Nihoyat...muhojirlardan ham minnatdorlar topildi!

Rossiyaning janubiy Sochi shahri ma‘muriyati tojikistonlik mehnat muhojirlariga minnatdorchilik bildirgan. Mehnat muhojirlarining Sochidagi balandtog‘li olimpiya inshootlarini barpo etishdagi xizmatlari mamnuniyat bilan tilga olingan. Bu xizmatlar "halol va salmoqli" deya sifatlangan.

Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi rasmiy vakili Muhammad Egamzodning "Aziya plyus" axborot agentligiga bildirishicha Sochi shahar meri muovini Nikolay Pelix Krasnodar o‘lkasida safarda bo‘lgan Rossiyadagi tojik diplomatiya vakolatxonasi boshlig‘i Imomuddin Sattorov bilan uchrashgan. Mazkur uchrashuvda Nikolay Pelix tojikistonlik quruvchilar mehnatini alohida ta‘kidlagan.

"Sizning vatandoshlaringiz olimpiya inshootlari qurilishida, jumladan, baland tog‘dagi "Roza Xutor" sport majmuasini barpo etishda salmoqli hissa qo‘shishdi", degan Sochi shahar hokimi muovini.

"Roza Xutor" majmuasi 1800 gektardan ortiqroq yerni qamrab olgan bo‘lib, eng past yeri dengiz sathidan 575 metrdan boshlanib, eng yuqori tomoni 2500 metr balandlikda joylashgan. Nikolay Pelixning aytishicha ayni shu sabab bois bu yerdagi qurilishda ishlash qiyin bo‘lgan va bu ko‘plab quruvchilarning qo‘lidan kelmagan.

Nikolay Pelix "Tojikistonning baland tog‘li yerlaridan kelgan halol va vijdonan mehnat qilgan quruvchilar rossiyalik mutaxassislar bilan birgalikda asrlar davomida Rossiya va uning do‘stlari uchun sport shon-sharafi va g‘ururi bo‘lib qoladigan inshootlar qurishdi", deya ta‘kidlagan.

Tojikistonning Krasnodar o‘lkasidagi faxriy konsuli Nag‘zibek Nag‘zibekov Sochidagi balandtog‘li sport inshooti qurilishida Badaxshonning Murg‘ob tumanidan bo‘lgan quruvchilar taklif etilganini aytgan. "Boshqalarningnafasi qisilib, burnidan qon oqqan mavzeda tojikistonlik yigitlar bemalol ishlashdi. Belgilangan vazifalarni vaqtida bajarishdi. Hamma mamnun bo‘ldi", degan Nag‘zibekov.

Shu o‘rinda balandtog‘li Murg‘obda havo yetishmasligini, u yerda yashayotgan odamlarning chiniqib ketganligini alohida ta‘kidlash joiz.

Ayni bir paytda joriy yilda rossiyaliklar Moskvada tojikistonlik mehnat muhojiri haykalini o‘rnatish taklifi bilan chiqishganini va u ma‘qullanganini aytish o‘rinlidir.

Lekin garchi elchi Imomuddin Sattorov u Rossiyaning qaysi bir mintaqasida bo‘lmasin, tojikistonlik mehnat muhojirlari borasida yaxshi fikrlar eshitishini aytishiga qaramasdan, yurtidan olisda ishlayotgan bu odamlarning qiyinchiliklarga duchor bo‘layotganliklari haqida ham tez-tez eshitish mumkin.

Rossiyalik polisiyachilar va muhojirlik xizmati xodimlari tojikistonlik mehnat muhojirlari ishlayotgan yo yashayotgan yerlarga to‘satdan bostirib kirishadi. Ularga turli xil ayblarni yopishtirishga harakat qilishadi, asossiz ravishda Rossiyadan chiqarib yuborishadi.

Qayroqqum shahrida yashaydigan quruvchi Baxtiyor Rustamovning aytishicha, u Rossiyada vatandoshlariga nisbatan bo‘layotgan haqsizliklarni ko‘rib, chidayolmagach, ularning huquqini himoya qilishga kirishgan. U o‘nlab mehnat muhojiri huquqini tiklashga muvaffaq bo‘lgan. Lekin uning o‘zi Tojikistonga dam olish uchun kelib, yana ishlash uchun qaytib borganida, Rossiya qonunlarini buzishda ayblab, bu mamlakatga kiritishmagan.

"Men hozir Rossiyaning barcha tegishli qonunlarini o‘rganib chiqdim va o‘z huquqimni tiklash uchun kurashga kirishyapman", degan bu mehnat muhojiri.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, hozirgacha Rossiyada ishlashga ruxsatnoma olish uchun muhojirlarni sarson qilishlar hisobiga ta‘magirlik hollari mavjud.

Faqat o‘tgan yilning o‘zidagina Tojikistonga Rossiyadan 400 tadan ortiq tobut keltirilgani aytiladi. o‘lim sabablari orasida turli xastaliklarga chalinishlar, mehnat xavfsizligiga rioya qilmaslik, avtonaqliyot falokatiga uchrash ko‘p uchraydi. Lekin millatchi taqirboshlar yo noma‘um jinoyatchi to‘dalar tomonidan o‘ldirib ketish hollari hamon uchrab turibdi, deyishadi tahlilchilar.

Rossiya Prezidenti Putinning yaqinda mehnat muhojirlari orasida ekstremistlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi so‘zlari buyog‘iga Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari qatori Tojikistondan kelib ishlayotgan odamlarga yo‘q ayblarni yopishtirishga sabab bo‘lishi mumkin, deydi qayroqqumlik mehnat muhojiri Baxtiyor Rustamov.

Rasmiy ma‘lumotlarga karaganda Rossiyada ishlayotgan tojikistonlik mehnat muhojirlarining soni million nafar atrofida.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002