Merkel: Rossiya qo‘shni davlatlar ishiga aralashmasligi kerak

Image copyright Getty Images
Image caption "NATO Polsha va Boltiq bo‘yi davlatlarini agressor bilan yakkama-yakka qoldirmaydi"

Olmoniya kantsleri Angela Merkel Rossiyani Ovroittifoqqa qo‘shilmoqchi bo‘lgan postsovet hududidagi davlatlar, xususan, Ukraina, Gurjiston va Moldovaning ichki ishiga aralashmoqda, deb aytgan.

"Moldova, Gurjiston va Ukraina - bu bizning sharqdagi uch qo‘shnimiz Ovro‘po Ittifoqiga qo‘shilish haqida mustaqil qarorga kelganlar", - deydi Merkel xonim "Welt" ro‘znomasidagi intervyusida.

Rossiya bu uch mamlakat uchun muammo paydo qilmoqda,- deydi u Pridnestrove, Abxaziya va Janubiy Osetiyadagi cho‘zilib kelayotgan mojarolar va Donbassdagi urushga ishora qilarkan.

G‘arb va rasmiy Kiyev Rossiyani Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni dastaklashda ayblaydi.

Biroq Moskva Ukraina sharqidagi mojarolarda Rossiya kuchlari ishtirokini hamisha inkor qilib keladi.

Merkel shuningdek, 2008 yilda Gurjiston va Ukrainani NATO safiga qo‘shish jarayoni boshlanmaganini to‘g‘ri deb hisoblashini aytgan. NATOning Buxarestdagi sammitida Olmoniyaning faol ishtiroki bilan shunday qaror berilgan edi.

Biroq Olmoniya kantsleri NATO sharqiy Ovro‘poning o‘z safiga kirgan Polsha va Boltiq bo‘yi davlatlarini tashqi tajovuzdan himoya qilishni zimmasidagi majburiyat deb bilishini ta‘kidlagan.

"Boltiq bo‘yida urush ehtimoli haqida gapirishga hech bir asos yo‘q. Lekin Shimoliy alyans shartnomasining "biror bir a‘zosiga hujum boshqalariga ham xatar" sifatida qarash o‘z kuchida qoladi", degan Merkel xonim.

Moskva NATOning sharqqa qarab kengayishini Rossiyaga nisbatan xavf sifatida qaraydi.

Rossiya Prezidenti matbuot so‘zchisi Dmitriy Peskov Ukrainadagi vaziyatga doir BBCga bergan intervyusida ta‘kidlashicha, "Biz Ukrainaning NATO safiga qo‘shilishi haqida hech qanday fikr yo‘qligiga yuz foiz amin bo‘lishimiz kerak. NATO bizning chegaralarimizga tomon boshqa yaqinlashmasligi va kuchlar muvozanatiga putur yetkazish harakatlarini to‘xtatishi haqida eshitishni xohlaymiz".

Bundan oldin Angela Merkel Bundestagdagi chiqishida Rossiyaning Ukrainaga qarshi amallari Ovro‘poda o‘rnatilgan tinch tartibni tahdid ostiga qo‘yishi va xalqaro qonunlarni buzishini aytgandi.

Avstraliyada o‘tgan "Yirik yigirmalik" sammitida Ovro‘po davlatlari rahbarlari Rossiya Ukrainadagi vaziyatni "beqarorlashtirish"ni to‘xtatmasa, unga qarshi yangi sanktsiyalar kiritilishi mumkinligidan ogohlantirganlar.

Moskva Ukraina sharqida tez orada batamom otashkesimga erishilishiga umid qiladi, dedi 6 dekabrda Frantsiya Prezidenti bilan Vnukovo aeroportida muzokara o‘tkazgan Vladimir Putin.

Qozog‘iston safaridan qaytishda Moskvaga to‘xtab o‘tgan Fransua Olland rossiyalik hamkasbi bilan Ukrainadagi vaziyatni muhokama etgan.

"Ukraina inqirozidan ham ukrain xalqi, ham Ovro‘po Ittifoqi, ham Rossiya jabr ko‘radi", degan janob Olland.

Rossiya ommaviy axboroti vositalari yozishicha, janob Ollandning Moskvaga to‘xtab o‘tishiga Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev turtki bergan.

Janob Nazarboyevning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadek katta davlatga dunyo jamoatchiligi yetarli baho berishi kerak.

"Bu hududi bo‘yicha eng katta va boy mamlakat. Sanktsiyalardan albatta u ziyon ko‘radi, lekin gaz, neft va boshqa narsalar Rossiyaning o‘zida qoladi", deya ta‘kidlaydi Qozoq Prezidenti Ukraina inqirozini birgalikda hal qilishga chaqirib.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer