Karimov: Shveytsariyani moliyaviy markaz sifatida ko‘ramiz

Image copyright UzA
Image caption Shveytsariya o‘zbek fuqarolariga tegishli millionlab dollar mablag‘larni muzlatib qo‘ygan

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Shveytsariyaga "xalqaro iqtisodiy va moliyaviy markaz" sifatida qarashlarini aytgan.

Janob Karimov bu haqda 21 noyabr kuni, Shveytsariya Prezidenti va Ovro‘poda xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi Dide Burkxalter bilan muzokaralar chog‘ida gapirgan.

O‘zbekiston rahbarining bayonoti Shveytsariya prokuraturasi o‘zbek fuqarolariga qarshi pul yuvish iddaolarini tekshirayotgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Shveytsariya o‘zbekistonliklarga tegishli bank hisoblaridagi millionlab dollar mablag‘larni muzlatib qo‘ygan.

Shveytsariya Prezidentining janob Karimov va boshqa o‘zbek rasmiylari bilan muzokaralari chog‘ida ayni masalaning ko‘tarilgan yoki ko‘tarilmagani noma‘lum.

"Ishonchli hamkor"

Janob Burkxalter O‘zbekistonga asosan, Ovro‘poda xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi sifatida tashrif buyurgani e‘lon qilingan esa-da, Prezident Karimov bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Shveytsariya munosabatlariga doir masalalar ham muhokama qilingan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, janob Karimov Shveytsariyani "ishonchli hamkor", deb atagan.

Shveytsariya Konfederatsiyasi Prokuraturasi 2012 yilda to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarolarining Shveytsariya banklari orqali pul yuvish amaliyotiga doir jinoyat ishini ochgan.

Jeneva politsiyasi o‘tgan yili BBCga ayni jinoyat ishi doirasida Prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli manzillarda tintuv o‘tkazganini tasdiqlagan.

Image caption Gulnora Karimova Shveytsariyaning eng boy odamlari ro‘yxatiga kiritilgan

Avvalroq Gulnora Karimovaning Londondagi so‘zchisi Karimova xonim o‘ziga qarshi ilgari surilgan moliyaviy ayblovlar yuzasidan Shveytsariya mahkamasida javob berishga hozirligini aytgan edi.

Londondagi 'Davidson, Ryan, Dore' piar shirkatidan Loksli Rayan BBC bilan suhbatda Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisidan hozirda uy hibsida bo‘lgan Gulnora Karimova bilan uchrashishni so‘raganliklarini ma‘lum qilgan.

Shveytsariyada chop etiladigan "Bilan" jurnali Gulnora Karimovani "Shveytsariyaning eng boy 300 odami" ro‘yxatiga kiritgan.

Ro‘yxat mualliflari Karimova xonim o‘z boyliklari manba‘sini ochiqlamaganini aytishgan.

O‘zbekiston mahkamasi Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarni soliq to‘lamaslik va boshqa iqtisodiy jinoyatlarda aybdor deb topib, uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etgan.

Bosh prokuratura O‘zbekistonda Karimova xonim va sheriklarining biznes faoliyati yuzasidan olib borilayotgan tergovning Shveytsariyadagi jinoiy tekshiruvlarga aloqasi yo‘qligini aytgan, ammo bu borada xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilayotganini tasdiqlagan.

Ayrim tahlilchilar O‘zbekiston Bosh prokuraturasining tergovidan maqsad Shveytsariya banklarida muzlatilgan mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarish ekani haqidagi farazlarni ilgari surishgan.

Gulnora Karimovaning O‘zbekistonning o‘zida mahkamaga tortiladimi, yo‘qmi, ma‘lum emas.

Bosh prokuratura hozirgacha uning jinoyat ishidagi maqomi hamda Karimova xonimga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasiga aniqlik kiritmagan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, 21 noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida o‘tgan uchrashuv chog‘ida Shveytsariya elchisi Nikolya Bryul ham hozir bo‘lgan.

Muzokaralar so‘nggida O‘zbekiston va Shveytsariya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangani xabar qilingan.

---------------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002