Alisher Usmonovning so‘zlariga Venger nima deydi?

Image copyright AFP

Asli o‘zbekistonlik milliarder o‘zi hamsohiblik qiluvchi Londonning "Arsenal" jamoasi Bosh murabbiyi tanqidni ko‘tara olmasligini aytarkan, qizillar raqobatbardosh emasliklarini ham ta‘kidlagan.

Alisher Usmonov bu haqda Amerikaning CNBC biznes yangiliklar kanaliga bergan suhbatida bayon qilgan.

Janob Usmonovning fikriga ko‘ra, "Arsenal" barcha jabhada o‘z mavqeini mustahkamlashi zarur.

Qizillar Bosh murabbiyi Arsen Venger esa, Alisher Usmonov so‘zlariga hazil aralash javob qaytargan.

U, "ortiq bo‘hron nimaligini anglamay qolibdi", - derkan, o‘zining klubdagi 18 yillik tajribasini misol qilib keltirgan.

"Jamoadagi 18 yillik ish faoliyatim tanqidni ko‘tara olishimni ko‘rsatgan" va "bu klub joriy mavsumda juda kuchli futbol namoyish etadi", - deya ta‘kidlagan Arsen Venger.

Xuddi shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, ayni shu gap-so‘zlar ortidan, kecha chorshanba kuni o‘z maydonida Dortmundning "Borussiya" jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etgan "Arsenal" muddatidan ilgari bu yilgi Ovro‘po Chempionlar ligasining kimchorak finaliga chiqdi.

Javob

Image copyright BBC World Service

Xuddi shu o‘yin arafasida yana bir bor janob Usmonov tanqidlariga qaytarkan, Arsen Venger esa, "har bir kishi o‘z fikriga ega bo‘lishga haqli ekani, ammo shuning barobarida, klub o‘z qadriyatlariga ega ekani"ni ta‘kidlagan.

Asli frantsiyalik Bosh murabbiy, o‘z o‘rnida, klub hamsohibining izohlarini ko‘ngliga yaqin olmasligini ham aytgan.

"Bu – bir fikr. Men uni hurmat qilaman. Biroq, qachonki, siz shu jamoadan bo‘lsangiz, shu klubniki sanalasiz. Siz bir vaqtning o‘zida ham unda va ham undan tashqarida bo‘la olmaysiz". "Eng muhimi – jamoaning o‘zida qanchalik ahil ekanimiz va o‘yinimiz sifatini savol ostiga olgan insonlarga qay darajada javob bera olishimizda".

"Shaxsan men jamoa juda inoq, degan fikrdaman. Klub va jamoa joriy mavsumda juda kuchli o‘yin namoyish etadi", - deb aytgan Bosh murabbiy.

Arsen Vengerning ta‘kidlashicha, "qilayotgan ishi, ayniqsa, shogirdlari, ularning o‘yini va kayfiyatiga ishonadi".

"Men har kuni qilgan ishim yuzasidan o‘zim-o‘zimga hisob beraman va umid qilamanki, siz ham xuddi shunday qilasiz", - deya gapiga yakun yasagan janob Venger.

Ammo, tan olish kerak, jamoaning Angliya milliy chempionatida qayd etib turgan natijasi, hozircha, havas qilgulik emas.

Ketma-ket mag‘lubiyati ortidan, "Arsenal" 12 o‘yindan bor-yo‘g‘i 17 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida 8-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tish joiz, Alisher Usmonov "Arsenal" futbol klubi hissalarining 30 foiziga egalik qiladi.

Ammo...

Image copyright Getty

Asli o‘zbekistonlik milliarder va Rossiyaning "eng boy odami" yaqindagina, ya‘ni shu yilning avgust oyida Britaniyaning "Daily Telegraph" nashriga bergan suhbatida qizillarning Angliya va Ovro‘po futbolida peshqadamlar safidan joy olajagini aytgandi.

"Arsenal"ning istiqboli yaxshi va qo‘shimcha mablag‘ga muhtoj emas"ligini ta‘kidlagandi.

Ammo "Arsenal"ning ikkinchi yirik hissadori bo‘lmish janob Usmonov ikki yil burun klub boshqaruv kengashiga ochiq maktub yo‘llagan, rahbariyatni klubdagi yaxshi o‘yinchilarni ketib qolishiga sabab bo‘layotgan siyosati uchun keskin tanqid qilgandi.

Alisher Usmonov Red & White Holdings sarmoya shirkati vositasida "Arsenal" klubi hissalarini boshqaradi.

U bundan oldin ham klubdagi aktsiyalari sonini ko‘paytirish istagida ekanini aytgan, biroq "Arsenal"ning qariyb 65 foizlik hissalariga egalik qiladigan Sten Kreyoke o‘z aktsiyalarini sotmoqchi emas.

Ta‘kidlash joiz, janob Usmonov bundan oldin ham "Arsenal" rahbariyatini tanqid qilgan.

U jamoaning Angliya premerligasidagi muvaffaqiyatsizliklari uchun klubning direktorlar kengashini ayblagandi.

O‘shanda Britaniyada chiqadigan News of the World ro‘znomasiga bergan intervyusida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov "Arsenal"ning direktorlar kengashi a‘zolari ko‘proq o‘z manfaatlarini himoya qilish bilan ovora ekanini aytgan.

Alisher Usmonov

Image copyright Getty

Shu yil boshida AQShda chop etiluvchi nufuzli Forbes jurnali Alisher Usmonovni Rossiyada boylarning boyi, deb topgandi.

Forbes janob Usmonovning boyligini $18.6 milliard dollar, deb baholagandi.

Shuncha boyligi bilan Alisher Usmonov dunyo milliarderlari orasida 40-o‘rinni egallagandi.

Buning ortidan, Sunday Times nashri ham asli o‘zbekistonlik milliarderni Britaniyaning ikkita eng boy odamidan bittasi, deb topgandi.

London tashqarisidagi Sarrey tumanida yashovchi 60 yoshli tadbirkor "Arsenal" futbol klubining 30 foiz hissalari va Rossiyaning "Metalloinvest" temir ishlab chiqarish shirkatiga egalik qiladi. O‘tgan yili Amerikaning yana bir obro‘li "Blumberg Markets" jurnali Alisher Usmonovni dunyo biznesidagi eng ta‘sirli 50 shaxs ro‘yxatiga ham kiritgandi.

Namangan viloyatining Chust shahrida prokuror oilasida tug‘ilgan milliarder hozir neft magnati Jey Pol Gettining Sarreydagi sobiq saroyi Satton Pleys va London shimolidagi 48 million funtlik uyga egalik qilishi aytiladi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002