Ovro‘po Ittifoqi Turkiyani IDga qarshi kurashga qo‘shilishga undamoqda

Ovro‘po Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha rahbari Federika Mogerini Suriyadagi Islomiy Davlat jangarilariga qarshi kurashda to‘la ishtirok etish chaqirig‘i bilan Turkiyaga kelgan.

Mogerini xonim va boshqa OI rasmiylari Turkiyani o‘z chegaralari orqali yuz berayotgan xorijiy jangarilar oqimini to‘xtatishga undaydilar.

Poytaxt Anqaradan yozgan twitida u kun tartibida Turkiyaning OIga qo‘shilishi masalasi ham borligini aytdi.

Mogerini xonim, Anqara va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashib borayotganiga qaramay, Turkiyani Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni dastaklashga chaqiradi.

BBC bilan suhbatda Mogerini xonim Suriyadagi inqirozni Bryusseldan turib hal etib bo‘lmasa-da, Ovro‘po Ittifoqi muayyan rolni o‘ynashi kerakligi va "bu kurashda yetakchi o‘rinni egallaydigan o‘yinchilarni rag‘batlantirishi" lozimligini bildirdi.

Image copyright Reuters

Ovro‘po Ittifoqining istagiga binoan, Turkiya xorijiy jangarilarni aniqlashi va havo kuchlariga har qanday tahdid borasida ogohlantirish berishi kerak.

Shuningdek, Turkiyadan Islomiy Davlat va boshqa Yaqin Sharq jangari guruhlariga qarshi kurashga ko‘proq yordam berishi kutiladi. Bu tashabbusning maqsadi mintaqaga yangi xorijiy kurashchilar kelishini to‘xtatishdir.

Turkiyaning Ovro‘po Ittifoqiga a‘zoligi masalasi 2005 yildan beri muhokama etilmoqda, ammo bo‘lingan Qibriz oroli muammosi va qator OI a‘zolarining qarshiligi tufayli oqsamoqda.

Minglab ovro‘poliklar ID va boshqa jangari guruhlar safiga qo‘shilish uchun Suriyaga safar qilishgan va ular uchun Turkiya eng asosiy tranzit yo‘lidir.

Turkiya fikrida, Ovro‘po Ittifoqi hukumatlari ehtimoliy jangarilarni avvaldanoq to‘xtatish yo‘lida qattiqroq ishlashi kerak.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002