Afg‘oniston iqtisodini anor eksporti bilan qutqarish mumkinmi?

Image caption Dehqonlar anordan ko‘ra, mo‘may daromad keltiradigan ko‘knor ekishni ma‘qul ko‘rishadi

Afg‘oniston hukumati vakillari va xalqaro donorlar Londonda Afg‘onistonning kelajagini muhokama etishmoqda.

Dekabr oyi oxirida xorijiy qo‘shinlar butunlay chiqib ketishi kutilayotgan Afg‘onistonga o‘n milliardlab dollar yordam berilganiga qaramay, mamlakat iqtisodi hanuz zaif va tashqi ko‘makka muhtoj.

Qishloq xo‘jaligi Afg‘oniston iqtisodining eng muhim sohasi hisoblanadi. Hozircha ushbu soha, asosan, kambag‘al dehqon xo‘jaliklaridan tashkil topgan.

Image copyright BBC World Service
Image caption Mutaxassislarga ko‘ra, Afg‘on anorlari dunyoda eng sifatli anorlardan

Ammo kelajakda o‘z mahsulotlari, jumladan, mashhur afg‘on anorlarini eksport qilish yo‘li bilan daromadli sohaga aylanishi mumkinmi?

BBC muxbiri Dovud Qorizoda afg‘onistonlik dehqonlar bilan uchrashgan.

Image copyright f
Image caption Anorlar afg‘on iqtisodining muhim bir qismiga aylanishi mumkin

Janubiy Qandahor viloyatida hosil mavsumi oxirlab bormoqda. Bog‘bonlar eng oxirgi qirmizi anorlarni avaylab, qo‘l bilan bitta-bitta uzib, savatlarga qo‘yishadi.

Afg‘onistonda yong‘oq va uzum bilan birga, anor eng qiymatli va eng ko‘p iste‘mol qilinadigan mevalardan biri sanaladi.

Ammo anor yetishtirayotgan bog‘bonlar ozchilik. Afg‘oniston janubidagi ko‘pchilik dehqonlar hali ham ko‘knor yetishtirish bilan mashg‘ul. Ko‘knor esa giyohvand moddalar savdosi va urush deganidir.

Image caption Anor ko‘knorining o‘rnini bosa oladimi?

Ko‘knor butun boshli bog‘dorchilik sohasidan 14 baravar ko‘proq daromad keltiradi. Afg‘on hukumati mamlakatning zaif iqtisodini rivojlantirish uchun dehqonlarni ko‘knordan voz kechib, qonuniy ekinlar ekishga ishontirishga urinmoqda.

Kobuldagi omborxonada anor solingan qutilar yuk mashinalaridan tushirib olinib, omborga jamlanadi. Ishning eng qiyin tomoni anorlarni bu omborxonadan tashqi bozorga olib chiqishdir.

Najla Habibyor qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti uchun mas‘ul hukumat mulozimi. U eksportni amalga oshirishdagi qiyinchiliklar haqida gapiradi.

Xavfsizlik bizning eksportimiz uchun yagona muammo emas. Eng asosiy muammolar mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash va qutilashdir. Afsuski, bizda eng oxirgi tekshiruvlarni amalga oshiradigan xalqaro miqyosda tan olingan bir idora yo‘q. Biz o‘zimizdagi infratuzilmaning ishlashi uchun xalqaro donorlarning qo‘llab-quvvatlashiga muhtojmiz, deydi u.

Ammo hozirda anorlar muammoning yechimi bo‘lishi uchun imkoniyat paydo bo‘lgan.

Image copyright BBC World Service
Image caption Britaniyalik ishbilarmon Adam Pitchard afg‘on anorlari katta sanoatga aylanadi, deydi

"Men shunga amin bo‘ldimki, Afg‘oniston anorlari dunyodagi eng yaxshi anorlar. Ammo ularni olib kelish, transport masalasida qiyinchilik bor. Bu muammo hal qilinsa, anorlar afg‘on iqtisodining muhim bir qismiga aylanishi mumkin", deb aytadi britaniyalik ishbilarmon Adam Pitchard.

Janob Pitchard ikki yildan buyon afg‘on anorlarining importini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda. U afg‘on anorlaridan Angliya janubi g‘arbidagi zavodida sharbat ishlab chiqarmoqchi.

Image copyright BBC World Service
Image caption Anor sharbatlariga Britaniyada talab katta

"Afg‘oniston subsidiya va xayriya yordamlari bilan oyoqda turolmaydi. Masalan, Angliyada olma sanoati rivojlangan, biz olma yetishtiramiz va o‘z olmalarimizdan sharbat ishlab chiqaramiz. Afg‘onistonning esa anori bor. Men ishonamanki, vaqti kelib, anor Afg‘onistonda juda katta sanoatga aylanadi", deydi britaniyalik tadbirkor.

Kelayotgan yillarda xalqaro yordamning kamayishi kutilarkan, afg‘onistonlik ishlab chiqaruvchilar ham bugungi donorlar ertaga iste‘molchiga aylanadi, deb umid qilishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002