Moskvada ishlash patenti uch baravarga qimmatladi

Moskva shahar Dumasi ma‘qullagan qonunga ko‘ra, xorijiy mehnat muhojirlari to‘laydigan patent midori 3.2 foizga ko‘paytirildi.

Bundan buyon Moskvada xorij fuqarolari uchun belgilangan avans to‘lovi bir oyga 4 ming rublni (taxminan 85 AQSh dollari) tashkil etishi kerak.

Hozirga qadar ushbu to‘lov 1216 rublni (taxminan 26 AQSh dollar) tashkil etayotgandi.

Moskva Davlat dumasi web sahifasida nashr etilgan xabarga ko‘ra, payshanba kuni "Moskva hududida mehnat bozorining mintaqaviy xususiyatlarini aks ettiruvchi koeffitsentni aniqlash" haqidagi qonun ma‘qullandi.

Ushbu qonunga ko‘ra, 2015 yil 1-yanvaridan boshlab, Rossiya viza talab qilmaydigan mamlakatlardan kelgan mehnat muhojirlari, jumladan Markaziy Osiyolikliklar, bir oyga to‘rt ming so‘m patent to‘lagandan keyingina ishlash huquqiga ega bo‘lishadi.

Patent muddati bir oydan bir yilgacha bo‘ladi.

Bundan tashqari xorij davlat fuqarolari rus tili bo‘yicha imtihon topshirishlari va tibbiy sug‘urta sotib olishlari zarur.

Moskva rasmiylari hisob-kitobiga ko‘ra, yangi tartib joriy etilgach, Rossiya poytaxti byudjeti taxminan 12 mlrd rubl, ya‘ni chorak milliard dollardan ko‘proq daromad ko‘rishi mumkin.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, bundan buyon muhojirlarga Moskvada ishlash yiliga taxminan ikki ming dollarga tushadi.

Kuzatuvchilar yangi qonun kuchga kirishi bilan "noqonuniy muhojirlar" soni ortishini bashorat qilishmoqda.

Qonun kuchga kirishidan ikki kun muqaddam prezident Vladimir Putin muhojirlar haqidagi qonunlar isloh etilishini ma‘lum qilgandi.

Rossiya Federal Migratsiya Xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, shu yilning iyun oyida Rossiyada o‘n bir milliondan ziyod xorij fuqarosi bo‘lgan.

Rossiyaga kelib ishlayotgan xorijliklar adadi bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda turadi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan ikki yarim million odam Rossiyada mehnat qilmoqda.

Birgina Moskvaning o‘zida bir milliondan ziyod xorij fuqarosi ishlaydi.

Shu yil boshi kuchga kirgan tartibga ko‘ra, xorij fuqarolarining Rossiyada turish muddati 90 kundan oshmasligi kerak.

Ushbu tartibni buzgan xorij fuqarolari Rossiyadan deportatsiya qilinadi va ularning mamlakatga qaytib kirishi besh yilga taqiqlanadi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002