Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Anqaraga bordi

Image copyright Getty

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rasmiy safar bilan bugun Anqaraga tashrif buyurgan.

Ikki tomonlama muzokaralar mobaynida Suriya va Ukraina borasidagi kelishmovchiliklarga qaramay, asosan iqtisodiy hamkorlik masalalariga e‘tibor qaratishga harakat qilinishi aytilmoqda.

Turkiya Rossiyaning ikkinchi yirik savdo hamkoridir va Turkiya Rossiya gazining yirik xaridori, ikki mamlakat o‘zaro savdoni uch baravar oshirish niyatida. Ammo siyosiy masaalarda anchayin kelishmovchiliklar bor.

Bular, xususan, Suriya va Qrimning Rossiya tomonidan anneksiya qilinganiga bog‘liq. Putinning tashrifi oldidan Anqaraga Qrim tatarlar rahbarlari Jemilev va Chubarov boshchiligidagi delegatsiya Erdo‘g‘on bilan uchrashgan. Janob Erdo‘g‘on Putin bilan uchrashuvda qrim tatarlar masalasini ko‘tarishga va‘da bergan.

Janob Putin Anqarada Rajab Toyib Erdo‘g‘on bilan Rossiya-Turkiya hamkorlik kengashining beshinchi yig‘ilishini o‘tkazadi. Janob Erdo‘g‘on prezident sifatida birinchi bor kengashga raisdoshlik qiladi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi albatta savdo-iqtisodiy aloqalar, xususan Rossiya gazi ta‘minoti bo‘lishi kutiladi.

Turkiya Olmoniyadan keyin Rossiya gazi eng ko‘p eksport qilinadigan ikkinchi mamlakat hisoblanadi. Rossiya tashqi savdosida Turkiya yettinchi o‘rinni egallaydi.

2013 yilda tovar ayirboshlash 33 milliardni tashkil qilgan. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, o‘tgan 10 oy ichida bu ko‘rsatkich yarim foizga oshgan.

2013 yilda "Gazprom" Turkiyaga 26,7 mlrd kubometr gaz yetkazib bergan. AQSh va Ovro‘po davlatlari tomonidan Rossiyaga Ukrainadagi siyosati sababli bosim kuchayar ekan, Putin Turkiyadan yaqin hamkor sifatida dastak kutishi tayin.

Janob Putin o‘zining tashrifi oldidan Anadolu agentligiga bergan intervyusida, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni kelajakda 100 milliard dollargacha yetkazish mumkinligini aytgan. Putin shuningdek Turkiyaning Rossiyaga qarshi sanktsiyalarga qo‘shilmaganini e‘tirof etar ekan, bu Turkiya qishloq xo‘jalik mahsulotlari uchun Rossiya bozoriga ko‘proq kirib borishiga imkon yaratadi, deya ta‘kidlagan.

Turkiya ham Ukrainadagi vaziyat bois Ovro‘po Ittifoqining Rossiyaga sanktsiyalari va unga javoban Moskvaning Ovro‘podan import mahsulotlarni cheklashi manzarasida o‘z mahsulotlari eksporti miqdorini ushbu mamlakatga oshirishdan manfaatdor va neft narxining tushirilishidan umid qiladi.

Shuningdek, tomonlar Suriyadagi vaziyatni alohida muhokama etishlari kerak.

Biroq ikki mamlakatning Suriya bo‘yicha tutgan mavqei jiddiy farq qilishi ma‘lum. Anqara Bashar Assad rejimi almashishi tarafdori, Rossiya esa rasmiy Damashq tutgan siyosatni quvvatlayotgan sanoqli davlatlardan biri. Oldinroq Moskva Suriya hukumati va muxolifat o‘rtasida siyosiy muloqotni tiklashda vositachilikni taklif qilgan.

Suriya hukumati bundan oldin Anqarani Turkiya hududida jangarilarni tayyorlash jamlog‘lariga yordam berayotganlikda ayblagan. Putin va Erdo‘g‘on uchrashuvida Suriya hukumati aytgan jangarilar jamlog‘lari, Islomiy davlatning mintaqaga xatari ham muhokama qilinadi.

Ushakovning jurnalistlarga bildirishicha, ayni paytda turli sohaga taaluqli 10 ga yaqin hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Ular orasida energetikaga, Turkiyada qurilayotgan birinchi atom elektr stantsiyasiga oid hujjatlar, shuningdek, ikki tomonlama huquqiy yordam va ekstraditsiya borasidagi kelishuvlar bor.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002