"Rossiya va Ukraina vaqtni boy bermasligi kerak"

Image copyright Reuters

Olmoniya kantsleri Angela Merkel va Frantsiya Prezidenti Fransua Olland Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Pyotr Poroshenkoni "vaqtni ketkizmay" Ukraina sharqidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga chaqirganlar.

To‘rt davlat rahbarlari o‘rtasidagi telefon muloqoti seshanba kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan.

Frantsiya Prezidenti matbuot xizmati xabarida aytilishicha, telefon orqali suhbatda Kiyev, Moskva va Ukraina sharqidagi bo‘lginchi tuzilmalar Minskdagi muzokaralarni imkon boricha tezroq boshlashlari kerakligi masalahat berilgan. Hamda o‘t ochishni to‘xtatish, asirlarni to‘liq ravishda almashish va bo‘lginchilar nazorati ostidagi hududlarda insonparvarlik vaziyatini yaxshilash lozimligi aytilgan.

Image copyright REUTERS

Shuningdek, muloqot chog‘ida Ukraina sharqiga insonparvarlik yordami jo‘natish muammolariga ham e‘tibor qaratilgan.

Bundan oldin Kiyev bir necha bor Moskvani Ukraina hukumatining ruxsatisiz Donbassga avtokalonna jo‘natganlikda ayblagandi.

Kecha bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Rossiyadan Ukrainaga boradigan ko‘mak mashinalari Ukraina qonunlariga muvofiq o‘tkazilishi zarurligi bildirilgan.

Kreml tarqatgan xabarga ko‘ra, "Jabrlangan hududlarni iqtisodiy tiklash hamda aholiga gumanitar va ijtimoiy ko‘mak berish masalasi ko‘rib chiqildi".

Yangi sanktsiyalar

Image copyright EPA

Ayni paytda Oq Uyning bildirishicha, AQSh Prezidenti Barak Obama shu hafta oxirigacha kongress tomonidan qabul qilingan Rossiyaga yangi sanktsiyalar kiritish va Ukrainaga yordam berish bo‘yicha qonunini imzolashi kutilmoqda.

Oq Uy matbuot xizmati so‘zchisi Jon Ernestning so‘zlariga qaraganda, "Ukraina erkinligini dastaklash" qonuni Rossiya mudofaa sanoatiga sanktsiyalar kiritishni ko‘zda tutadi. Qonun o‘tgan hafta ko‘pchilik ovoz bilan kongressda qabul qilingan.

Agar qonun loyihasi tasdiqlansa, AQSh Rossiyaning "Rosoboroneksport" va boshqa mudofaa korxonalariga nisbatan jazo choralari kiritadi.

Qonun shuningdek Obamaga Ukrainaga majburiy bo‘lmagan harbiy yordam ko‘rsatishga ruxsat beradi.

Bundan tashqari alohida shaxslarga jazo choralari ro‘yxati kengaytiriladi.

AQSh rasmiylari aytishicha, mart oyidan buyon Qrim annektsiyasi va Ukrainadagi vaziyat bois kiritilgan jazo choralari Rossiya iqtisodiga mislsiz zarar keltirgan.

17 dekabr ma‘lumotlari bo‘yicha, Moskva ochiq birjalarida dollarning rublga nisbatan qiymati yana besh rublga oshgan va bir dollar 72,5 rubl, bir yevro 88,5 rublga yetgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002