HRW: Turkmanistonda o‘nlab insonlar "g‘oyib bo‘lgan"

Image caption Iklimov janoblari yaqinlarini 2002 yildan beri ko‘rgani yo‘q (HRW videosidan)

Xalqaro inson haqlari tashkiloti Human Rights Watch ga ko‘ra, o‘tgan o‘n yildan ortiqroq vaqt davomida Turkmanistonda o‘nlab insonlar noixtiyoriy tarzda g‘oyib bo‘lgan.

Tashkilot yoyinlagan videoda ana shu g‘oyib bo‘lganlarning ayrimlari haqida ma‘lumot beriladi.

Turkmaniston hukumati zudlik bilan bu "yo‘qolgan" insonlarning yaqinlarini ularning taqdiridan ogoh etishlari va tutqunlar bilan ko‘rishishlariga ruxsat berishi kerak, deyiladi videoda.

Bedarak ketganlarning aksariyati 2002 yil, 25 noyabrda sobiq prezident Saparmurod Niyozovning joniga qasd qilish ayblovlari bilan uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etilganlardir.

"Bu sukunat va qatag‘on 12 yildan beri davom etmoqda, Turkmaniston hukumati bedarak ketgan mahkumlarning taqdiri, qolaversa, ularning tirik-o‘likligini ochiq aytadigan vaqt keldi",

deydi tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘limi direktori Reychel Denber.

Videoda sobiq mulozimlardan biri Sapar Iklimov o‘zining uch birodari haqida ular 2002 yil, noyabr oyi hibsga olinganlaridan beri hech narsa eshitmaganidan so‘zlaydi.

Image caption Tatyana Shixmuradova: "Men erimning qayerdaligini bilishim kerak..."

"Men erimning qayerdaligini bilishim kerak", deydi Tatyana Shixmuradova.

U sobiq Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Boris Shixmuradovning rafiqasidir.

Shixmuradov janoblari ham sobiq prezidenti Niyozov joniga qasd qilish harakatiga aloqadorlik ayblari bilan hibsga olingan va 2002 yilda 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Tashkilotga ko‘ra, "g‘oyib" bo‘lganlarning yaqinlariga hukumat hech qanday ma‘lumot bergani yo‘q.

Hech kimga mahkumlar bilan uchrashish va yo ularga xat-xabar yetkazish izni berilmagan.

Turkmaniston dunyodagi eng yopiq mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002