Pokiston: "Tolibon maktabga hujum qilib 100 dan ortiq bolani o‘ldirgan"

Image copyright AFP

Peshovar shahridagi maktabga hujum qilgan Tolibon jangarilari kamida 140 insonni o‘ldirganlar, ulardan aksari maktab o‘quvchilari bo‘lgan. Qonli fojeadan keyin Peshovarda dafn marosimlari boshlangan.

Xabarlarga ko‘ra, ayniqsa, xudkushlik hujumida ko‘p kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Qurbonlar orasida o‘qituvchilar va yarim harbiylarning ham borliklari aytiladi.

Hujum mahalliy vaqt bilan ertalab soat o‘nlarda uyushtirilgan.

Harbiylar kiyimini kiyib olgan besh yoki olti jangari maktabga kirib borganlar, deb aytmoqdalar rasmiylar.

Shundan so‘ng otishma va portlash ovozlari eshitilgan.

Maktabni xavfsizlik kuchlari o‘rab olgan.

Image copyright AP

Pokiston armiyasi xabar qilishicha, maktabning 500 o‘quvchisi evakuatsiya qilingan.

Yana qancha o‘quvchini jangarilar garovda ushlab turishgani aniq emas.

Bu maktab Pokiston armiyasi qaramog‘idagi maktab bo‘lgan.

Tolibon maktabga hujum uchun mas‘uliyatni zimmasiga olgan.

Tolibon so‘zchisining aytishicha, bu hujum Pokiston armiyasining jangarilarga qarshi oxirgi vaqtlarda o‘tkazgan harbiy amaliyotlariga javob bo‘lgan.

Eng qonli hujum

Maktab xodimi "Reyter" axborot agentligi bilan suhbatida maktab devoridan oshib tushayotgan olti kishini ko‘rib, avvaliga bolalar qandaydir o‘yin o‘ynashyapti, degan xayolga borgani, ammo keyin ularning juda kuchli qurollanganliklariga guvoh bo‘lganini aytgan.

Ular o‘t ochishni boshlashlari bilan sinfxonalarga qarab yugurdik. Ammo ular har bir sinfxonaga kirib borib, bolalarni otib tashlashdi, deydi u.

Maktabning boshqa bir xodimi va o‘quvchisining so‘zlariga ko‘ra esa, hujumchilar maktabning bir guruh harbiylar bolalarga qanday qilib tez yordam ko‘rsatishni o‘rgatayotgan sinfxonasiga kirib kelishgan.

Mahalliy aholining aytishicha, buning ortidan o‘qituvchilar va o‘quvchilarning chinqirgan tovushlari eshitilgan.

Sathga "Tez yordam" mashinalari yetib kelgan. Yaradorlar yaqindagi shifoxonaga yetkazilgan.

Hujum ortidan, Peshovardagi katta yo‘llar yopib qo‘yilgan.

Toliblarning nishoniga aylangan maktabning o‘zi esa, shahar chekkasidagi harbiy mavzesida joylashgan.

O‘quvchilarning aksariyati ham harbiylar bolalari bo‘lishgan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, Pokiston bu yaqin yillar ichida bu kabi qonli hujumga sahna bo‘lmagandi.

Ustiga ustak, Peshovardagi so‘nggi hujum Pokiston Qurolli kuchlarining toliblarga qarshi Shimoliy Vaziristonda boshlagan keng ko‘lamli harbiy amaliyotdan yetti oycha o‘tib kuzatilmoqda.

Hozir Pokiston poytaxti Islomobodda bo‘lgan BBC muharriri Amir Ahmad Xonning aytishicha, begunoh maktab bolalarining o‘ldirishi ko‘pchilikni ruhan larzaga solib qo‘ygan.

O‘tgan yaqin yillar ichida shundoq ham minglab oddiy pokistonliklar jangarilarning hujumlari qurbon bo‘lishgan.

Harbiylar voizining aytishicha, toliblar aynan Shimoliy Vaziristondagi harbiy amaliyotlariga javoban bugungi hujumni uyushtirishgan.

Ushbu mintaqada haliyam davom etayotgan harbiy amaliyotlarda yuzlab Tolibon jangarilarining o‘ldirilganliklari aytiladi.

Biroz avval Peshvarga yetib borgan Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif yuz bergan hujum "milliy fojea" ekanini aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002