Rossiya sanktsiyalardan 40 milliard dollar zarar ko‘radi

Image copyright RIA Novosti

Rossiya Moliya vaziri Anton Siluanovning e‘tirof etishicha, G‘arb sanktsiyalari tufayli Rossiya 40 milliard dollar atrofida zarar ko‘radi.

Rossiya iqtisodiyoti shuningdek dunyoda neft narxining tushishidan ham zarar ko‘rmoqda.

Rossiya eksporti asosini tashkil etgan neft narxi shu yil boshidan buyon 30 foizdan ko‘proq arzonlagan.

Moskvadagi BBC muxbirining aytishicha, rus siyosatchilari Rossiya iqtisodiyoti G‘arb sanktsiyalaridan zarar ko‘rmasligi haqida ishonch bildirib kelishayotgan edi.

Ammo, Moliya vaziri Anton Siluanov haqiqiy manzarani oshkor etdi.

Hammasi bo‘lib, deydi u, Rossiya yiliga 140 milliard atrofida zarar yo‘qotmoqda.

O‘tgan hafta oxirida Rossiya Tashqi ishlar vaziri G‘arbni Rossiyada hokimiyatni ag‘darish harakatlarini dastaklashda ayblab chiqdi.

O‘zining so‘nggi intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin neft narxlarinining arzonlashuvi ortida G‘arbdagi "fitnachi kuchlar" turganini aytdi.

Janob Putinning Rossiyada obro‘si mamlakatni iqtisodiy jihatdan rivojlantirishi ortidan ortgandi.

Kreml neft narxining barqarorlashishiga umid qilmoqda.

Ammo janob Putin neft narxining tushishi iqtisodiyotga zarar yetkazsa-da, "halokatli emas", deb aytdi.

Yetakchi G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukraina sharqidagi bo‘hronga nisbatan tutgan siyosatiga javoban shu yil jazo choralarini kiritdi.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh rasmiy Rossiyani Ukraina sharqidagi rossiyaparast bo‘lginchilarni bevosita dastaklashda ayblab, jazo choralarini kiritgan.

Rossiya Ukraina sharqiga muntazam ravishda askar, zamonaviy qurollar va tanklar yuborayotganini iddao qiladi.

Ammo rasmiy Moskva, oylarki, G‘arbning bu da‘volarini rad etib keladi.

G‘arb sanktsiyalariga muvofiq, Rossiyaning davlatga qarashli besh yirik shirkatiga qarz berish to‘xtatilgan.

Shuningdek, ittifoq Rossiyaning neft va harbiy shirkatlari bilan oldi-berdisini cheklagan.

Jazolangan shirkatlar orasida "Rosneft", "Transneft" va "Gazprorm"ning benzin bo‘linmasi ham bor.

---------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002