O‘zbek siyosiy mahbuslari taqdiridan xavotirlar

Human Rights Watch tashkilotining faoliyati O‘zbekistonda taqiqlangan. Mamlakatdagi siyosiy mahbuslar taqdiridan qayg‘urgan xalqaro tashkilotlar kamdan-kam hollarda O‘zbekistonga kirishga ruxsat oladilar. Human Rights Watch inson haqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha guruh rahbari Xьyu Uilьyamson shunday imkonga ega bo‘ldi.

"Mening turmush o‘rtog‘im qamoqqa olinganda, yoshim 38 da edi. Hozir 58ga kirdim", deydi Xolbika Jo‘rayeva. Yig‘i aralash u eri hech qachon ozodlikka tirik chiqarilmasligidan qo‘rqishini aytadi.

Jo‘rayevaning eri Murod Jo‘rayev 1990 yillarning boshida O‘zbekistonda muxolifatchi deputat bo‘lgan. U 1994 yilda bugungi kunda ham prezident Islom Karimov siyosatiga qarshi fikrini bildirgani uchun qamoqqa tashlangan.

Jo‘rayev 2004 yil ozodlikka chiqishi kerak edi, biroq hukumat uning jazo muddatini "turma oshxonasida sabzini noto‘g‘ri artgani uchun" kabi bahonalar bilan to‘rt marta uzaytirgan.

Jo‘rayeva eriga qo‘shib berilgan keyingi muddat 2015 yilda tugashini har safargidek qo‘rquv va umidsizlik bilan kutayotganini so‘zlaydi.

"Agar hukm yana uzaytirilsa, men erimning o‘ligini turmadan olib chiqaman deb qo‘rqaman", deydi Xolbeka Jo‘rayeva 62 yoshli eri og‘ir kasalligi, turmada ko‘plab marta qiynoqlarga tutilishi orqasidan sog‘ligini jiddiy yo‘qotganini aytar ekan.

"Men uni ko‘rgani borganimda har safar qo‘rqib ketaman, u xuddi skeletday bo‘lib qolgan", qo‘shimcha qiladi ayol.

Men Jo‘rayeva bilan xalqaro huquqni himoya qilish guruhi bilan birgalikda Toshkentga- kam sodir bo‘ladigan safarlardan biriga borganda uchrashdim.

O‘zbekiston inson haqlari vaziyati abgor ahvolda bo‘lgan avtoritar davlat, xususan u yerda saylovlar erkin va adolatli o‘tkazilmaydi, norozilik namoyishi qilish huquqi yo‘q, ommaviy axborot vositalari hukumat tomonidan boshqariladi va Internet ham aksariyat hollarda nazorat ostiga olingan va turmalarda doimiy qiynoqlar qo‘llanilishi haqida xabarlar mavjud.

Human Rights Watch kabi guruhlarning mamlakatda ishlashi bir necha yildan buyon taqiqlangan. Shunga qaramay, hukumat rasmiylari bilan Murod Jo‘rayevga o‘xshagan siyosiy mahbuslarning taqdiri bo‘yicha hisobotni muhokama qilish haqidagi so‘rovimiz bu safar rad qilinmadi, menga viza berishdi.

Biroq bizning inson haqlariga doir muammolarni tegishli hukumat rasmiylari bilan uchrashib muhokama qilish va hisobotimizda ko‘rsatilgan siyosiy maxbuslarni turmaga borib ko‘rish iltimosimiz qondirilmadi.

Shu bilan birga, safarimiz mamlakatdagi inson haqlari vaziyati haqida birinchi manbalar, Xolbeka Jo‘rayeva kabi jasoratli va qat‘iy insonlardan ma‘lumot olish imkonini yaratdi.

Ba‘zi siyosiy mahbuslar: Yuqoridan chapdan o‘ngga: A‘zam Farmonov, G‘aybullo Jalilov va Muhammad Bekjonov. Pastdan chapdan o‘ngga: Isroiljon Xoldorova, Murod Jo‘rayev va Dilorom Abduqodirova. Human Rights Watch surati.

Ayni paytda O‘zbekistonda o‘nlab huquq faollari, jurnalistlar, muxolifatchilar va hukumat siyosatidan o‘zgacha fikrlaydigan ko‘plab insonlar qamoqxonalarda o‘tirishibdi. Hisobotlarga ko‘ra, O‘zbek qamoqxonalarida minglab siyosiy va diniy tutqunlar mavjud.

Yelena Urlayeva O‘zbekistonda shunday insonlarning haq-huquqi uchun himoyaga chiqqan kam sonli huquq faollaridan biridir. O‘rta yoshlardagi, sariq sochli bu ayol meni Toshkent chekkasidagi sarishta kvartirasida samimiy kutib oldi. "Ishdagi qiyinchiliklarga qaramasdan, men bunday insonlarga yordam berishga ahd qilganman", deydi u.

"Qiyinchiliklar" juda ham yumshoq qilib aytganda. Hukumat inson huquqlarini mustaqil kuzatilishiga hech qanday toqat qilmaydi va kimki bunga jur‘at qilar ekan, ta‘qib etadi. Jismoniy va elektron kuzatuv odatiy holat hisoblanadi.

Urlayeva bir necha marta hibsga olingan, ruhiy kasallar shifoxonasiga majburan yotqizilgan va u tashkil qilgan tinch namoyishlar paytida militsiya va yollangan ayollar tomonidan kaltaklangan. Ba‘zida militsiya va xavfsizlik xodimlari uning namoyish o‘tkazishini oldindan sezib, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun uyidan chiqarishmaydi.

Urlayeva oz sonli faollardan tarkib topgan Huquqni himoya qilish alyansida ishlaydi. Alyans hukumatning paxta dalasida kattalar va bolalarning majburiy mehnatga olib chiqilishi borasida ko‘p ma‘lumotlar to‘plagan.

O‘zbekiston iqtisodida asosiy o‘rin tutuvchi paxtani yig‘ib olishda har yil kuz oylarida millionlab insonlar og‘ir sharoitlarda majburiy mehnatga jalb qilinadilar. Shu yil ham Urlayeva yetakchiligidagi faollar shifokorlar, maktab o‘qituvchilari va yosh bolalar ham paxtaga majburan olib chiqilgani to‘g‘risida ma‘lumotlarni yiqqanlar. "Ba‘zida kuch ishlatar tizimlardan qochish uchun loy dalalardan o‘rmalab yashirinishimizga to‘g‘ri keladi", hikoya qiladi Urlayeva.

Yaqinda O‘zbekiston hukumati kichik yoshdagi bolalarni dalaga olib chiqmaslik haqida qaror berdi. Bu Urlayeva kabi faollarning harakatiga e‘tibor va AQSh, Ovro‘po Ittifoqi va o‘nlab boshqa xalqaro tashkilotlarning bosimlari natijasi bo‘lishi mumkin.

Ovro‘po Ittifoqi, AQSh va boshqa xalqaro tashkilotlarning inson haqlari bo‘yicha monitoringlari va harakatlari juda muhim, O‘zbekiston bu borada avvalgidek yopiq mamlakat bo‘lib qolayotgan ekan, inson haqlarini yaxshilash borasida sezilarli natijaga erishilmaguncha bosimlar o‘tkazish, xususan qonun buzilishiga mas‘ul amaldorlarga viza cheklovlari, bank hisoblaridagi mablag‘larni muzlatish kabi usullarni qo‘llash zarur.

Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp орқали боғланишни истасангиз телефонимиз:+44 7858 860002