Medvedev Nazarboyev bilan uchrashuvga baland poshnada borgani muhokamada

Image caption Suratlarda Medvedev janoblari platformada ekanligi aniq ko‘rinib qolgan

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvga baland poshnada tashrif buyurgani jurnalistlarning e‘tiboriga tushgan.

Ayni paytda Medvedevning platformalik poyafzali aks etgan rasmi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylangan.

Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati uchrashuv mobaynida olingan suratlarni chop etgan. Unda Medvedev janoblari platformada ekanligi aniq ko‘rinib qolgan.

Qozog‘iston Prezidenti uchrashuvga an‘anaviy tufli kiyishni ma‘qul ko‘rgan. Biroq Rossiya Bosh vaziri yarim santimetr platformalik tuflini tanlagan.

Dmitriy Medvedev o‘zining uncha baland bo‘lmagan 163 sm bo‘yini shu tariqa uzaytirmoqchi bo‘lgani anglashiladi.

Bundan tashqari, Nursulton Nazarboyev ham u qadar novcha hisoblanmas ekan. Rasmiy bo‘lmagan manbalarga ko‘ra, Nazarboyevning bo‘yi 170 smga teng. Aytilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning uzunligi xam shunday.

Siyosatchilar orasida eng novcha bo‘yligi deb Gurjiston va Ukrainaning sobiq prezidentlarini aytish mumkin.

Mixail Saakashvili va Viktor Yanukovichning bo‘ylari bir xil - 192 sm ekani keltirilgan.

Shuningdek, umumiy manzarada Belorus va AQSh rahbarlari ham bo‘ychanlikda ajralib turadi. Barak Obamaning bo‘yi 185 sm, Aleksandr Lukashenko esa 188 sm hisoblanarkan.

Eng bo‘yi past siyosatchilar qatoriga Dmitriy Medvedev, Shimoliy Koreyaning marhum prezidenti Kim Chen Ir(162 sm) va Eronning sobiq prezidenti Mahmud Axmadinejot(157sm) kiritilgan.

Arxiv suratlariga ko‘ra, Kommunistik firqaning Bosh kotibi Stalin ham xorijiy rahbarlar bilan uchrashuvga baland poshnada borgani muhrlangan.

Norasmiy ma‘lumotlarda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning bo‘yi kanchaga tengligi ko‘rsatilmagan.

Image caption "Kim ayta oladi - bu poyafzalning firmasi qanday?"

Ijtimoiy tarmoqlarda esa Medvedevning poyafzali xaqida bahslar davom etmoqda.

Tigran Vartanyan ismli foydalanuvchi "Kim ayta oladi - bu poyafzalning firmasi qanday? Agar patriot bo‘lsa, bu - Skoroxod fabrikasi bo‘lsa kerak", deb yozadi.

Sandro Touchmalichviga ko‘ra, aynan kerak tuflicha shudir.

Natasha Kuplyakova bo‘lsa "Bu tuflicha Prada"niki deb qo‘shimcha qiladi.

"Platforma esa hazilakam "kichkina" emas", deya izoh qoldiradi yana birovi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002