Falastin vaziri isroilliklar bilan to‘qnashuvda halok bo‘ldi

Image copyright Reuters

Ishg‘ol ostida bo‘lgan G‘arbiy Sohildagi norozilik chiqishi chog‘i Isroil qo‘shinlari bilan to‘qnashgan Falastin vazirlaridan Ziad Abu Iyn hayotdan ko‘z yumgan.

Vazirning o‘limi Isroil va Falastin o‘rtasidagi tanglik kuchayayotgan bir paytda kuzatilmoqda.

E‘lon qilingan videoda 46 yoshli siyosatchi ko‘ksini changallab yerga yiqilgani muhrlangan.

Image copyright EPA

Guvohlarning aytishicha, Ziad Abu Iyn ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz idishi bilan zarba olgan.

Boshqalarga ko‘ra esa, u Isroil askarlari tomonidan siltalangan va kaltaklangan.

Aytilishicha, Ziad Abu Iyn xasta bo‘lgan, hodisa uning o‘limini tezlashtirgan.

Falastin muxtoriyati Prezidenti Mahmud Abbos uning o‘limini "yovvoyilik" deb atadi.

Ziad Abu Iyn Falastin parlamentida G‘arbiy qirg‘oqda qurilayotgan Isroil mahallalari masalasi bilan shug‘ullanib kelgan.

"Isroilning G‘azodagi nishonlari "urush jinoyat"lari"

Bir kun oldin Xalqaro Amnesti tashkiloti yozgi ixtiloflar chog‘i Isroil tarafidan G‘azodagi to‘rtta baland qavatli binoning nishonga olinishini "urush jinoyati"ga tenglashtirgandi.

Inson haqlari guruhi qo‘lga kiritgan dalillar binolar "atayin vayron etilgani va bunga harbiy oqlov yo‘q"ligini ko‘rsatgan.

Tashkilot mazkur amallar yuzasidan mustaqil va xolis tekshiruvlar boshlanishiga chaqirgan.

Isroil esa, hisobotda asossiz ayblovlar aks etgani va Hamasning "bunday binolardan harbiy maqsadlarda foydalanishi" e‘tibordan chetda qolganini aytgan.

Londondagi Isroil elchixonasi chiqargan bayonotga ko‘ra, Amnesti Falastin tarafdan Isroil aholisiga qarshi uyushtirilgan raketa hujumlariga oid tekshiruvlar olib borishi lozim edi.

O‘tgan yoz G‘azoda ketgan qarama-qarshiliklar chog‘i kamida 2, 189 falastinlik nobud bo‘lgan. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, ularning 1, 486 nafari oddiy odamlardir. Shuningdek, BMTning aytishicha, 11, 000 inson tan jarohati olgan.

Isroil tarafda esa, 67 askar va aholi orasidan 6 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Isroil o‘z harakatlarini G‘azodagi "Hamas" guruhiga qaratilgan deb oqlaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002