakkiz kishi yaralangan.

Hujum 18 noyabr kuni ertalab sodir etilgan.

Bu Quddusi Sharifda oxirgi yillarda uyushtirilgan eng halokatli hujum bo‘lgan.

Isroil armiyasi yahudiy ibodatxonasi ichida olingan fotosuratlarni e‘lon qilgan.

Suratlarda sinagoga ichi ag‘dar-to‘ntar bo‘lgani, qonga belanib yotgan yahudiy ibodatchisi jasadini, polda qonlarni ko‘rish mumkin.

Hujumchilarning ikki falastinlik deya gumon qilinayotgani, ulardan biri sharqiy qudduslik ekani haqida xabar tarqatgan Isroil rasmiylari.

“Biz bunga terrorchilik xuruji sifatida qarayapmiz”, deb aytgan politsiya so‘zchisi.

Ushbu hujumga gijgijlashda Isroil Bosh vaziri Benjamin Netanyaxu Falastin Prezidenti Mahmud Abbosni va Hamas harakatini ayblab chiqqan.

Isroil bosh vaziri yahudiy ibodatchilarining o‘ldirilishiga qattiqqo‘llik bilan javob qaytarishga va‘da bergan.

Quddusi Sharifda oxirgi oylarda zo‘ravonliklar kuchaygani kuzatilmoqda.

Quddusi Sharif uch din – yahudiylik, nasroniylik va Islomga e‘tiqod qiluvchilar uchun muqaddas shahar hisoblanadi.

Ushbu dinlarning ibodatxonalari shaharda joylashgan.

Quddus va atrofidagi Falastin hududlarini Isroil bosib olgan, oxirgi paytlardagi zo‘ravonliklar yangi dinlararo nizolarga yetaklashi mumkinligi haqidagi xavotirlarga ham sabab bo‘lmoqda.

Iyul oyida falastinlik o‘smirning yahudiylar tomonidan tiriklayin yoqilgani, yoz oylaridagi G‘azodagi urush ham taranglik kuchayishiga sabab bo‘lgan.

Quddusdagi muqaddas qadamjolar kimga tegishli?

Quddusdagi yirik qadamjolar musulmon va yahudiylar orasida hamon bahs va nizo mavzusi bo‘lib qolmoqda.

Ayniqsa, ham musulmonlar va ham yahudiylar o‘zlari uchun muqaddas sanaydigan Haram ash-Sharif kabi go‘shalar borasida kelishmovchiliklar tugaydigan ko‘rinmaydi.

Qolaversa, Isroil va falastinliklar o‘rtasidagi asosiy siyosiy kelishmovchiliklar ham bir tarafdan ayni shu muqaddas maskanlarni kim nazorat qilishi kerak, degan bahs-munozaraga borib taqaladi.

Masalan, Islom olamidagi uchinchi muqaddas qadamjo bo‘lmish al-Aqsa Masjidi joylashgan Haram ash-Sharifni yahudiylar Ibodat Tepaligi, deb atashadi. Lekin ularning ibodati uchun cheklovlar mavjud.

Har ikki taraf ham o‘z dinida muqaddas sanalgan go‘shaga to‘siqsiz kirishni va u yerlarni nazorat qilishni istar ekan, bu umumiy qadriyatlar taraflarni birlashtirish o‘rniga, ular orasidagi adovatni tobora kuchaytirayotir.

Azizlar, Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002