Totalitarizmni bashorat qilgan yozuvchi

Image copyright ALAMY

Fyodor Dostoyevskiy hali XIX asrdayoq g‘oya haqqi qotillikni oqlaydigan insonlar haqida yozgan edi.

Aynan mana shuning uchun ham jahon adabiyotining bu dahosi har doim dolzarb bo‘lib qolgan- ham XX asrning totalitar tuzumlari paydo bo‘layotgan paytda, va hozirgi terrorizmga qarshi global kurash ketayotgan bizning davrimizda ham, deb hisoblaydi faylasuf va yozuvchi Jon Grey.

Dostoyevskiy g‘oyalar inson hayotini o‘zgartirishga qodir ekanligi haqida yozganida, u nima haqida gapirayotganini yaxshi tushungan.

U 1821 yilda tug‘ilgan va 27 yoshidayoq maqsadi Rossiyada davlat to‘ntarishi bo‘lgan petrashevchilar jamiyatiga bosh suqqan edi. Petrashevchilar frantsuz utopistlarining sotsialistik nazariyalari kuchli ta‘siri ostida edilar.

Bu maxfiy to‘garakning a‘zolari orasida politsiya josusi ham bo‘lib, oqibatda inqilobchilarning g‘oyalari hukumatga oshkor bo‘ladi.

1849 yilning aprelida yozuvchi ko‘pgina petrashevchilar qatori hibsga olinadi va 8 oyni Petrapavlovsk qal‘asi kamerasida o‘tkazadi. Uzoq tekshirishlar natijasida petrashevchilar buzg‘unchilik adabiyotlarini targ‘ib qilishga urinishda aybdor deb topilib, otuvga hukm qilinadilar.

Bu hukm qatag‘on va surgun bilan almashtiriladi, lekin bungacha mahkumlar qatl sahnasining barcha azoblarini boshdan o‘tkazishlariga to‘g‘ri keladi.

1850 yil 22 dekabrda Mixail Petrashevskiy to‘garagining 20 a‘zosi, jumladan ularning orasida bo‘lgan 28 yoshli Fyodor Dostoyevskiy ham Peterburgning Semyonov qatl maydoniga keltiriladi.

Image caption 1880 yilda Sankt-Peterburgda ikki nigilistning qatl marosimi

Sudlanuvchilarga o‘lim hukmi e‘lon qilingach, ruhoniy ularni tavba qilishga da‘vat qiladi. 10 daqiqa davomida mahbuslarning tazarru qilishini kutish samara bermagach, "Qatl etilsin!" buyrug‘i yangraydi.

Biroq oxirgi soniyalarda baraban sadolari gumburlaydi va askarlar qurollarini tushirishadi. Qatl joyiga bostirib kirgan karetadan zobit sakrab tushadi va hammaga podshohning avfini e‘lon qiladi. Shu tariqa o‘lim hukmi surgun bilan almashtiriladi.

Dostoyevskiy to‘rt yil muddatga Omskka surgun qilinadi, so‘ngra 7-Sibir bataloni bilan Semipalatinskka askar etib jo‘natiladi.

1860 yilda Dostoyevskiy Peterburgga qaytadi, biroq unga e‘lon qilinmagan ta‘qib 1870 yillarning o‘rtalarigacha davom etadi.

Surgun davri va harbiy xizmat yozuvchini qattiq o‘zgartiradi. Biroq Dostoyevskiy Rus jamiyatini jiddiy o‘zgartirish lozimligi to‘g‘risidagi qarashlaridan voz kechmaydi. U krepostnoy huquq tizimi ahloqqa butkul zidligiga ishonishda davom etdi va umrining oxirigacha mulkdor yer egalari bo‘lgan aslzodalarga toqat qilolmadi.

Lekin uning o‘zining e‘tiqodi sabab, o‘lim yoqasiga kelib qolgan paytida boshidan o‘tkazgan chuqur iztiroblari zamon va tarixga boshqa ko‘z bilan qarashga turtki bo‘ldi.

Ko‘p yillar o‘tib u o‘sha kundagidek baxtiyor bo‘lmagani haqida yozgan edi.

Inson hayoti, Dostoyevskiy yoshligida o‘ylaganidek, qoloq o‘tmishdan yorqin kelajak tomon harakatlanish emasligini anglab yetgan edi. U har qanday inson vaqtning har bir soniyasida abadiylik chegarasida turishini anglagandi. Ushbu anglab yetish natijasida Dostoyevskiy uni yoshligida shu qadar jalb qilgan rivojlanish mafkurasiga tobora kam ishona boshladi.

Nigilizmga o‘qilgan hukm

U Sibir surgunidan poytaxtga qaytib kelgach, Peterburg ziyolilari orasida tarqalgan g‘oyalarga, ayniqsa, shubha bilan qaray boshladi. Rus ziyolilarining yangi avlodi ovro‘polik faylasuflarning kuchli ta‘siri ostida edilar. Frantsuz materializmi, nemis gumanizmi va ingliz utilitarizmi Rossiyada faqat shu mamlakatga oid "nigilizm" nomini olgan mafkura bilan qorishadi.

Image caption Aktrisa Iv Belton Dostoyevskiyning "Iblislar" asaridagi Mariya obrazida. 1969 yil

Biz nigilistlarga hech narsaga e‘tiqod qilmaydigan insonlar sifatida qarab kelganmiz. Lekin 1860 yillardagi rus nigilistlari butunlay o‘zgacha edilar. Ular telbalarcha fanga e‘tiqod qo‘ygan, hamda o‘tmishda insoniyatni boshqargan diniy va axloqiy an‘nalarni barbod qilishni orzu qilar edilar. Ularning ishonishlaricha, bu yangi, ideal dunyoni qurish uchun muhim hisoblanar edi. Bizning davrimizda ham ulkan sonli odamlar shunga o‘xshash qarashlarga tayanishadi.

Dostoyevskiyning nigilizmga hukmi uning "Iblislar" romanida o‘qiladi. Roman 1872 yilda chop etilishi bilanoq, u tanqidchilar tomonidan pand-nasihatgo‘ylikda ayblanadi.

Shubhasiz, muallif o‘z zamondoshlari berilgan g‘oyalarning halokatli ekanini ko‘rsatishga intildi.

Biroq Dostoyevskiy tomonidan "Iblislar"da hikoya qilingan tarix- bu qora komediya hamdir, o‘zini dono sanagan mutafakkirlarning inqilob qanday oqibatlarga olib kelishini butunlay anglab yetmasdan inqilobiy o‘yinlarni ermak qilishlarini ayovsiz zaxarxandalik bilan tasvirlaydi.

Roman syujetida Dostoyevskiy bu kitobni yozgan paytda sodir bo‘lgan haqiqiy hodisalar tasvirlanadi. 1872 yilda Shvetsariya hukumati talabani o‘limida ayblangan, "Xalq qasosi" jamiyatining asoschisi, nigilist Sergey Nechayevni Rossiyaga topshiradi. "Xalq qasosi"da Nechayev so‘zsiz bo‘ysunishni talab qilgan diktator huquqlaridan foydalangan. U tomonidan yozilgan "Inqilobchi katexizis"ida ta‘kidlanishicha, inqilob uchun har qanday vositadan, qotillik va tovlamachilikdan foydalanish mumkin.

Talaba Ivan Ivanov Sergey Nechayevning inqilobiy tezislarini shubha ostiga oladi va tashkilotdan chiqmoqchi bo‘lganda o‘ldiriladi.

Dostoyevskiy bashorat qilishicha, ozodlik g‘oyalari haqqi ma‘naviyat va axloqiylikdan voz kechish tarix hali bilmagan zulm saltanatiga olib boradi.

"Iblislar" romani qahramonlarining biri tan olishicha, "Men o‘z shaxsiy ma‘lumotlarimga chalg‘ib qoldim va mening xulosalarim dastlabki g‘oyalarimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi bo‘ldi. Chegarasiz ozodlikdan men adoqsiz shafqatsizlikka yuz tutdim".

Bolsheviklar inqilobidan yarim asr o‘tib Rossiyada yuz beradigan voqealarni hech kim Dostoyevskiychalik aniq tasvirlay olmagan. Inqilobchilar rahbari Vladimir Lenin Nechayevni shaxsiy terrorga haddan tashqari mahliyolikda ayblaydi. Lekin uning inqilob ishiga xizmat qiladigan har qanday jinoyatni qilishga tayyorligidan faxrlanadi.

Tashhis

Dostoyevskiy bashorat qilganidek, yangicha erkinlikka erishish uchun insoniylikka zid usullardan foydalanish qatag‘onga olib keldi, bu Chor Rossiyasining namoyishkorona shafqatsizligidan anchayin dahshatli edi.

Image caption Aktyor Jon Simm BBCning "Jinoyat va Jazo" spektaklida Raskolnikov rolida

Dostoyevskiy romani Rossiyadan tashqarida ham dolzarb bo‘lgan ibratli saboqni beradi. "Iblislar"ning inglizchaga dastlabki tarjimasida roman "The Possessed"-"Vasvasalangan" deb atalgan. Bu noaniq tarjima bo‘lsa ham, u Fyodor Dostoyevskiy fikriga ko‘proq yaqin bo‘lishi mumkin.

Yozuvchining inqilobchilarni shafqatsizlarcha tasvirlashiga qaramasdan, xaqiqiy iblislar ular emas, balki ularquliga aylangan g‘oyalari edi.

Dostoyevskiy fikricha, uning rus nigilizmining asosiy qusuri uning xudosizligi edi. Shunga qaramay, uning nuqtai nazariga hamfikr bo‘lish shart emas: u g‘oyalarning iblisona kuchi haqida yozganda Dostoyevskiy insonga xos qusurlardan qochadi.

Dostoyevskiyning o‘zida ksenofobiyaga qorishgan nigilizmning mistik xilma-xilligini aks ettirgan siyosiy qarashlariga ham qo‘shilish shart emas. Dostoyevskiy tomonidan qo‘yilgan tashxis, bu- haqiqiy odamlardan ko‘ra aniqroq g‘oyalar haqida o‘ylash an‘anasidir. Va biz bu kabi axmoqona g‘oyalarga hech qachon sadoqatli bo‘lmaganmiz, deyish xato bo‘lar edi.

Oxirgi o‘n yilliklarda G‘arbning Yaqin Sharqda olib borgan urushlarning ba‘zilari tabiiy boyliklar uchun kurashni aks ettiradi. Lekin bu tarixning bir qismigina, xolos. G‘arbning ketma-ket muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydigan bu mintaqaning ishlariga aralashuvini tushuntirish uchun, Dostoyevskiy yozgan xavfli axloqiy taxayyul- fantaziyalarni avvalo anglab olish muhim.

"Demokratiyaga berilganlar"

Biz demokratiya, inson huquqlari va erkinlik kabi g‘oyalar o‘z-o‘zidan inson hayotini o‘zgartirishga qodir, deb hisoblashga o‘rganganmiz. Biz maqsadi zulmkorlarni ag‘darish hisoblangan tuzumlarni o‘zgartirish loyihalari bilan to‘qnash keldik. Lekin inqilobning bunday eksporti Liviya, Suriya va Iroqda sodir bo‘lgani kabi davlatni parchalab, fuqarolar urushiga olib kelishi hamda anarxiya va zulmning yangi turlarini dunyoga keltirishi mumkin.

Oqibatda biz hozir ko‘rib turgan vaziyat yuzaga keladi. G‘arb bosqinchiligi tufayli hayotda yuzaga kelgan tartibsizlik G‘arb siyosatiga nisbatan ishonchsizlikni paydo qilgan.

Afsuski, bu xavotirlar asossiz emas. Bu mojarolarda qatnashgan G‘arb fuqarolari uylariga qaytgandan so‘ng, bu qarama-qarshiliklar bizning hammamizga ta‘siri bo‘lish ehtimoli juda yuqori.

Biz liberal jamiyat g‘oyalarning toza bo‘lmagan kuchiga nisbatan immunitet hosil qilgan, deb qarashni xohlaymiz. Lekin shu bilan birga, bizning ichimizda o‘z iblislarimiz yo‘q, deb hisoblash o‘z-o‘zini aldash bo‘lardi. Ozodlikning ulkan g‘oyalariga berilib, biz o‘zimiz tushunmagan mamlakatlarda hukumat tuzumlarini o‘zgartirishga urindik. Dostoyevskiy romanlaridagi inqilobchilar singari, biz abstrakt g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish uchun boshqalarni qurbon qildik.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002