Tolibon Xitoyning milliardlariga uchadimi?

Image copyright Getty

Agar, oshkora bayon qilayotgan istaklariga nazar solinsa, endi dunyoning ikkita qudratli davlatidan bittasi bo‘lgan Xitoy Tolibon muammosiga yechim topmoqchi.

Qo‘shni Afg‘onistonga hozir ham harbiylarini yuborishdan tiyilgan holda, buning uchun asosan o‘zining yirik iqtisodiy qudratini ishga solmoqchi.

Afg‘oniston, Pokiston va Tolibon harakatini muzokaralar stoliga keltirish uchun mintaqada qiymati 100 milliard dollardan ortiq loyihalarga qo‘l urmoqchi.

Tinchlik muzokaralari uchun o‘z hududida betaraf bir zamin hozirlab, toliblarni, hatto, Xitoyga taklif qilmoqchi.

Qudratli Xitoyning bu kabi sa‘y-harakatlari G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari o‘tgan 13 yil davomida afg‘on mojarosiga biror bir yechim topolmay, Afg‘onistonni deyarli tark etib bo‘lgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Mamlakati qayta zo‘ravonliklar girdobiga botib borarkan, Xitoy Afg‘onistonning yangi prezidenti Ashraf G‘ani Tolibon bilan tinchlik muzokaralarida dastagini so‘rab, birinchilardan bo‘lib safar qilgan dunyoning ikkita davlatidan bittasi bo‘lgandi.

Prezident G‘ani bu masalada eng avvalo rasmiy Pekinning Islomobodga bo‘lgan katta ta‘siri va yirik iqtisodiy qudratiga ko‘z tikkandi.

O‘z navbatida, ham harbiy va ham iqtisodiy jihatdan qanchalik qudratli bo‘lmasin, shundoq biqinidagi Afg‘onistondagi vaziyatning qanday tus olishi, yillarki, qolgan aksariyat mintaqa davlatlari kabi Xitoyning ham diqqat-e‘tiboridagi asosiy masalalardan biri bo‘lib keladi.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, rasmiy Pekin chegaraosha arzon afyun oqimi va uyg‘ur islomiy bo‘lginchiligining yanada kuchayib, Xitoy milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

Image copyright Reuters

Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ham Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh janubiy Termiz shahriga qilgan safari chog‘ida, "35 yillik afg‘on urushi – mintaqaga eng katta xavf" ekanini bayon qilgandi.

Afg‘oniston, Xitoy, O‘zbekiston va qolgan Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z ichiga oluvchi mintaqaviy Shanxay Hamkorlik Tashkilotida yetakchi o‘rin tutuvchi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham kuni-kecha G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining bu yilgi ommaviy safarbarligi ortidan, Afg‘onistondagi vaziyat izdan chiqib ketishi ehtimoli haqida so‘z yuritgan va lozim bo‘lgan taqdirda, yordam berishga hozir ekanliklarini bayon qilgandi.

O‘zining yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Xitoy kabi Rossiya ham mamlakati ichkarisi va ham shundoqqina tashqarisida islomiy jangari guruhlar faoliyatining kuchayishi va Afg‘onistondan o‘z hududi osha Ovro‘poga yo‘l soluvchi katta hajmdagi turli giyohvand moddalar oqimining yanada ortishidan tashvishda.

Xuddi shu manzarada O‘zbekiston rahbari yana bir bor afg‘on mojarosiga harbiy yo‘l bilan barham berib bo‘lmasligini takrorlarkan, uning yechimini yolg‘iz Afg‘oniston xalqining o‘ziga qo‘yib berish lozimligini ta‘kidlagandi.

Ammo, qanchalik jiddiy ogohlantirish bilan chiqqaniga qaramay, Rossiya prezidenti berishga hozir bo‘lgan ko‘maklarining shaklu shamoyil va mazmunini ochiqlamagandi.

Ta‘kidlash joiz, so‘nggi yillarda Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan kattayu kichik minbarlar orqali yangrayotgan bu kabi xavotirlar manzarasida Xitoy, hozircha, mintaqa davlatlari orasidan afg‘on mojarosiga yechim topish yo‘lida jiddiy ish qilishga hozirligini namoyon etayotgan yagona mamlakat bo‘ladi.

Image copyright

Biroq, bugun dunyoda egallab turgan iqtisodiy va harbiy qudratiga qaramay, bu masalada Xitoyning nimalarga qodir bo‘lishini savol ostiga olayotgan tahlilchilar ham yo‘q emas.

Jumladan, mintaqaviy tahlilchi Ahmad Rashid o‘zining yaqinda BBC uchun yozgan tahliliy maqolasida Xitoyning shu paytgacha hech qachon o‘zining chegarasidan tashqarisidagi mojarolarda vositachi bo‘lib ko‘rmaganiga diqqat qaratgandi.

Boshqa tahlilchilar esa, o‘tgan 13 yil davomida Afg‘oniston Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralarida vositachi bo‘lishga uringan Yaponiyadan tortib, Shveytsariya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Qatar davlatlarning "achchiq" tajribasini misol qilib keltirishadi.

Ustiga ustak, ular shuncha qudrati va Afg‘onistonda hozir o‘n minglab harbiylari bilan G‘arb va qator mintaqa davlatlarining bu yo‘ldagi urinishlari ham besamar ketgani, ularning natijasi Tolibon harakati bu kabi muzokaralarni o‘z maqsadlari yo‘lida suiiste‘foda etishini ko‘rsatganini aytishadi.

O‘z navbatida, tahlilchilarga ko‘ra, ayniqsa, Pokiston Tolibon harakati saflarining qanchalar tarqoqligi ham bu masalada vositachi davlatlarga pand bermay qolmaydi.

Image copyright Reuters

Boshqa tomondan, yangi afg‘on hukumati va rasmiy Vashington o‘rtasida imzolanib, Afg‘onistonda yana kamida ikki yilgacha minglab xorijiy askarlarning qolishiga rasman izn beruvchi xavfsizlik bitimi ham bu kabi urinishlarni deyarli yo‘qqa chiqarishi mumkin, deyishadi ular.

Eslatib o‘tish joiz, Pokiston Tolibon harakati a‘zolari ham bay‘at keltirgan Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar o‘tgan 13 yil davomida afg‘on tuprog‘ida biror bir chet el harbiysi qolarkan, tinchlik muzokaralariga bormasligini oshkora bayon qilib keladi.

Ammo xuddi shu o‘rinda tahlilchi Ahmad Rashidning o‘z maqolasida ayrim diplomatlarning so‘zlariga iqtibosan yozishicha, Xitoy bugun taklif etayotgan va mintaqa davlatlarining so‘zsiz iqtisodiy yuksalishiga xizmat qiluvchi yirik iqtisodiy loyihalar ham Pokiston, ham Afg‘oniston va ham Tolibon harakati uchun "hayotda bir marta beriluvchi" imkoniyat bo‘ladi.

Bu kabi fikrlarga javoban Turkiyadan afg‘onistonlik sobiq diplomat va siyosiy tahlilchi Abdulsalom Osimning aytishicha, o‘tgan yillar badalida o‘zining biror bir siyosiy doktrinasini namoyish etmagan bir harakatni siyosiy muxolif kuch sifatida ko‘rish va ular bilan sulhu madoraga borish urinishlari xato bo‘ladi.

Pokistonni esa, milliardlab dollarlik loyiha bo‘lmaydimi, eng avvalo mintaqadagi geo-siyosiy manfaatlari qiziqtiradi, deydi tahlilchi suhbatdoshimiz:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Sobiq diplomatga ko‘ra, shu bois ham, Xitoy o‘z rejayu tashabbuslarida samimiy bo‘lishi mumkin, ammo Tolibonga katta ta‘sirga ega Pokistonga o‘xshash mintaqa davlatlarining bunga qanchalik sidqidildan hozir ekanliklari bu o‘rinda muhim o‘rin tutadi.

Afg‘onistonlik boshqa bir tahlilchi Fazil Ahmad Burgutning so‘zlariga tayanilsa esa, bu muammoning yakuniy yechimi – eng avvalo barcha manfaatdor tomonlarning Tolibon harakatiga tashkilot o‘laroq aniq tasnif berishlarini taqozo etadi.

Uning aytishicha, tanlovning harbiy yoki noharbiy bo‘lishi aynan xuddi shu narsaga bog‘liq bo‘ladi va Tolibon muammosi ham shunga qarab o‘z yechimini topadi.

O‘z navbatida, xorijiy ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondan ommaviy safarbarligi yakuniga yetib qolgan shu kunlarda G‘arbning 13 yillik siyosatini savol ostiga olayotgan amerikalik tahlilchilar ham yo‘q emas.

Image copyright AP

Jumladan, "Yaxshi urush: Biz nega urushda yenga olmadik yoki Afg‘onistonda tinchlik" kitobi muallifi Jak Feyrvezerning "New York Times"dagi maqolasida yozishicha, G‘arb shuncha vaqt badalida o‘zi ko‘rishni istagan Afg‘onistonni qurmoqchi bo‘ldi.

"Ular adolatli va o‘zi-o‘zini eplashga qodirining o‘rniga, faqat katta miqdordagi pullaru o‘n minglab harbiylarini kiritib, Frankenshteyn davlatini barpo qilishdi", - deydi muallif. "Tolibonga imkoniyat bering" maqolasi muallifiga ko‘ra, nomukammaldek tuyulsa-da, afg‘onlarga o‘z davlatlarini barpo etishga imkoniyat berishning vaqti yetgan.

Uning yozishicha, bu masalada Afg‘onistonning o‘ziga xosliklari: anchayin qoloq va qavmiy ekani, albatta, inobatga olinmog‘i, Tolibon Afg‘onistonning beqaror qavmiy siyosatidagi "ovozlar"dan faqat bittasi ekani e‘tirof etilmog‘i lozim.

Uning yozishicha, xuddi shu narsani nazarda tutgan holda, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining yangi ma‘muriyati bu kabi guruhlar bilan murosaga borib, va nihoyat bir siyosiy murosaga erishmog‘i kerak bo‘ladi.

Muallifga ko‘ra, bugungi reallik toliblarga yangi afg‘on hukumati tarkibidan o‘rin berilishini taqozo etadi.

Ammo, eng so‘nggida shuni ham e‘tirof etish joizki, shuncha davlatning Afg‘onistondagi shuncha yillik "tajribasi"dan kelib chiqib, bugun ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilar orasida 35 yillik afg‘on mojarosining yechimi qanday bo‘lishini hozir hech kim bilmasligiga oid xulosaga kelib bo‘lganlari ham oz emas.

Ustiga ustak, mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, iqtidorga kelgan o‘tgan ikki oy ichida toliblar bilan sulhu madora istagida ekanini oshkora va rasman bayon etib kelayotganiga qaramay, Afg‘onistonning yangi milliy birdamlik hukumati qo‘lida tuzuk-quruq tinchlik rejasi yo‘q.

Tolibon harakatiga katta ta‘sirga ega, deb ko‘riluvchi Pokiston hukumati, Josuslik Xizmati va hatto, Xitoy ham afg‘on hukumati o‘zining tinchlik rejasi bilan chiqqan taqdirdagina, tinchlik muzokaralari masalasida Afg‘onistonni qo‘llashga va‘da berishgan.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002