Muhammad Britaniyada eng mashhur ism

Image copyright AFP

BabyCentre portali e‘lon qilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Muhammad ismi 2014 yilda Britaniyada yangi tug‘ilgan bolalar uchun tanlangan eng mashhur ismga aylangan.

2013 yilda o‘tkazilgan so‘rovlar ham Muhammad Britaniyada eng ko‘p qo‘yilayotgan o‘g‘il bola ismi ekanini ko‘rsatgan edi.

Muhammad dunyodagi eng mashhur ismlardan biri bo‘lib, aksariyat musulmon oilalar o‘g‘il farzandlarini Islom payg‘ambariga hurmat ma‘nosida uning ismi bilan atashni xohlashadi.

Ommaviy so‘rov o‘tkazgan mutaxassislar oxirgi yillarda musulmon bo‘lmagan oilalarda ham arab ismlarining nufuzi oshib borayotganini qayd etganlar.

Oliver ismi bu yil ikkinchi o‘ringa tushgan. O‘g‘il bolalar uchun ommabop Jek ismi Britaniyada uchinchi o‘rinda ekan.

Shuningdek, Umar, Ali, Ibrohim ismlari ham eng mashhur 100 ismlar qatorida.

Qizaloqlar uchun bu yil eng ko‘p Sofiya ismi tanlanibdi. Mutaxassislar shu qatorda Maryam, Nur kabi arabcha ismlar mashhurligi oshib borayotganini ta‘kidlaganlar.

O‘tgan yili sakkiz mingdan ortiq chaqaloq Muhammad ismini olgan.

O‘tkazilgan tadqiqotlarga qaraganda, hozirgi kunda Muhammad ismini olgan insonlar soni qariyb 200 millionga yetgan.

O‘zbekistonda ham Muhammad ismi avvaldan mashhur, shu bilan birga chaqaloqlarga Umar, Abdulloh, Ibrohim, Maryam, Oysha kabi diniy ismlarni qo‘yish keng urfga kirib bormoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02