Erdogan: reydlar so‘z erkinligini bo‘g‘ish emas

Image copyright APd

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on muxolifat jurnalistlarning hibsga olinishini qoralagan Ovro‘po Ittifoqiga qarata g‘azabnok nutq bilan chiqqan.

"Ovro‘po Ittifoqi o‘zining ishi bilan shug‘ullansin va xulosalari o‘zida qolsin", - degan janob Erdo‘g‘on Turkiyada politsiya tomonidan o‘tkazilgan reydlar erkin matbuot tamoyillarining buzilishi degan tanqidlarga javoban.

Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari o‘tkazilgan reydlar va hibsga olishlar Ovro‘po qadriyatlariga to‘g‘ri kelmasligini ta‘kidlaganlar.

14 dekabr kuni kamida 24 turk jurnalisti hibsga olingan, ularga noqonuniy tashkilot tuzish va hokimiyatni noqonuniy bosib olishga urinish ayblovlari ilgari surilgandi.

Image copyright Getty

Amaliyotlar Samanyolu TV teleshirkati va Zaman ro‘znomasi tahririyatlari binosida o‘tkazilgan.

Bu tahririyatlarning AQShda yashaydigan turkiyalik diniy ulamo Fetxulla Gulen bilan yaqin aloqalarda ekani aytiladi.

Erdo‘g‘onning sobiq hamkori Gulenning o‘zi Turkiyaning ichida parallel hukumat tuzganlikda ayblanadi.

Turkiyada janob Gulenning hammaslaklari ko‘p deb ishoniladi.

Ahamiyatsiz

Ovro‘po Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha vakili Federiko Mogerini va Ovro‘po Ittifoqiga a‘zolik bo‘yicha muzokaralarga mas‘ul Yoxannes Xanning rasmiy bayonotida aytilishicha, bu kabi hibslar va tintuvlar erkin matbuot shartlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Ular, shuningdek, Turkiyaning Ovro‘po Ittifoqiga qabul qilinishi "qonunlarga to‘liq rioya qilish"ga bog‘liqdir, deya ta‘kidlaganlar.

Image copyright AFP

Biroq dushanba kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on, "nima, ular(ovro‘poliklar) to‘liq ishonch bilan murojaat qilishlariga qaraganda, bunday amaliyotlardan xabardor bo‘lganlarmi? Bizga bu haqda Ovro‘po Ittifoqi nima deyishining butunlay ahamiyati yo‘q. Ular bizga Ovro‘po Ittifoqi a‘zoligini berishlari yoki yo‘qligining ham", deb aytgan.

Janob Erdo‘g‘on, reydlar Turkiya davlatini barbod etishni ko‘zlagan "iflos amaliyotlar"ga qarshi javob, deb aytgan.

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto‘g‘li bosh maslahatchisi Eten Maxjubyanning BBCga aytishicha, "Bizda Gulen harakatining bir qancha a‘zolari qonunga qarshi faoliyat yuritganlari haqida ma‘lumotlar bor. Shuningdek, aynan bu jurnalistlarning shu harakatga aloqador ekanliklari haqida ham asoslarimiz bor".

Reyddan bir necha kun oldin Prezident Erdo‘g‘on Turkiyada muxolifatdagi Gulenning tarafdorlariga qarshi yangi kampaniya boshlashga va‘da bergandi.

O‘tgan yili ham janob Erdo‘g‘on bir necha marta huquq-tartibot idoralaridagi "gulenchilar"ni korruptsiya ayblovlaridan foydalanib, o‘zini qudratdan ag‘darishga erishmoqchi bo‘lganlikda ayblagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002