Prezident Karimov va Nazarboyevni o‘ylantirayotgan masalalar nima?

Qozog‘iston poytaxti Ostonada Prezident Karimov Prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashganlar.

Prezident Karimov dunyodagi voqealar shiddat bilan rivojlanayotgani uchun hammaslak davlat rahbarlari tez-tez uchrashib turishlari lozim, deb aytgan.

Ikki mamlakat rahbari Rossiyaga nisbatan G‘arb sanktsiyalari ta‘siri sezilayotgan, Rossiya yiliga 100 milliard dollar atrofida zarar ko‘rishi taxmin qilinayotgan paytda uchrashmoqdalar.

Xo‘sh, Prezident Karimov va Prezident Nazarboyev uchrashishlaridan muddaolari nima?

BBC ushbu savolni Moskvadagi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi institutidan Andrey Grozinga berdi.

Andrey Grozin: Mening o‘ylashimcha, asosan mintaqa ichidagi vaziyat haqida suhbatlashishadi. Tabiiyki, Afg‘onistondagi ahvol, Yaqin va O‘rta Sharqdagi hodisalar xavfsizlik nuqtai nazaridan xavotirlarni paydo qilmoqda. Bu muammolarning Markaziy Osiyo respublikalariga ham ko‘chishi tahdidi yuzaga kelgan. Bu ham "Islomiy Davlat" tahdidi, va ham xorijiy yollanma jangarilar - ham Shimoliy Vaziriston va ham butun Afg‘onistonda yoyilgan, asli kelib chiqishi markaziy osiyolik jangarilar muammosidir.

Mintaqaviy xavfsizlikdan tashqari, Prezident Islom Karimov Qozog‘iston rahbari bilan xalqaro vaziyatni ham muhokama qilishi aniq. 1 yildan buyon Ukraina atrofida yuzaga kelgan inqiroz ko‘pchilikni, shu jumladan, Markaziy Osiyo rahbarlarini ham xavotirga solayapti. Rossiya bilan G‘arbning munosabatlari qay darajagacha yomonlashishi mumkin? G‘arbning Rossiyaga nisbatan joriy etgan jazo choralari Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiga naqadar salbiy ta‘sir qiladi? Chunki bu mamlakatlarning Rossiya iqtisodiga bog‘langani hammaga ayon. Ekspertlar qatori mintaqa hokimiyatlari ham ahvol yanada og‘irlashsa, nima qilish kerakligi ustida bosh qotirayapti. Bu mehnat muhojirligi, Rossiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalar va MDH hududidagi iqtisodiy integratsiyaga aloqador masalalardir.

BBC: Ko‘plab tahlilchilar nazarida mintaqa rahbarlari Rossiyaning imperiyachilik kayfiyatlaridan xavotirga tushganlar. Ikki rahbarning muhokama mavzusi mana shu bo‘lishi mumkinmi?

Andrey Grozin: Aslida bunday fikrlar juda bo‘rttirilgan fikrlar. Bunday deyishimning sababi oddiy: Qozog‘iston Ukraina emas. Rasman o‘xshash tomonlari bor: u mamlakatda ham, bu mamlakatda ham aholi orasida rusiyzabonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ikki mamlakat ham Rossiyaga chegaradosh. Ammo Qozog‘iston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi eng yaqin sherigi. Umuman Qozog‘iston ko‘p jihatlarda Rossiya bilan yaqin. Misol uchun men Rossiyaning Qozog‘istonga nisbatan Ukrainaga yuritganidek siyosat qilishini tasavvur qila olmayman. Chunki Ukraina oxirgi 23 yil mobaynida, hokimiyat tepasida qaysi bir prezident bo‘lishidan qat‘i nazar, yo Rossiyaning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirgan yoki Rossiya uchun ko‘pdan-ko‘p muammolarni yuzaga keltirgan. Shuning uchun Rossiyaning Kiyevga nisbatan mana shunday siyosat yuritishiga to‘g‘ri keldi. Qozog‘istonning esa Rossiya bilan munosabatlari hech qachon bunday bo‘lmagan. Qozog‘iston Rossiya uchun muammo paydo qilmagan.

BBC: Kelasi oyda Prezident Putinning Toshkentga borishi e‘lon qilindi. Bu safardan ko‘zlangan maqsad nima bo‘lishi mumkin?

Andrey Grozin: Aynan mana shu tashrif masalasi ham Prezident Karimov va Prezident Nazarboyev uchrashuvidagi muhokama mavzusi ham bo‘lishi mumkin. Ayrim fikrlar bildirilayaptiki, Prezident Karimov Prezident Nazarboyevdan, uning Rossiya bilan yaqinligini inobatga olib, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida vositachi bo‘lishini iltimos qilishi mumkin. Ammo men bu fikrga qo‘shilmayman. Chunki Prezident Karimovning o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremlga u yoki bu masalada u yoki bu fikrini yetkazishi uchun siyosiy vazni ham "og‘ir", ma‘muriy resurslari ham yetarli. Ko‘p narsalar shunga ishora qilayaptiki, Toshkentda "oxirgi 2-3 yildagi bizning tashqi siyosatimiz Kreml tarafidan haddan tashqari g‘arbparast bo‘lib ketdi", deya xavotirga tusha boshlaganlar. Lekin men bu qarashni ham juda jo‘n qarash deb atagan bo‘lardim. Chunki biz mintaqadagi barcha mamlakatlarning ham "turli vektorlik" siyosatini turlicha yuritayotganini ko‘rayapmiz. O‘zbekistonning ham siyosiy mavqei oxirgi 10 yilda bir rossiyaparast, bir g‘arbparast deb talqin qilindi. Aslida Toshkent bugunga kelib g‘arbparast ham bo‘lib qolgani yo‘q. Islom Karimovning siyosatini men "o‘zbekcha", "karimovcha" siyosat deb ta‘riflagan bo‘lardim.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002