Afg‘onistonda hudkush hujumchi dafn marosimini nishonga olgan

Image copyright

Afg‘onistonning Bag‘lon viloyatida hudkushlik hujumi natijasida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, yigirmaga yaqin inson yaralangan.

Qurbonlarning aksariyati tinch fuqarolardir.

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, hodisa Burqa tumanida dafn marosimi o‘tayotgan paytda sodir etilgan.

Burqa tumani hokimi Toj Muhammad Taqva va bir qancha mahalliy mulozimlar dafn marosimida qatnashayotgan bo‘lganlar.

Dafn marosimi tugab, rasmiylar 100 metrcha yurganlarida portlash ovozi eshitilgan.

Tuman politsiya rahbarining BBCga aytishicha, hujumchi o‘zlarini nishonga olgan bo‘lishi mumkin. "Baxtli tasodif bilan biz omon qoldik, lekin begunoh ko‘p fuqarolar nobud bo‘lishdi", deb aytgan u.

Dafn marosimiga mingga yaqin kishi yig‘ilgan.

Hujum uchun mas‘uliyatni hozircha hech bir guruh o‘z zimmasiga olmagan.

Afg‘onistondan xorijiy kuchlarning chiqib ketishga hozirligi oldidan oxirgi haftalarda poytaxt Kobulda ham jangarilarning qator hujumlari yuz bergan.

Yakshanba kuni prezident Ashraf G‘ani NATOning 12 mingga yaqin harbiylarining Afg‘onistonda qolishi to‘g‘risidagi kelishuvni tasdiqlagan.

Image copyright Getty

Shanba kuni toliblar Kobuldagi insonparvarlik tashkiloti joylashgan mehmonxonani nishonga olganlar.

Portlashda Janubiy Afrika fuqarosi bo‘lgan tashkilot rahbari va uning ikki farzandi nobud bo‘lgan.

Ushbu hodisadan so‘ng Kobul politsiya rahbari Zohir Zohir iste‘fo bergan edi.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002