Ravshan Ermatov beshinchi bor "Osiyoning eng zo‘r hakami" deb topildi

Image copyright www.uff.com
Image caption Ravshan Irmatov vatanida

O‘zbekistonlik taniqli FIFA referisi bundan avval 2008, 2009, 2010, 2011 yillarda ketma-ket to‘rt marotaba ushbu sharafga noyil, deb topilgandi.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tasnifidagi yil laureatlarini taqdirlash marosimi 30 noyabr kuni Filippin poytaxti Manila shahrida bo‘lib o‘tdi.

Xuddi shu kuni tashkilot o‘zining 60 yillik yubileyini ham nishonladi.

"Osiyoning eng zo‘r hakami" maqomiga bu yil Ravshan Ermatovdan tashqari eronlik hakam Muhammad Alireza Fagxani va bahraynlik Navaf Abdulla Xayat Shukrallalar ham da‘vogarlik qilishgandi.

O‘zbekistonlik nomdor hakamga mukofotni Osiyo Futbol Konfederatsiyasi vitse-prezidenti Dato Voravi Makudi topshirgan.

Buning ortidan so‘z olgan Ravshan Ermatov, "mukofot yolg‘iz o‘zi emas, ustodlari, yo‘riqchilari, hamkasblari, yordamchilari, kimki o‘zini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, ular barchasiniki" ekanini aytgan.

"Hakamning to‘g‘ri qarori futbolni yanada chiroyli va jozibali qiladi. Xuddi shu boisdan ham, bugun hakamlarning tutgan o‘rni juda muhim", - deb ta‘kidlagan o‘zbekistonlik hakam.

Ravshan Ermatov shundoq ham jahonning eng nomdor hakamlaridan biri sanaladi.

U futbol bo‘yicha so‘nggi ikki jahon chempionatida boshqargan ja‘mi (9 ta) uchrashuvlarining soni bo‘yicha shu yil yozida Braziliyada o‘ziga xos jahon rekordi ham o‘rnatgan.

Ravshan Ermatov jahon chempionatlaridan tashqari, London Yozgi Olimpiada O‘yinlari, Konfederatsiya Kubogi, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi musobaqalari va Osiyo Chempionlar ligasi final uchrashuvlarini boshqargan.

Yaqinda esa, Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti Ravshan Ermatovni "Faxriy professor"lik unvoni bilan ham taqdirladi.

Ravshan Ermatov "El-yurt hurmati" ordeni va "O‘zbekiston iftixori" faxriy nishoni sohibi ham sanaladi.

Butun sobiq Sho‘ro davlatlari nazarda tutilganda, Ravshan Ermatov Hindiston tarixida bu yil ilk bor yo‘lga qo‘yilgan Superligaga taklif etilgan hozircha yagona hakam ham bo‘ladi.

O‘zbekistonlik nomdor hakam tez orada futbol bo‘yicha 2015 yilgi Osiyo Kubogida ishlash uchun Avstraliyaga jo‘nab ketadi.

Qolgan nominatsiyalarda esa:

"Osiyo olmosi" — Yaponiya Futbol Uyushmasi sobiq prezidenti Junji Ogura.

"Osiyo orzusi" — Qatar Futbol Uyushmasi.

Eng yaxshi futbol uyushmasi — turli yo‘nalishlarda Yaponiya, Shimoliy Koreya va Qirg‘iziston futbol federatsiyalari.

Eng yaxshi terma jamoa — Falastin.

"Fair Play" (Halol o‘yin) — Koreya Futbol assotsiatsiyasi.

Bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish bo‘yicha OFK Prezidentining maxsus sovrini - Hindiston, Filippin va Tojikiston.

Yilning eng yaxshi hakami (erkaklar) - Ravshan Ermatov (O‘zbekiston)

Yilning eng yaxshi hakami (ayollar) - Rita Gani (Malayziya)

Yilning eng yaxshi murabbiyi (erkaklar) - Toni Popovich ("Vestern Sidney Uondererz", Avstraliya)

Yilning eng yaxshi ayol murabbiyi - Asako Takemoto (Yaponiya)

Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi - Katrina Li Gorri (Avstraliya)

Yilning eng yaxshi futbolchisi (erkaklar) - Nosir Al Shamroniy ("Al Hilol", Saudiya Arabistoni)

Xorijda to‘p surayotgan eng yaxshi osiyolik o‘yinchi - Mayl Yyedinak (Avstraliya, "Kristal Pelas")

Osiyoda to‘p surayotgan eng yaxshi xorijlik o‘yinchi - (Asamoa Gyan, "Al Ayn")

Yilning eng yaxshi futbol klubi – "Vestern Sidney Uondererz" (Avstraliya)

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002