Fazliddin Qurbonov mahkamasini cho‘zishni so‘rashmoqda

Image caption Fazliddin Qurbonovga nisbatan terrorizm bilan bog‘liq besh band bo‘yicha ayblov ilgari surilgan

Aydaxo shtati prokurorlari federal hakamdan terrorizm bandlari bo‘yniga qo‘yilgan 31 yoshli o‘zbekistonlik Fazliddin Qurbonov mahkamasini yana ortga surishni so‘raganlar.

Fazliddin Qurbonov 2013 yilning 16 mayida Boyse shahridagi uyida hibsga olingan edi.

Uning ustidan ilk mahkama o‘tgan yil iyul oyida o‘tkazilgan, Fazliddin Qurbonov o‘ziga nisbatan ilgari surilgan uch bandli ayblovni tan olmagan.

Federal prokurorlar Qurbonov ustidan mahkamani bir yildan keyin boshlashni so‘rashgan, buning sababini jinoyat ishining "o‘ta chalkash" ekani bilan izohlashgan.

Aydaxo shtatida O‘zbekiston fuqarosiga terrorchilarga va xorijiy terrorchilik tashkiloti deb tan olingan O‘zbekiston Islomiy harakatiga moddiy ko‘mak berish uchun til biriktirish, portlovchi moddaga egalik qilish ayblovlari qo‘yilgan.

Yuta shtatida esa unga portlovchi modda yasashni o‘rgatish ayblovi qo‘yilgan.

Hozirga kelib Fazliddin Qurbonovga nisbatan terrorizm bilan bog‘liq besh band bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

Fazliddin Qurbonovning 2013 yil yanvar oyida qanday qilib portlovchi modda yasash, kerakli ashyolarni qayerdan sotib olish bobida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgani, internetdan maxsus videolavhalarni topib, namoyish etgani aytilgan.

Aydaxo shtati Qochqinlar idorasiga ko‘ra, Fazliddin Qurbonov 2009 yil avgustida qochqin maqomini olganidan keyin Boyse shahrida o‘rnashgan.

Rasmiylar uning AQShda qonuniy yashaganini aytmoqdalar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002