Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yangi bitimga erishildi

Image copyright Reuters
Image caption BMT a‘zolarining milliy majburiyatlar borasida muzokaralari bahsli kechgan

Peru poytaxti Limada 190 davlat vakillari iqlim o‘zgarishi muammosini qanday hal qilish bo‘yicha 48 soatli muzokaralardan so‘ng kelishuvga erishganlar.

Delegatlar keyingi yil Parijda o‘tadigan sammitda taqdim qilinadigan milliy majburiyatlar asosini tasdiqlaganlar.

Yangi kelishuv istiqbolda Kioto protokoli o‘rnini egallashi taklif qilingan.

Anjumanning asosiy vazifalaridan biri, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar miqdorini kamaytirishdir.

Image copyright Reuters

Olimlar fikricha, bu global isish ko‘rsatkichini 2 daraja past ushlab turishga imkon berishi kerak.

Global iqlim isishiga atmosferaga ko‘p miqdordagi issiqxona gazlari chiqarilayotgani sabab bo‘layotgani aytiladi.

Buning oqibatida tabiiy ofatlar ko‘paygani, qishda haddan ziyod sovuq, yozda esa havo harorati me‘yordagidan ko‘tarilib ketayotganini aytadilar global iqlim isishiga qarshi kurash faollari.

Oktyabr oyida Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari 2030 yilgacha muddatga belgilangan iqlim va energetik kelishuvga erishganlar. Undan maqsad ichki zaharli gazlar miqdorini 40 foizgacha qisqartirish nazarda tutiladi.

Noyabr oyida Xitoy va AQSh rahbarlari ham o‘zlarining iqlim o‘zgarishiga oid rejalarini bildirganlar. Xitoy 2030 yildan keyin zaharli gazlarni tashqariga chiqarishni oshirmaslikka rozi bo‘lgan. AQSh 2025 yilga borib zararli gazlar miqdorini 2005 yilga solishtirganda 28 foizgacha kamaytirish rejasini bildirgandi.

Image copyright AP

Perudagi anjuman chog‘ida loyiha matni borasida turfafikrlilik muzokaralarga sabab bo‘lgan. Dunyoning boy va kambag‘al davlatlari havoga chiqayotgan uglerod gazining miqdorini kamaytirishga oid majburiyatlarni aniqlashda bir qarorga kelishlari qiyin bo‘lgan. Rivojlanayotgan davlat vakillari qudratli mamlakatlarni iqlim o‘zgarishi bo‘yicha zimmalaridagi majburiyatlarni bajarishni xohlamayotgani va uning zararlarini qoplashdan bosh tortayotganlikda ayblaganlar.

Image copyright Reuters

Anjumanga raislik qilgan Peru Atrof muhitni asrash vaziri Manuel Pulgarning jurnalistlarga aytishicha, yakuniy loyiha muammoni yengillashtiradi. Kelishuv matni nuqsonlardan xoli bo‘lmasa ham, u tomonlarning nuqtai-nazarlarini aks ettiradi".

"Biz o‘zimiz xohlagan narsaga erishdik, zaharli gazlarni qisqartirish bo‘yicha asosiy mas‘uliyat boy mamlakatlar zimmasida qoladi", degan Hindiston vakili Prakash Javidakar.

Bundan oldinroq AQSh Davlat kotibi Jon Kerri muzokarachilarga qarata har bir mamlakat mas‘uliyatni his qilishi kerakligini aytgan.

"Bilaman, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bu qiyin. Lekin, bir narsani esda tutaylik, zaxarli chiqindilarning yarmidan ko‘pi bugunda aynan rivojlanayotgan mamlakatlardan chiqayapti, shunday ekan, ular ham chora ko‘rishi zarur", - deya ta‘kidlagandi Kerri janoblari.

Xitoy kabi davlatlar boy mamlakatlar ko‘proq majburiyatga ega bo‘lishi kerak degan qarashdalar.

Shuningdek, anjumanda boy mamlakatlar rivojlanayotgan davlatlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlarini hal qilishda moliyaviy ko‘maklashish sxemasi tuzilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002