Zarbaga hozir: Afg‘onistonning "Brus Li"si

Image copyright BBC World Service

Bor-yo‘g‘i bundan bir necha hafta burun Abbos Alizodani hech kim tanimasdi.

Abbos ham nochorgina, ammo orzulari osmondagi oyni ko‘zlagan afg‘onistonlik yigitchalardan biri edi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ammo Hollivud afsonasi, Sharq yakka kurashi ustasi Brus Lining mashhur zarbasini takrorlab tushgan suratini Facebook ka qo‘ydiyu, boshi "balo"ga qoldi.

Poytaxt Kobul atrofida yashovchi Kung-fu ustasi bir zumda ijtimoiy muloqot tarmog‘ining yangi qahramoniga aylandi.

Bir tomonda marhum Brus Li, boshqasida Abbosjon mushaklarini o‘ynatib turgan bu rangli surat uncha-muncha odamni befarq qoldirmadi.

Image copyright BBC World Service
Image copyright BBC World Service

Suratning o‘zi ham yana "Eski ajdarho – Yangi ajdarho", deb nomlanganiga nima deysiz?

Ustiga ustak, 21 yoshli Abbosjon kimsan Brus Liga bir tomchi suvdek o‘xshab tursa...

Brus Lining filmlariga "oshiq" bo‘lib qolgan paytida qahramonimiz bor-yo‘g‘i 14 yoshda bo‘lgan.

Sharq yakkakurashi ustalari Brus Li va Jeki Chan ijrosidagi filmlarni Afg‘onistonda hamisha sevib tomosha qilishgan.

Shu boismi, bu kabi filmlarni hech qachon mahalliy bozorlarda qidirib, esingiz ketmagan: Har doim rastalarning "guli" bo‘lib kelgan.

Abbos ham boshqa ko‘plab film shinavandalariga o‘xshab, bu ikkovlonga taqlid qilishni boshlaydi va hatto, Kung-funi rostmanasiga o‘rganishni ko‘ngliga tugib qo‘yadi.

Kobuldagi sport klublaridan biriga qatnay boshlaydi, ammo oilasining qo‘li kaltaligi bois, mashg‘ulotlari yarim yo‘lda qolib ketadi.

Ammo, bunga qaramay, Abbosjon orzusidan voz kechmaydi: Uyda o‘zi shug‘ullanishda davom etadi.

Image copyright BBC World Service

O‘rta maktabni tugatishga muvaffaq bo‘lganiga qaramay, aynan oilasining nochorligi sabab, oliy tahsilni xayoliga ham keltira olmaydi.

Miyasiga qon quyilishi natijasida otasi Muhammad Rizo yarim jon bo‘lib qolarkan, hayot kechirishlari bundan-da qiyinlashadi.

Lekin, shunda ham, uyidagilari bir kun kelib Abbosjonning orzulari ushalishiga qattiq ishonishadi:

"Abbos 14 yoshda ekani chog‘i Kung-fu bilan o‘zicha shug‘ullana boshlagan. Chunki nochorligimiz bois, o‘shanda biz uni professional sport klubiga berolmaganmiz", - deydi otasi.

"O‘g‘limni orzulariga o‘zing yetkazgin, farzandim o‘z davrining "Brus Li"siga aylansin, deb har doim Xudoga nola qilaman", - deya so‘zlarida davom etadi u kishi.

Abbos Alizoda

O‘zboshicha shug‘ullanishiga to‘g‘ri kelganiga qaramay, Abbos birgina Brus Lichasiga zarba berishga usta emas.

Image copyright BBC World Service
Image copyright BBC World Service

Qahramonimiz filmlarini ko‘raverib, Brus Lining hamma xatti-harakatlari va marhum Hollivud yulduzini yanada mashhur qilgan "Nunchaku" tayoqlarini o‘ynatishni ham puxta egallab olgan.

Suhbatimiz jarayonida Abbos o‘zining bor "san‘ati"ni bizga ham namoyish etadi.

Kobuldagi "Dorulomon" saroyi sahnida yoshgina suhbatdoshimiz Brus Li "Qahr zarbasi" va "Ajdarho yo‘li" filmlarida kattayu kichik muxlislarini birdek tan oldirgan xatti-harakatlarini bizga uning xuddi o‘zidek takrorlab ko‘rsatadi.

"Iltimos, shu paytda meni suratga oling. Odamlar mening haqiqiy afg‘on Brus Lisi ekanimni ko‘rishsin, bilishsin, ishonishsin", - deydi Abbos bizga.

Afsonaviy Brus Lining yaktoligini e‘tirof etsa-da, Abbosjon vaqti kelib mashhur Kung-fu ustasi yoki aktyor bo‘lib yetishish orzusida: U "yangi Brus Li" bo‘lsam, deydi.

Tan olish kerak, Abbosjon allaqachon o‘zining mahorati bilan odamlarning e‘tiborini tortib ulgurgan.

Yonimizda ekan, mobil telefoni bir zum ham tinim bilmaydi, muxlislari do‘st bo‘lish ilinjida unga har kuni yuzlab payg‘omlar yuborishadi.

Image copyright BBC World Service

"Ulardan ayrimlari men bilan g‘ururlanishlarini aytishadi. Boshqalari esa, suratning haqiqiyligiga ishonmay, meni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmoqchi bo‘lishadi", - deydi Abbos.

Suhbatdoshimizning o‘zi esa, kimsan Brus Liga biroz "raqib" bo‘lishga muvaffaq bo‘lganidan mamnun.

"Brus Li ham sportchi va ham inson sifatida odamlar uchun namuna bo‘lishga arziydi. So‘zsiz, hech kim uning o‘rnini bosolmaydi. Shu jumladan, men ham. Ammo, shunga qaramay, men tirik ekanman, Brus Lining izidan boraveraman", - deydi Abbos eng so‘nggida.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002