Uyg‘ur domlaning yetti talabasi ham mahkamaga tortildi

Image copyright AP
Image caption Ilhom To‘xti bo‘lginchilikda ayblanib sentyabrda qamaldi

Uyg‘ur olimi Ilhom To‘xtiga aloqador deb ko‘rilgan yetti talaba Xitoyning Shinjon hududida mahkamaga tortilganlari aytiladi.

Janob To‘xti sentyabrda bo‘lginchilik va etnik tanglikni keltirib chiqarishda ayblanib bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgandi.

Universitetning yetti talabasi janob To‘xtiga uyg‘urlar haqidagi websaytni yuritishga yordam berganlikda ayblanadilar.

To‘xtining qamalishini xalqaro inson haqlari tashkilotlari qoralaganlar.

BBCning Pekindagi muxbiri Siliya Hattonning aytishicha, mahkama shunchalar xufyona tarzda o‘tayaptiki, Shinjon mahkamasi jarayon o‘tayotganini tasdiqlashdan bosh tortgan.

Image copyright Getty images
Image caption Faollar Xitoy hukumati uyg‘urlar dini va madaniyatini yo‘q qilayotganini aytishadi

To‘xtining advokati Li Fangpingning BBCga bildirishicha, talabalar Janob To‘xtining hozirda yopib qo‘yilgan Uighur Online websaytiga maqolalar yozganlar. Bu websayt Xitoydagi uyg‘urlar va boshqa etnik guruhlar orasidagi bahsu-munozaralarni rag‘batlantirgan.

Biroq, rasmiy Pekinga ko‘ra, bu websayt Shinjon mustaqilligini targ‘ib qilgan.

Talabalar 5 yildan 15 yilgacha bo‘lgan qamoq jazolariga yuz tutishmoqda.

Yetti talaba o‘tgan yanvarda hibsga olinishlari ortidan g‘oyib bo‘lganlar, biroq keyinroq televideniye orqali paydo bo‘lib o‘z domlalari To‘xtiga qarshi ko‘rsatma berganlar.

Ilhom To‘xti Xitoy hukumatining uyg‘ur ozchiligiga bo‘lgan munosabatini qattiq qoralab kelgan.

Xitoyda bu yil uyg‘urlarning ommaviy hujumlari soni oshgan. Xitoy hukumati bunda, o‘z ta‘birida, xorijdan moliyalangan uyg‘ur ekstremistlarini ayblaydi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002