"O‘zbek saylovlariga cheklangan missiya mos tushadi"

Image copyright BBCUZBEK

O‘zbekistonda 21 dekabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari va saylovoldi jarayonni kuzatish uchun Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining kuzatuv missiyasi Toshkentga yetib borgan.

Biroq, bu cheklangan sondagi kuzatuvchilar guruhi bo‘lib, ular atigi 20 kishi bo‘ladi. Tashkilot O‘zbekistonda siyosiy raqobatning cheklangan bo‘lgani uchun, shunga xos cheklangan guruhni yuborganini aytmoqda.

BBC Tashkilotning demokratik institutlar va inson haqlari instituti matbuot voizi Reychel Bendingdan cheklangan guruh yo‘llanishini asoslab berishni so‘radi.

Reychel Bending: Biz O‘zbekistonga cheklangan kuzatuvchilar missiyasini jo‘natayapmiz. 28 oktyabrdan 30 oktyabrgacha O‘zbekistondagi kuzatuv zaruratini o‘rganib chiqdik va ana shu tadqiqot asosida bu qarorga kelindi. Bunga O‘zbekistondagi vaziyat asos bo‘lmoqda. Biz mahalliy ishtirokchilar bilan munozaralar asosida shu qarorga keldik va O‘zbekiston parlament saylovlaridagi raqobat "cheklangan" tabiatga ega bo‘lgani uchun, hamda O‘zbekistonda siyosiy raqobat cheklangan bo‘lgani uchun kichik missiyani yo‘llashga qaror qildik. Raqobat cheklangan bo‘lgani uchun ham kuzatuvchilar saylov kuni qandaydir muammolar yuzaga kelishini bashorat qilishmayapti. Mana shuning asosida kattaroq missiya jo‘natib o‘tirmaymiz degan xulosaga keldik.

BBC: Agar O‘zbekistonda haqiqiy siyosiy raqobat bo‘lganda, sizning kuzatuvchilar missiyaningiz kattaroq bo‘lgan bo‘larmidi?

Reychel Bending: Bu bir qator omillarga bog‘liq bo‘lardi. Lekin, aynan bu saylovlar uchun, cheklangan missiya mos tushadi degan xulosaga keldik.

BBC: Lekin, O‘zbekiston hukumati parlament saylovlari demokratik tarzda o‘tishi, undan tashqari saylovoldi kampaniyalari demokratik tamoyillarga to‘la bo‘ysunilgan holda o‘tayotgani, siyosiy partiyalar o‘z dasturlarini keng ko‘lamda taqdim qilayotgani, hatto websaytlarda e‘lon qilayotganini aytayapti. Yana nima kerak?

Reychel Bending: Men O‘zbekistondagi tizim borasida sharh bera olmayman. Lekin, hali aytganimdek, biz O‘zbekistonda raqobat yo‘q demayapmiz, balki siyosiy raqobat cheklangan deyapmiz, shuning uchun cheklangan sondagi kuzatuvchilarni yo‘llayapmiz. Undan tashqari, bizning vakillarimiz O‘zbekistondagi ishtirokchilar bilan suhbatlar o‘tkazganlar va saylov kuni qandaydir muammo bo‘lishini kutmayaptilar. Bizning ekspert guruhimiz Toshkentda ish olib boradi va sakkiz nafar uzoq muddatli saylov kuzatuvchilarimiz mamlakat bo‘ylab joylashtirilib, saylov jarayonini kuzatadi.

BBC: Tanqidchilar fikriga qaralsa, O‘zbekistonda siyosiy raqobat cheklangan emas, balki umuman yo‘q. Bu saylovlarda ishtirok etayotgan partiyalarning barchasi hukumat siyosatini qo‘llab quvvatlaydi va muxolif fikrga ega emas. Bunday vaziyatda kuzatuvchilar guruhini jo‘natishdan nima foyda bor o‘zi?

Reychel Bending: Biz barcha saylovlarni kuzatganimizda ana shu saylovlar Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining majburiyatlari va demokratik saylov borasidagi boshqa xalqaro mezonlarga naqadar bo‘ysunilgan holda amalga oshirilayotganini bilish uchun kuzatamiz. Biz uchun har qanday saylovlarni kuzatish va muayyan mamlakatdagi saylov jarayonlarini yaxshilash juda muhimdir.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002