Rubl qadrsizlanishidan oddiy qozog‘istonliklar qanday foyda ko‘rayapti?

Image copyright Reuters

Jahon bozorlarida neft narxlarining tushishi bilan birgalikda Rossiya rublining qadri ham tushishda davom etmoqda.

Ayni damda Rossiyaga qo‘shni ba‘zi mamlakatlar uchun bu holat anchayin qulay vaziyatni tug‘dirmoqda.

Eurasianet.org nashriga ko‘ra, Rossiya rubli tobora pasayib borar ekan, minglab shimoliy qozog‘istonliklar bozor-o‘char uchun Rossiyaga o‘tishmoqda.

Chegaradan turfa mollarni o‘tkazish esa anchayin oson, chunki har ikkala davlat ham Bojxona Ittifoqiga a‘zo.

Shimoliy qozog‘istonliklar Sibirga o‘tib, turar joyu mashinadan tortib oziq-ovqat va kiyim-kechaklargacha xarid qilishmoqda.

Bugun Sibir shaharlaridagi uy-joy narxlari Shimoliy Qozog‘istondagi bilan tenglashib qolgan, bir zamonlar esa narxlar farqi osmon bilan yercha edi.

Rossiya chegarasidan yetmish chaqirimcha uzoqda joylashgan Qozog‘istonning Petropavlovsk shahri yashovchisiga ko‘ra, u bu yerdagi kvartirasini sotib, Omskdan huddi shunaqasini sotib olmoqchi. "Chunki rubl tushib ketgan", - deydi u mahalliy televizion kanal bilan suhbatda.

Ostonada esa rubl inqirozidan foydalanib, qo‘shni davlatdan qimmatbaho mashinalarni xarid qilish hollari ko‘paygan.

Rublning dollarga nisbatan narxi 40 foizga tushib ketgan, Yevroga nisbatan esa u 60 foiz pastlagan. Bu Rossiyaga qo‘shni Qozog‘istonda yashayotgan oddiy aholi uchun yaxshi xabardir, ammo mamlakat iqtisodi uchun salbiy holat.

Rubl qadrining tushib borishi fevral oyida qozoq tengesining ham qadrsizlanishiga sabab bo‘ldi. Bu o‘z navbatida iqtisodiy taloto‘p va omma noroziligiga sabab bo‘lgandi.

Rossiya rublining bu qadar keskin yerlab borishi, iqtisodchilarga ko‘ra, Qozog‘iston tengesiga ta‘sirsiz bo‘lmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002