Moldova "Ovro‘po Ittifoqi va Rossiya o‘rtasida tanlov" qilmoqda

Image copyright REUTERS

Moldovaliklar Ovro‘po Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi tanlov deb ko‘rilayotgan parlament saylovlarida ovoz bermoqdalar.

Yaqin kunlarda o‘tkazilgan ommaviy fikr so‘rovi Ovro‘po Ittifoqi bilan yaqinlashish tarafdori bo‘lgan partiyalarga ko‘proq ovoz berilishini bashorat qilgan.

Saylov arafasida Rossiyaparast bir partiya saylovda ishtirok etishdan chetlatilganini rasmiy Moskva qoraladi.

Ukrainadagi qonli mojaro soyasida Moldovadagi saylov alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Ukraina kabi Ovro‘po Ittifoqi bilan yaqinroq savdo aloqalariga imzo chekkan Moldova ham Rossiyaning tobora ko‘p bosimiga uchramoqda.

Moldovaning 101 o‘rinli parlamentiga 2.7 million saylovchi ovoz beradi.

Biroq, Rossiya dastagi ostidagi bo‘lginchi Pridnestrove saylovda ishtirok etmayapti.

Moldova Bosh Vaziri Yuriye Lyanke o‘z davlati 2017 yilga kelib Ovro‘po Ittifoqiga nomzodlikni qo‘lga kiritishi va 2020 yilga borib to‘laqonli a‘zo bo‘lib kirishini istaydi.

Uning koalitsion sherigi - Demokratik partiya ham mo‘‘tadil Ovro‘poparastdir.

Eng ashaddiy Ovro‘po va NATO tarafdori bo‘lgan Liberallar partiyasi o‘tgan yili hukmron koalitsiyadan chiqib, muxolifat tuzganlar.

Ommaviy fikr so‘rovlari uchta G‘arbparast partiya 43% ovozni olishini bashorat qilmoqda.

Sovet davridan qolgan Kommunistlar partiyasi va hamda yana bir Rossiyaparast Sotsialistlar partiyasi xalq orasidagi targ‘ibotni kuchaytirish, xususan Rossiya pop yulduzlari kontsertlarini tashkil qilish yordamida o‘zlariga bo‘lgan dastakni oshirganlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002