O‘zTVning 'besoqolboz jihodchilari va ekstremist fohishalari'

O‘zbekiston davlat televideniyesi orqali namoyish qilingan "Xiyonat" nomli dasturda Ovro‘poda go‘yoki jihodchilar saflariga qo‘shilayotgan o‘zbeklar besoqolbozlikda ayblangan.

Birinchi kanal orqali ko‘rsatilgan dastur Norvegiyaga safar qilib qaytgan olti o‘zbekistonlikning Ovro‘poda diniy ekstremistlar ta‘siri ostiga tushib qolganlarini da‘vo qiladi.

"O‘zlarini Islomiy e‘tiqodda deb bilgan bu shaxslarning diniy ekstremistik guruhdagi rahnamolari fatvosi bilan Islom dinida o‘ta og‘ir gunoh sanalgan besoqolbozlik bilan shug‘ullanib kelganligiga nima deysiz?" - deya savol beradi boshlovchi.

Ko‘rsatuvda o‘zbek televizion "tergov"iga oid an‘anaviy tarzda olti o‘zbekistonlik ko‘rsatma beradi. Ulardan biri Asadulla Xayrullayevich Rizqiyev Norvegiyaga kelganida uni notanish odamlar kutib olib, qochqin maqomini olish uchun yolg‘on gaplarni aytishni tavsiya qilganlari haqida so‘zlaydi.

U bir yildan oshiqki besoqolboz aloqada bo‘lib kelgani va jihodchi guruh tarkibida bo‘lganini ham aytdi.

Shuhrat Qodirovich Ilhomov deya tanishtirilgan yana bir shaxs ham bir vaqtning o‘zida jihod va besoqolbozlik bilan shug‘ullanishini aytadi.

Ko‘rsatuv "ekspertlari" o‘zbekistonliklar o‘z vatanlarida jinoyat sanalagan besoqolbozlikni ro‘kach qilib, Ovro‘poda boshpana olayotganlarini bildiradi.

Ko‘rsatuv uyushtiruvchilari nima uchun jihodga ishongan shaxslar Islomda gunoh deb sanalgan hamjins aloqalarga kirganlarini izohlamaydi va bu ayblovlarni dastaklovchi dalil-isbotni keltirmaydi.

"Yuqoridan buyruq"

Ko‘rsatuvni tomosha qilganda, agar bu yigitlar haqiqatdan ham hamjins bo‘lsalar, besoqolbozlik yo‘l ochib berilgan Ovro‘poda nega yangi huquqlaridan bahra olmay, jihodga qo‘shildilar degan savol ham tug‘iladi.

Islomiy Davlat saflariga qo‘shilayotgan o‘zbeklar muammosi hozirda mavjud, lekin ularga bu kabi "tamg‘a" berib qoralash harakati avval kuzatilmagan.

Bir necha kun avval O‘zbekiston televideniyesi orqali Toshkent viloyatida ekstremistik oqimlarga kirgan fohisha ayollar haqida ham ko‘rsatuv namoyish qilingandi.

O‘zbekiston radiosida sobiq bo‘lim rahbari bo‘lib ishlagan, hozirda Turkiyada istiqomat qiluvchi Narzullo Ohunjonovning aytishicha, bu kabi ko‘rsatuvlar bevosita "yuqorining topshirig‘i bilan" tayyorlanadi.

"Esingizda bo‘lsa, bundan avval ham diniy yo‘llarga kirib ketganlar orasida bir-biri bilan xotin almashish, mana shunday aloqalarga kirishlari haqida dasturlar bo‘lgandi. Bu ularning rahbari bo‘lmish imomning obro‘sini to‘kish yo‘lida qilinadigan narsa bu", - deydi jurnalist.

Janob Ohunjonov bu kabi dasturlar tayyorlanishiga o‘z tajribasi davomida guvoh bo‘lganini aytadi.

"Avvalo bu ko‘rsatuvlar televideniye uchun qilinadi. Televideniyedagi maxsus kengashga kanalning bosh muharriri, kanal direktori yo o‘rinbosari kiritilmaydi. U yerda maxsus xizmatlar ruxsat bergan, vakolati bo‘lgan insonlar bor. Ular avval ko‘radi, keyin prezidentlik apparatidagi milliy xavfsizlik kengashi ko‘radi, keyin lozim bo‘lsa, prezidentning o‘zi ko‘radi. Undan keyin efirga beriladi. Televarianti ketgandan keyin, radioga beriladi", - deydi u.

Uning aytishicha, bu kabi ko‘rsatuvlarda ko‘rsatma bergan "aybdor shaxslar" ko‘rsatuvdan avval qattiq qiynoqlar ostida har qanday aybni o‘z bo‘ynilariga olishga rozi bo‘ladilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002