BBC mehmoni - Rossiyadagi muhojirlar faoli Maxsud Abdujabbarov

BBC mehmoni - Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi muhojirlar ta‘lim markazining rahbari, "Yoshlar" Umumrossiya harakatining raisi Maxsud Abdujabbarov.

Maxsud Abdujabbarov joriy yilning 13 avgustida Rossiyada g‘oyib bo‘lgandi. Uning taqdiridan xavotir olgan yaqinlari va hamkasblari na Rossiya, yo na O‘zbekiston hukumatidan izoh ola olganlar.

Ko‘p o‘tmay asli samarqandlik janob Abdujabborov O‘zbekistonga deportatsiya qilingani ma‘lum bo‘lgan.

Faolning g‘oyib bo‘lishiga uning O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga Moskvadagi o‘zbek elchixonasining abgor ish yuritish usullarini qoralab yozgan ochiq maktubi sabab bo‘lgani aytilgan.

Uning ochiq maktubida Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari "o‘zbekning g‘ururi, qadri va huquqlari"ni himoya qilishdan bosh tortayotgani yozilgandi.

Maxsud Abdujabbarov mehnat muhojirlariga to‘siq bo‘layotgan qator qonunbuzarliklarni yoritib keladi.

U, jumladan, Krasnoye selo shahridagi xorijiy fuqarolar vaqtincha saqlanuvchi markazda o‘zbekistonliklar oylab qolib ketayotgani va O‘zbekistonga qaytish uchun sertifikatlarni ola olmayotganlarini fosh qilgan.

Uning da‘vo qilishicha, O‘zbekistonga qaytish sertifikatini berish O‘zbekiston elchixonasidagi konsullik xodimlariga mo‘may daromad olib keladigan biznesdir.

Maxsud Abdujabbarov mustaqil tarzda Rossiyada halok bo‘layotgan o‘zbekistonliklar ro‘yxatini tuzgan va oxirgi 4 yil ichida 48 ming muhojir turli sabablar, masalan urush-janjallar va qurilish joylaridagi baxtsiz hodisalar oqibatida nobud bo‘lganlarini aniqlagan.

Uning aytishicha, bugungi kunda muhojirlar qarshisida turgan eng yirik muammolardan biri patent borasidagi yangi qonundir. Ushbu qonunga ko‘ra, 2015 yildan boshlab, Rossiya viza talab qilmaydigan mamlakatlardan kelgan mehnat muhojirlari, jumladan Markaziy Osiyolikliklar, bir oyga to‘rt ming so‘m patent to‘lagandan keyingina ishlash huquqiga ega bo‘lishadi.

U, shuningdek, muhojirlar orasida bomjlar, ya‘ni ko‘chalarda kun ko‘rayotgan o‘zbekistonliklar va pedofillar soni oshib borayotgani xavotirli hol ekanini aytadi.

Maxsud Abdujabbarov muhojirlar muammolari borasidagi savollaringizga javob beradi. Unga savol yo‘llash uchun matn ostidagi maxsus formani to‘ldiring yoki uzbek@bbc.co.uk adresiga maktub yo‘llang. Facebookdagi sahifamizda ham o‘z savolingizni qoldirishingiz mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer