Turkiyada nasroniylik yo‘qolib bormoqdami?

Image copyright AFP
Image caption Ayo Sofiya 1453 yilda masjidga aylantirilgan edi

Madaniyatlar kesishuviga dunyoda Ayo Sofiya kabi salobatli ramz topilmasa kerak.

Ayo Sofiya deyarli 1000 yil davomida aksari nasroniy bo‘lgan Vizantiya imperiyasi poytaxti Konstantinopolning yuragi edi.

Ammo 1453 yilda shahar Usmoniylar tomonidan ishg‘ol etildi va Ayo Sofiya masjidga aylantirildi.

O‘sha sanadan boshlab, bu yerda nasroniylik tanazzulga yuz tutdi.

Bu tanazzul Usmonli imperiyasi qoldiqlari uzra Turkiya barpo etilishi ortidan yanada tezlashdi.

Shu hafta Papa Frantsisk bir asr ichida nasroniy aholisi 20 foizdan 0,2 foizga tushgan mamlakatga safar qiladi.

"Aholi almashinuvi"

Image caption Yozuvchi Jengiz Aktar Turkiya yunonlarining mamlakatni tark etishlari haqida ko‘rgazma tayyorlagan

"Islom nuqtai nazaridan mintaqadagi hech bir mamlakat, jumladan Eron ham, Turkiya singari gomogen emas," - deydi tarixchi Jengiz Aktar. - "Turkiya musulmon mamlakatidir."

1923 yilda Turkiya Jumhuriyati barpo etilgach, mamlakat, milliy va diniy davomiylikni ta‘minlash maqsadida, qo‘shni Yunoniston bilan "aholi almashdi".

Bir milliondan ziyod yunon Turkiyani tark etishga majbur bo‘ldi, Yunonistondagi 300 mingdan ziyod musulmon aholi esa Turkiyaga joylashtirildi.

Dastlab Istanbuldagi yunon aholisiga tegilmadi, ammo 1955 yilda ularga qarshi uyushtirilgan pogromlar va 1964 yilda ommaviy haydashlar ortidan jamoa butunlay parchalanib ketdi.

Yunonlar bilan birga Pravoslav cherkovi ham deyarli g‘oyib bo‘ldi.

"Aqalliyat g‘ayrimuslimlarning quvg‘inga uchrashi oqibatida ko‘plab mutaxassislar mamlakatni tark etdi, - deydi Istanbulda yunon quvg‘iniga oid ko‘rgazma tashkil qilgan janob Axtar. - Bu shuningdek burjuaziyaning yo‘qolishini anglatardi, chunki yunonlar nafaqat boy, balki mahoratli kosibu tujjorlar ham edi. Istanbul butun boshli nasroniy va yahudiy merosini qo‘ldan boy berdi."

Yashirin xochlar

Image caption Ayo Sofiya bugun sayyohlarning suyukli joylaridan biriga aylangan

Nasroniylik birgina yunonlar quvg‘ini bilan kuchsizlanib qolgani yo‘q.

Turkiyada yunonlardan tashqari yana bir yirik nasroniy jamoati istiqomat qilardi - armanilar.

1915 yilda yuz minglab armanilar deportatsiya qilindi.

Ular yo o‘ldirildi yoki ochlik va kasallikdan halok bo‘lishdi.

Turkiya davlati armanilarga qarshi "qatliom" bo‘lganini rad etib keladi.

Bugun Turkiyada 2 million armani aholisidan faqat 50 ming atrofida qolgan.

Robert Koptas menga Istanbulda haftada bir marta nashr etiluvchi "Agos" gazetasi idorasini ko‘rsatadi.

2007 yilda, "Agos" muharriri Hrant Dink gazeta idorasi tashqarisida turk millatchilari tomonidan halok etildi.

Oradan yetti yil o‘tgan esada, janob Koptasning aytishicha, armanilar jamoasi qo‘rquv ichida yashaydi.

"Bu yerdagi armanilar nasroniy ekanliklarini yashirib yashaydilar," - deydi u.

"Dindor armanilarning aksari o‘z xochlarini ko‘ylaklari ichiga yashirib yuradi. Xochlarini ochiqcha ko‘rsatib, ko‘chada yura olishmaydi, chunki odamlar munosabatidan qo‘rqishadi, - ilova qiladi Robert. - Men turk aholisining hammasi nasroniylikka qarshi demoqchi emasman, ammo millatchilik shunchalar kuchliki, odamlar o‘z fikrini ochiq gapirishga qo‘rqadi."

Bu yerda nasroniy aqalliyatni qo‘rqitgan holat ham shu.

Din bilan yo‘g‘rilgan turk millatchiligi Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Islomga asoslangan 11 yillik hokimiyati davrida yanada kuchaydi.

O‘ldirilgan missionerlar

Image caption Ruhoniy Iyulian Pistaning aytishicha, turk jamiyati islomiylashib bormoqda

Avgust oyida prezident etib saylangan janob Erdo‘g‘an nasroniylarni himoya qilishga qaratilgan harakatlarni ham boshlab berdi.

U bosh vazir ekan nasroniylardan musodara qilingan davlat ko‘chmas mulklarini ularga qaytarish va maktablarda nasroniy sinflariga ruxsat berish haqidagi qonun qabul qilindi.

Ammo janob Erdo‘g‘an tomonidan Islomiy huvviyatga davomli urg‘u berilishi, an‘anador musulmonlar va millatchilarning dastaklanishi nasroniylarga qarshi hissiyotlarni kuchaytirdi.

Turkiyadagi eng kichik nasroniy jamoasi - katoliklar buning ta‘sirini allaqachon his etgan.

Bir necha yil muqaddam katolik missionerlari va ruhoniylarining o‘ldirilishi katolik jamoasini qattiq qo‘rqitib qo‘ydi.

Istanbuldagi katolik cherkovida oz sonli katoliklar ibodatga jam bo‘lishgan.

"Hozirda turk bo‘lish uchun sen musulmon bo‘lishing shart," - deydi ruhoniy Iyulian Pista.

"O‘tmishda, mo‘‘min musulmon insonga past nazar bilan qarashardi. Endi bo‘lsa, jamoat namozlari targ‘ib etiladi. Turkiyada jamiyat islomiylashmoqda. Yaqinda men yoshlarning cherkovga kirib hojatlarini chiqarganliklarini ko‘rdim. Ular "Allohu Akbar', deya qichqirishardi. Men ham Xudoning buyukligiga ishonaman, ammo ular takbirni tahdid ohangida aytishardi."

Islom 1923 yilda barpo etilgan Turkiya dunyoviy jumhuriyatidan ajratib qo‘yildi.

Ammo milliy davlat shakllanishi barobarida din turk milliy huvviyatining bir qismiga aylandi.

Ushbu holat janob Erdo‘g‘an rahbarligi yillarida yanada kuchaydi.

Eski qo‘rquv

Image caption Bartelomey Birinchi "Konstantinopol patriarxi" lavozimiga ega

Istanbulda yangidan yangi masjidlar qurilmoqda.

Ammo shahar yaqinidagi dunyoga mashhur "Xalki" pravoslav diniy maktabi turk millatchilari bosimlari tufayli 1971 yildan buyon yopiqligicha qolmoqda.

Turkiyada qolgan oz sonli yunonlardan biri Fotis Benliso‘yning aytishicha, yunon jamoasi o‘zini siqib qo‘yilgandek his qiladi: "G‘ayrimuslimlarga nisbatan adovat hissi bu yerda yana kuchaymoqda".

"Bunga sabablar ko‘p: hukumat siyosati, misol uchun. Prezident va bosh vazir sunniy huvviyati haqida tobora an‘anador iqtiboslarni qo‘llay boshlashgan, g‘ayrimusulmon jamoalariga nisbatan tahqirlovchi so‘zlar hukumat a‘zolari og‘izdan yangramoqda, Turkiyaning IShID bilan aloqalari haqida ham juda ko‘p gap-so‘zlar yuribdi. Bularning bari bizni qochish strategiyasi haqida o‘ylashga undaydi."

Istanbuldagi Panagiya yunon pravoslav cherkovida o‘tayotgan jamaot ibodatiga "Konstantinopol patriarxi" Bartelomey Birinchi yetakchilik qilmoqda.

"Konstantinopol patriarxi" lavozimi hamon saqlab qolingan.

Bu mamlakat merosini, shuningdek, bu yerda nasroniy jamoasi hamon mavjudligini esga solib turadi.

Zamonaviy Turkiya o‘z huvviyatini barpo etar ekan, bir savol kun tartibidan hamon olib tashlanmagan: u tom ma‘noda diniy erkinlikni qamrab oladimi yoki millatchilik girdobiga botadimi?

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002