Amnesti Interneshnl: Chechenistondagi yong‘in tekshirilishi kerak

Image copyright Reuters
Image caption Jangarilarning oilalariga qarashli oltita uyga o‘t qo‘yilgan

Xalqaro "Amnesty International" tashkiloti Chechenistonda kamida beshta uyning yoqib yuborilgani hodisasini tekshirishga chaqirmoqda.

Yondirilgan uylar o‘tgan hafta Grozniyda sodir etilgan hujumga mas‘ul jangarilarning yaqinlariga tegishli uylar bo‘lgan.

Xalqaro tashkilot yong‘inni bo‘lginchi-jangarilar oilalariga nisbatan "ommaviy jazo" harakati deb atagan. Checheniston hukumati huquq himoyachilarining murojaatiga hozircha munosabat bildirmagan.

4 dekabr kuni Grozniy shahriga qurolli jangari guruh bostirib kirib, xavfsizlik xodimlari bilan otishma sodir bo‘lgan.

Hodisaga mas‘uliyatni "Qovqoz amirligi" guruhi o‘z zimmasiga olgan edi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov to‘qqiz jangari o‘ldirilganini xabar bergandi.

Qarindoshlar ham aybdor

Ayni paytda Ramzan Qodirov Chechenistonda bolalar uchun ota-onasi aybdor bo‘lmaydigan vaqtlar tugaganini bildirgan.

"Agar jangari politsiya xodimi yoki biror bir tinch fuqaroni o‘ldirsa, jangarining oilasi Chechenistondan ortiga qaytolmaydigan qilib haydab chiqariladi va uyi tag-tubi bilan buzib tashlanadi", degan Qodirov Instagramdagi sahifasida.

Rossiyaning "Memorial" inson haqlari tashkilotiga ko‘ra, 6-7 dekabrda jangarilarning oilalariga qarashli oltita uyga o‘t qo‘yilgan.

Yong‘in ortida Chechen kuch ishlatar tizim xodimlari turibdi, deb ta‘kidlaydi huquq himoyachilari.

Ma‘lumotlarga qaraganda, Gudermes tumani chekkasidagi Yandi va Engel-Yurt qishloqlarida beshta uy yongan.

"Jangarilar uchun qarindoshlarini jazolash xalqaro huquq me‘yorlarining buzilishidir. Hech bir ommaviy jazo harakatlarini oqlab bo‘lmaydi. Federal hukumat hodisa bo‘yicha mustaqil va shaffof qidiruvni ta‘minlashi kerak", deydi Amnesti Interneshnl vakili Jon Dalxuzen.

Uning aytishicha, "bunday harakatlarga izn berish ommaviy jazo jazosiz qolishini ta‘minlaydi va uni kengaytiradi".

Gorozniydagi hujum natijasida 9 jangaridan tashqari 10 politsiya xodimi halok bo‘lgan, 28 tasi yaralangan.

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, jangarilar politsiya nazorat punktiga qarata birinchi bo‘lib o‘t ochganlar. Otishmalar Grozniyning qator tumanlarida davom etgani xabar qilingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002