Rossiya Prezidentining tashrifidan qanday maqsad ko‘zlangan?

Image copyright RIA Novosti
Image caption "Karimov saylovlar oldi tashqi dastakni Rossiyadan kutayapti"

Prezident Putin Toshkentda Prezident Karimov bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Toshkentda O‘zbekistonning 890 million dollarlik qarzi muddatini uzaytirish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan.

Janob Putin Ukraina inqirozi bois G‘arb sanktsiyalari kuchaygan, Rossiya Ovrupoga uzangan gaz loyihasini to‘xtatishi haqida e‘lon qilishi ortidan Hindistonga bora turib, Toshkentga safar qilmoqda.

Rossiya imperiyachilik intilishlari qo‘shnilarini xavotirga solgan bir paytda Kreml Ukraina inqirozi manzarasida Toshkentdan dastak kutayaptimi? BBC ushbu savolni Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi Aleksandr Knyazevga berdi.

Aleksandr Knyazev: Mening o‘ylashimcha, bu masala, bu muammo muhim ahamiyatga ega. Lekin bu muhokama qilinadigan yagona masala emas. Mening fikrimcha, O‘zbekiston rahbariyati Ukraina hodisalariga G‘arb mamlakatlarining ta‘siri bo‘ldi, degan xulosaga keldi. O‘zbekiston o‘zining ichki ishlariga bunday aralashishga yo‘l qo‘ymaydi. Bunday aralashuv davlatchilikni izdan chiqaradi, deb hisoblaydi. Keyingi jihati - O‘zbekiston bilan G‘arb o‘rtasida O‘zbekistondagi ichki ijtimoiy-siyosat vaziyat borasida bir-birini tushunmaslik mavjudligidir. Shuning uchun ham Karimov o‘zi uchun tushunish, hammaslak qarash va dastakni Ostona, Moskva va Pekindan topmoqda. Va biz shu yil davomida O‘zbekiston tashqi siyosatida Qozog‘iston, Xitoy va Rossiya, umuman Osiyo tomon burilish bo‘lganini kuzatdik. Mana O‘zbekistonda birin-ketin ikki saylov kutilayapti. O‘ylashimcha, Prezident Karimov ushbu saylovlarda tashqi dastakni Rossiyadan kutayapti va Rossiya saylovni bahona qilib O‘zbekistondagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinmasligini yaxshi tushunadi. Har doim bo‘lganidek, Moskva bilan Pekin saylovlari natijalarini rasman tan oladi, "narsalarni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qiladi". Toshkentga safar - saylovlardan keyin O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar bo‘lishini tekshirib, "paypaslab ko‘rish".

BBC: Sizningcha, saylovlardan keyin O‘zbekistonda biror o‘zgarish bo‘lishi mumkinmi? Chunki ko‘p o‘zbekistonliklarning bu ikki saylovdan keyin ichki yoki tashqi siyosatda biror bir o‘zgarish bo‘lishiga ko‘zlari yetmaydi...

Aleksandr Knyazev: O‘zgarishlar yuz berayapti. Lekin natija kim nimani kutayotganiga bog‘liq. O‘zbekistonda parlamentarizm tajribasi, biz istaymizmi-yo‘qmi, to‘planayapti. To‘g‘ri, hozir parlament hukumat tomonidan nazorat qilinadi. Lekin jarayon kimlardir xohlayotganidek, tez emas, balki juda sekin kechadigan jarayon. Men, misol uchun, dunyoda yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, bu jarayonlarni tezlashtirishga harakat qilish tarafdori emasman. Tezlashtiraman, deb Qirg‘izistondagiga o‘xshab butkul tartibsizlikka duch kelib ham qolish mumkin.

BBC: Toshkent muzokaralarida mintaqaviy suv-energetika masalalariga qanchalar muhim o‘rin beriladi, deb o‘ylaysiz? Chunki Tojikiston kelgusi yildan Rog‘un qurilishiga ko‘proq mablag‘ sarflamoqchi, janob Atamboyev "Qambarota" GESi qurilishini davom ettirish kerak, deyapti. O‘zbekiston esa "Qirg‘izgaz"ni "Gazprom" sotib olganidan keyin O‘shga gaz uzatmayapti...

Aleksandr Knyazev: Mening o‘ylashimcha, Prezident Putinning Toshkentga tashrifi davomida suv-energetika masalalari ko‘tarilsa ham eng muhim masalalar sifatida ko‘tarilmaydi. Nima uchun? Chunki Rossiya "Rog‘un" GESi qurilishida ishtirok etishdan bosh tortdi. "Qambarota" loyihasi ham hali uzil-kesil hal qilib bo‘lingan emas. Sabablaridan biri - O‘zbekiston qarshilik qilayotgani uchun emas, ichki to‘siqlar borligi uchun. Qirg‘iz hukumatining suv ombori qurilishi natijasida suv bosadigan yerlarni xususiy mulkdorlardan sotib olishga kuchi yetarli emas. Shuning uchun men yaqin orada Rossiya tarafining "Qambarota" loyihasidan ham voz kechishini istisno etmayman. Yana bir jihati, hozir Rossiya shirkatlari duch kelayotgan qiyinchiliklar. Moliyaviy mushkulliklar natijasida Rossiya shirkatlari ham bunday loyihalarga ehtiyotkorroq bo‘lib qoldilar. Prezident Putin Toshkentda gidroloyihalar sababli Prezident Karimovga bosim o‘tkazmasligi aniq. Kun tartibida gaz masalasi bor. Bu "Lukoyl" va "Gazprom"ning O‘zbekistondagi faoliyatlari bilan bog‘liq. O‘shga gaz ta‘minoti masalasi, menimcha, prezidentlar emas, hukumatlar darajasida muhokama qilinishi lozim bo‘lgan masalalar sirasiga kiradi.

Xabarlarga ko‘ra, muzokaralarda tomonlar moliyaviy talab va majburiyatlarni tartibga solish bo‘yicha kelishuv imzolaganlar. Unga binoan, O‘zbekistonning Rossiyadan 865 million dollar qarzi bekor qilinadi. Hujjatlarni vazirlar Anton Siluanov va Rustam Azimov imzolaganlar. Janob Siluanovning aytishicha, O‘zbekistonning Rossiya oldidagi umumiy qarzi 890 million dollarni tashkil qilib, undan 500 millioni asosiy hisoblanadi. Kelishuvga binoan, O‘zbek tomoni 25 million dollar qarzni uzadi, qolgan qarzlardan Rossiya voz kechishi ko‘zda tutiladi.

Biroq Rossiya qanday shartlar evaziga qarzdan voz kechgani ochiqlanmagan. Ma‘lum qilinishicha, O‘zbekiston Rossiyaga qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini ko‘paytiradi. Moskva Toshkentni zarur qurol-aslaha bilan ta‘minlaydi.

Putin uchrashuv so‘nggida O‘zbekiston va Rossiya yaxshi do‘st va hamkor bo‘lib qolishini urg‘ulagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002