BMT misli ko‘rilmagan miqdordagi yordam pulini so‘ramoqda

Image copyright Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015 yilga rejalagan ko‘mak loyihalari uchun jahon hamjamiyatidan 16,4 milliard dollar so‘rab chiqqan. Bu miqdorning 7,2 milliardi suriyalik qochqinlarga yordam berish uchun ishlatilishi kutiladi.

O‘tgan yili BMT 13 milliard dollar so‘rab murojaat etgandi, shunday ekan, yangi raqam BMT uchun rekord ko‘rsatkichdir.

Ko‘mak tashkilotlari bu yilgi insonparvarlik amaliyotlari uchun pul yetmay qolayotganini aytishayapti.

O‘tgan hafta Jahon Oziq-ovqat Tashkiloti suriyalik qochqinlarga yetkazib beradigan yemaklari miqdorini kesishga majbur bo‘layotganini bildirdi.

O‘zining yangi murojaatida BMT Suriya ichra ko‘chishga majbur bo‘lgan qochqinlar uchun 2,8 milliard dollar yordam so‘ragan. U qo‘shni mamlakatlarda ro‘yxatdan o‘tgan uch milliondan ortiq qochqin uchun ham 4,4 milliard dollar so‘rayapti.

O‘tgan yili BMT ko‘magining aksar qismini Suriya, Janubiy Sudan va Markaziy Afrika Respublikasi oldi.

Undan beri Ukrainadagi mojaro, Iroq va Suriyada Islomiy Davlat jangarilar guruhining tarqalishi va Ebola epidemiyasi ko‘makka bo‘lgan zaruratni yanada oshirgan.

BMTning insonparvarlik yordami bo‘yicha rahbari Valeri Amos Jenevadagi jurnalistlarga: "Biz misli ko‘rilmagan darajadagi muhtojliklarga yuz tutayapmiz", - deb aytdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002