Ijtimoiy minbar: Yangi yilni nishonlash kerakmi?

BBC ijtimoiy minbar rukni doirasida, odatdagidek, mushtariylarga murojaat qildi va bu safargi mavzu archa, qorbobo va qorqiz mavzusi bo‘ldi.

Yangi yil yaqinlashar ekan, o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarida bu bayramni qayerda va qanday nishonlash, hamda xususiy va korporativ tadbirlar uchun qorbobo va qorqizlarni qanday yollash borasidagi munozaralar boshlanib ketgan.

Ba‘zi o‘zbekistonliklar uchun qorbobo, qorqiz, bezatilgan archa va, umuman, Yangi Yil bayrami ularning Sovet davridagi yoshligini eslatuvchi, hamda nostalgik va iliq tuyg‘ularni uyg‘otuvchi beozor bir bayramdir. Lekin, boshqalar uchun bularning bari o‘zbek qadriyatlariga yot bo‘lgan an‘analardir va ularni man etish kerak.

Biz mushtariylarimizdan "Siz qanday fikrdasiz? Siz bu bayram va uning nishonlanish tarzi saqlanib qolishi kerak, deb o‘ylaysizmi yoki bunga qarshimisiz?" - deb so‘radik.

Bakhodir Maks yozishicha, "O‘zbekiston va dunyoning ko‘p davlatlari Grigorian kalendarni ishlatadi. Bu yaxshi va ancha aniq kalendar. Bir kunlik xato 3300 yilda keladi. Yana biz o‘lchovlar uchun kilogramm, litr, metrni ishlatamiz. Bu ham qulay. Hamma narsani din bilan o‘lchayverib rivojlanmay qolib ketmaylik. 1 yanvar bu yangi yilning birinchi kuni. Eski yilni tugatamiz va yangi yilni kutib olamiz. Menga bu xursandchilik bag‘ishlaydi. Qorboboga kelsak, u kichkintoylarga sovg‘a olib keladi va ularni xursand kiladi. Bu ham yaxshi. Qadim zamonda shunday bir kichtintoylarni yangi yilda sovg‘a bilan xursand qilgan yaxshi inson bo‘lib utgan ekan. Avliyo bo‘lsalar kerak-da. Rojdestvo bu Iso payg‘ambarning tug‘ilgan kuni. O‘zbekistonda biz 21-martda Navro‘z bayramini ham qutlaymiz. Bu ham yaxshi. Archa bayram menga yoqadi".

Suyarqul Ostonaqul yozishicha, yangi yil "Ateistlar hukmronligi davrida ham nishonlangan. Hozirda ham yangi yil sifatida xohlagan nishonlasin, xohlamagan yuk. Amalda 99% O‘zbekiston aholisi nishonlaydi, faqat shunday maqolalar orqali odamlarning qichimagan joylarini qashlashga hojat yo‘q".

Iroda Muhitdinova "Yo‘q, yo‘q, aslo bu bayram bekor qilinmasin. O‘zi bitta yangi yil bayrami eng orzu qilib kutgan bayramimiz", - deb sharh qoldirgan.

Muharram Israilova fikrida ham "O‘zbekistonni yangi yilsiz tasavvur qilish qiyin. Ichkiliksiz ham o‘tkazsa bo‘ladi. Hamma o‘zi uchun javob beradi!!!!"

Matluba Kambarova ham yangi yil nishonlanishi tarafdori. U "Yangi yil bir marta bo‘ladi, buni o‘zgartirib bo‘lmaydi", deya sharh qoldirsa, Yuldosh Juraboev: "Men shahsan sovet davlatining farzandi sifatida Archa bayramni qo‘msayman, va saqlab qolgan bo‘lardim", - deya fikr bildirgan.

Yangi yil bayramiga diniy nuqtai nazardan qarovchi mushtariylarimiz esa uni yot tantana ekani, va hatto gunoh ish ekanligi haqida yozganlar.

Bek Blancos, masalan, "Diniy nuqtai nazardan bizga to‘g‘ri kelmaydi", - deydi, lekin "Ikkinchi tarafdan butun dunyo nishonlaydigan bayramni nishonlamaslik.."., - deya ochiq savol qoldirgan.

Ali Karimov "Yangi yil kuni hamma, ayniqsa yoshlar qiladigan xursandchilik qaniydi ikki ulug‘ hayitga ko‘chsa. Manimcha, bu yangi yil bayrami O‘zbekistonda qachonlardir to‘xtatilishi mumkin", - deb yozadi.

Hazard Leo esa "Buni taq to‘xtatib bo‘lmaydi, sekin-asta unutiladi", - deya sharh qoldirgan.

Hayot Malikning aytishicha, "tortni har kuni yesa bo‘laveradi, yangi yil bo‘lishi shartmas..".

Rashidov Ashraf yangi yilni Navro‘zning afzalliklari bilan solishtirgan. U: "Navro‘z musulmon xalqlarining taqvimida mustahkam o‘rin olgan eng sara bayramlardan biridir. U inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni anglatadigan noyob ijtimoiy hamda tabiiy hodisadir. Lekin, ayni paytda biz kutib olayotgan yangi yilning birinchi kuni - 1 yanvar to‘g‘risida bunday fikrni aytish mumkin emas, chunki bu marosim taqvimda turg‘unsiz bo‘lgan sun‘iy, ya‘ni kishilarning xohish-irodasiga bog‘liq holdan belgilangan san‘adir", deydiyu, Grigoryan kalendari asosidagi tadqiqotni chippakka chiqaradi.

Firuz Allaev fikrida yangi yil bayramining dinga aloqasi yo‘q. "Biz buni diniy sabablar uchun emas, huddi tug‘ilgan kun kabi bir yildan ikkinchi yilga o‘tish uchun nishonlaymiz. Yangi yil hatto nasroniylarda ham diniy bayram emas. Nasroniylarda Rojdestvo diniy bayram. Yangi yil O‘zbekistonda eng keng nishonlanadigan bayram, manimcha. Man bunda hech qanaqa yomonlikni ko‘rmayapman. Keyin, dunyoviy davlatda yashab turibmiz, bu har kimning oilaviy yo shaxsiy ishi. O‘zbekiston 31 million aholi yashaydigan katta davlat, bu davlatda musulmonlar bilan birga boshqa din vakillari ham bor, ularning erkinligini hech kim chegaralab qo‘yolmaydi".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002