BBCga aytaman: "Vatanni sevmoq iymondandir!"

Image caption "Asl vatanparvar bo‘lish uchun faqatgina mamlakat ichida bo‘lish shartmikan?"

So‘nggi vaqtda O‘zbekiston televideniyesining dasturlari orasida turli tok shoylar ko‘payib bormoqda. Bu yaxshi, albatta! Lekin ularning ko‘pchiligi bir-biriga o‘xshash.

Odatda, auditoriyada kollej talabalari ma‘naviyat, oliy qadriyat va milliy ruhni hamda tashqi ta‘sirga qarshi immunitetni shakllantirish xaqida bulbuligo‘yo bo‘lib sayrashadi.

Ularni tinglasang, ba‘zida so‘zlarni avvaldan tayorlab yodlab olishgandek tuyuladi. Sababi hali ona suti ogzidan ketmagan bolakaylar kattalarga qanday yashash haqida nasihatlar qilishadi.

Ko‘p hollarda o‘zlari hali borib o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmagan chet mamlakalarning urf-odatlari-yu turmush-tarzlarini bir ovozdan tanqid qilib qoralab chiqishadi.

"Hey, baraka topgurlar, avval chetga chiqinglar, o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘ringlar… Har joyning pasti-balandi, yaxshi-yomon tarafi bo‘ladi…Yaxshi tomonini o‘rganib O‘zbekistonda tadbiq etishning nima yomon tarafi bor", deb ijtimoiy tarmoqlar orqali chetdan turib aytsang. Darrov qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar deganlaridek, "vatanfurush, vatangado…" degan tamg‘ani bosishga urinishadi.

Shularga bir savol berging keladi kishi – vatan sening nazaringda nimadan iborat?- degan. Bu siyosiy xaritada belgilangan chegaralarning ichimi?

Axir, bu xarita SSSRdan meros qolgan hudud emasmi?! Kengroq fikrlab, masalaga chuqurroq yondoshib qarasak, avvallari o‘zbeklar uchun Turkiston, undan oldinroq esa Movoraunnahr, yana ham ilgariroq sohibqiron Amir Temur zabt etgan yerlar… Tarix sahifalarini yanada sinchiklab ko‘rsak, bobokalonimiz Beruniy nazariy jihatdan kashf etgan, deyiladigan Amerika qit‘asini ham vatan deb atasa bo‘ladi.

Xullas, butun yer yuzi inson uchun vatan, toki u seni va sening yaqinlaringni qabul qilsa, u yerdagi jamiyat sening haq-huquq va erkinliklaringni tan olib hurmat qilsa.

Qolaversa, bu masalaga diniy yondashsak, birinchi odam yer yuziga jannatdan badarg‘a qilinganini hisobga olgan holda, insonning asl vatani jannat ekani yaqqol namoyon bo‘ladi.

Demak-ki, har bir shaxs umri mobaynida asl vataniga intilib yashashi kerak. Buni qanday amalga oshirish mumkin? Javob oddiy, haromdan saqlanib halolga intilib yashamoqni iroda qilish. "Haromxo‘rlik" so‘zi zamonaviy talqinda "korruptsiya" deb atalishini nazarda tutsak, har bir shaxs undan saqlanib yashaydigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan korruptsiya degan baloga chek qo‘yiladi. Va unga qarshi hech qanday dasturul-amallar kerak bo‘lmay qoladi. Oqibatda, barcha dolzarb muammolar ham o‘z-o‘zidan hal bo‘lib ketadi.

Masalan, korruptsiyadan jabr ko‘rib chetga muhojirlik qilib yurganlar ham o‘z uylarida oila a‘zolari oldida o‘tirardilar. Shu o‘rinda, asl vatanparvar bo‘lish uchun faqatgina mamlakat ichida bo‘lish shartmikan, degan savol tug‘iladi. Vatan ravnaqi, tarraqiyoti uchun qaerdan turib hissa qo‘shishning ahamiyati bo‘lmasa kerak. Xullas, "Batanni sevmoq iymondandir!".

Toshkentlik jurnalist.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002