Suriya: Islomiy jangarilar harbiy bazani qo‘lga kiritganlar

Image copyright AP

Suriya manbalari xabar qilishicha, "An-Nusra jabhasi" jangarilari yakshanba kun boshlangan qaqshatqich janglar ortidan mamlakat shimoli-g‘arbidagi Suriya hukumati armiyasiga tegishli "Vadi al-Zayf" harbiy bazasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishgan.

Londonda joylashgan inson huquqlari kuzatish Suriya kengashiga ko‘ra, "An-Nusra jabhasi" jangarilariga "Jundul-Aqso" islomiy guruhi jangarilari madadga kelganlar.

So‘nggi yillarda jangarilar "Vadi al-Zayf" harbiy bazasini qo‘lga kiritish uchun bir necha marta hujum qilishgan, biroq buning uddasidan chiqa olmaganlar.

Talofotlar va qurbonlar haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

Suriya va Iroqda o‘zlarini jihodiy guruhlar deb ataydigan Nusra jabhasi va "Islomiy davlat" katta hududlarni o‘z nazoratiga ostiga olishga harakat qilmoqda.

Bundan oldin AQSh boshchiligidagi kuchlar "Islomiy Davlat"ga qarshi havo hujumlarini boshlagan.

Biroq "Nusra Jabhasi" "Islomiy Davlat"ni o‘ziga hamkor bilmasa ham, bu hujumlarni qoralagan va uni Islomga qarshi urush deb atagan.

"Bu davlatlar dahshatli amal qildilar. Bu narsa ularni butun dunyodagi jihodchilarning nishoniga aylantiradi. Bu "Nusra Jabhasi"ga qarshi emas, Islomga qarshi urush", deb aytgan jabha so‘zchisi Abu Firas al-Suriy.

Amerika havo hujumlarida "Nusra Jabhasi"ni nishonga olish niyatida ekanini e‘lon qilmagan, koalitsiyaning ilk hujumlaridan biri Suriyadagi "Xuroson" deb nomlangan guruh mavqelarini nishonga olgan.

"Xuroson" "Nusra Jabhasi" tarkibidagi guruh deb ko‘riladi.

O‘zini "Islomiy davlat" deb atagan guruh Iroq va Suriyaning katta hududlarini o‘z nazorati ostiga olib islomiy xalifalik barpo etganini e‘lon qilganidan keyin AQSh Iroqdagi jangarilarni havo hujumlariga tutdi.

"Islomiy Davlat" guruhining shafqatsizligi, ommaviy qatllar va inson boshini tanasidan judo qilishlar, diniy va milliy ozchilik vakili bo‘lgan insonlarni ta‘qib qilishi xalqaro miqyosda bu guruhga qarshi kurash boshlashga turtki bo‘ldi.

An-Nusra jabhasi jangchilari ham Suriyadagi janglarda Bashar al-Assad armiyasiga askarlariga nisbatan shafqatsiz amallari bilan nom chiqargan. Ijtimoiy tarmoqlarda askarlarni ommaviy qatli aks etgan videolavhalar tarqalgan. Ba‘zi ma‘mulotlarga qaraganda, An-Nusra jabhasi tarkibida o‘zbek millatiga mansub jangarilar ham bor.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002