Turkiya boshlang‘ich sinflarga islom darsini kiritmoqchi

Image copyright Reuters
Image caption Muxolifatga ko‘ra, Erdo‘g‘on partiyasi maktab maorif dasturiga aralashmoqda

Turkiyaning maorif bo‘yicha kengashi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun majburiy diniy darslarni kiritish, hamda bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilariga "qadriyatlarni singdirish" mashg‘ulotini o‘tkazish taklifi uchun tanqid qilingan.

Tanqidchilar xavotiricha, hukumat shu tariqa dunyoviy maorif tizimini islomiylashtirishga urinayapti.

Kengash maslahati Turkiya maorif vazirligi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Ayni paytda Turkiyada diniy ta‘lim to‘qqiz yoshdan katta maktab o‘quvchilari uchun majburiy sanaladi. Biroq ta‘lim kengashining yillik yig‘ilishida olti yoshdan boshlab diniy darslarni kiritish taklif qilindi.

Kengash taklifiga ko‘ra, boshqa o‘quvchilar uchun diniy dars soatlarini haftasiga bir soatdan ikki soatgacha oshirish ko‘zda tutiladi.

Uch yil oldin Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘on diniy ta‘limli avlodni kamol toptirishga va‘da bergan edi. Kuzatuvchilar fikricha, hozirgi qadamlar ana shu g‘oyaning hayotga tadbiq etilishiga yo‘naltirilgandir.

Bir yil oldin Turkiyada uzoq yillar amal qilib kelgan davlat idoralarida ro‘mol o‘rash taqiqi bekor qilindi. Ushbu holat ham tanqidchilar nazdida Turkiya jamiyatining islomiylashtirish tomon qadam tashlashi deya baholangandi.

Turkiya konstitutsiya bo‘yicha dunyoviy davlat hisoblanadi. Tanqidchilar Erdo‘g‘on va uning Adalot va taraqqiyot partiyasini amaldagi holatni o‘zgartirishga urinayotganlikda ayblaydilar.

Qur‘onni yod olish

Taklif qilingan islohotlar qatorida to‘rtinchi va undan yuqori sinf o‘quvchilari "Qur‘onni yod olishlari uchun" ikki yilgacha muddat ta‘til olishlariga imkon berish aytiladi.

Shuningdek, Kengash sayyohlik biznesi fakulteti talabalariga alkogolli ichimliklar bilan xizmat ko‘rsatish darslarini bekor qilish taklif qilgan.

Diniy darslar Turkiyada yuqori sinf o‘quvchilari uchun majburiy sanaladi.

Turk ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, kengashning bir qancha a‘zolari bolalar bog‘chalarida qadriyatlarni o‘rgatish tashabbusi bilan chiqqan, ammo g‘azabnok bahslardan so‘ng bu tashabbusni muhokamasi qoldirilgan.

"Zaman" ro‘znomasi yozishicha, tashabbusga qarshilar ateizmda tanqidlarga uchraganlar.

Muxolifat boshqaruvdagi Adolat va taraqqiyot islomiy partiyasini o‘rta maktab maorif dasturiga aralashmoqda, deydi.

Muxolifat faollaridan Kamol Qilichdoro‘g‘li maorif kengashi o‘zining tavsiyalari bilan jamiyatni o‘tmishga qaytarmoqchi bo‘layapti, deb aytgan.

Islomiylarga qarshi kurash

Ayni vaqtda Ovro‘po Ittifoqi Turkiyani "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda yordam berishga chaqirmoqda.

Shu kunlarda Turkiyaga safar qilgan Ovro‘po Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini mahalliy hukumatni Suriyadagi "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda faol bo‘lishga ko‘ndirmoqchi.

Mogerini va Ovro‘po Ittifoqining boshqa mulozimlari Turkiyani xorijdan kelayotgan jangarilarni chegaradan o‘tkazmaslik qo‘shimcha choralarini ko‘rishga chaqirmoqda.

Mogerini Anqarada Turkiyaning Ovro‘po Ittifoqiga kirish istiqbollari muhokama qilishini aytgan.

Turkiyaning Ovro‘po Ittifoqiga kirish haqida muzokaralari 2005 yildan buyon davom etadi, biroq Kipr orollari borasidagi kelishmovchiliklar va Ittifoqning ba‘zi a‘zolarining o‘z saflariga Turkiyani qo‘shmaslik xohishlari tufayli amalga oshmay kelmoqda.

Ovro‘po Ittifoqi Turkiya Islomiy davlatga qarshi kurashda katta yordam berishi mumkin deb biladi.

Turkiya Suriya va Iroqqa o‘tuvchi jangari guruhlar uchun tranzit yo‘l bo‘lib qolgani sir emas.

Turkiya hukumati o‘z navbatida Ovro‘po Ittifoqi davlatlari jangarilar mintaqaga yetib kelmasliklari chorasini ko‘rishlari lozimligini uqtirgan. Hamda rasmiy Anqara Suriyalik qochqinlarga katta yordam berayotgani, ikki milliondan ortiq suriyalik qochqinlarni olib o‘tirganini aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002