"O‘zbekistonga nima uchun inqilob kerak emas?"

Image caption O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar o‘tkazish uchun hali imkon bor, deb yozadi jurnalist

Samarqandlik jurnalist va blogger Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘z blogida saytida "O‘zbekistonga inqilob kerak emas" degan sarlavha ostida maqola e‘lon qilgan va nima uchun inqilob kerak emasligi haqida mulohaza yuritgan.

Jurnalist buning uchun avvalo postsovet respublikalarida sodir bo‘layotgan voqealarni tahlil qiladi va O‘zbekistonning taqdiri haqida fikrlaydi.

Jurnalistning fikricha, mamlakatda mavjud muammolar aholini radikal harakatlarga boshlamasligining yagona yo‘li hukumatning xalq bilan hamkorlik qilishidir.

"Men O‘zbekiston uchun har qanday inqilob halokatli deb o‘ylayman. Radikalizm, oldindan aytib bo‘lmaydigan okibatlarga olib kelishi mumkin. Mamlakatda klanlar, etnoslar, turli din vakillari o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayadi, xayot darajasi tushadi. Mashhur ibratli iborani doim xam eslayvermaymiz: inqilobni xayolparastlar o‘ylab chikaradi, fanatlar amalga oshiradi, nodonlar esa uning mevasidan baxramand bo‘ladi, degan".

Shu bois, O‘zbekistonda revolyutsion emas, evolyutsion yo‘ldan borgani maqsadga muvofiq, deb fikrlaydi jurnalist.

"Avvalo iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, so‘ngra siyosiy islohotlar, maqsadlarga o‘tish kerak. Lekin muammoni hal kilishning choralarini xorijda emas, O‘zbekistonda ko‘rish kerak. Xorijiy rahnamolarning turli bahonalar bilan mamlakat ishiga aralashishlariga yo‘l qo‘ymaslik lozim".

Shunday ekan islohotlar qay tarzda o‘tkazilishi kerak? Nima qilinsa, O‘zbekistonga yaxshi bo‘ladi, odamlarning muammosi yengillashadi?

Fuqarolik jamiyatidan kuchli davlatga deb ko‘p gapiriladi. Lekin qani o‘sha fukarolik jamiyati? Agar odamlar hech bir tashabbus ko‘rsatmas ekan, hech bir sohada natijaga erishib bo‘lmaydi.

Hozir davlat mulozimlarining sodir qilgan jinoyatlari haqida aytilmoqda. Lekin ularning oshkor bo‘lmaganlari, davom etayotganlari qancha?

Biroq bizning mulozimlarimizni odamlarning noroziligi, fikri qiziqtirmaydi, chunki ularga hisob berishga majbur emas.

Eng avvalo o‘z boshlig‘ining aytganini bajaradi.

Lekin odamlarning noroziligiga e‘tibor kilmaslikning okibatlari kanday bo‘lishini arab mamlakatlari, Ukrainadagi voqealardan ko‘rdik. Bundan olti-etti yil oldin kim shunday bo‘lishini bashorat qila olardi?

Tahlilchilarga ko‘ra, Gurjiston, Qirg‘iziston, Ukrainadagi deyarli hamma voqealar xalqni hukumat siyosatidan noroziligi oqibatidan kelib chiqqan.

Hamma inqiloblar odamlar o‘z hayotlarini yaxshilashning boshqa chorasi qolmaganidan keyin boshlangan. Gyugoning shunday gapi bor" Kambag‘allik inqilobga olib boradi, inqilob qashshoqlikka", degan. Rangli inqiloblar xalqning ahvolini yaxshilamadi, aksincha ko‘p hollarda yillar davomida erishganini xam yo‘qqa chiqardi.

O‘zbekistonda muammolar bisyor. O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar o‘tkazish uchun hali imkon bor, deb yozadi jurnalist.

Nima uchun hozircha?

"O‘zbek xalqi o‘zining sabr-toqati bilan mashhur. Va yuqori hukumatga ishonchi to‘liq tugab bitmagan. Men bu yerda mahalliy hukumatni nazarda tutaman. Chunki odamlar mamlakat rahbariga hurmat bilan karaydi, unga ishonadi. Va hamma muammolarning sababchisi deb davlat rahbarining aytganlarini bajarmaydigan pastdagi rahbarlarni tushunadi".

O‘zbekistondagi oxirgi yillarda eng dolzarb muammo bu son-sanoqsiz marta aytilgan gaz va elektr energiya muammosi.

Image caption O‘zbekistonliklar qishni ko‘mir, o‘tin, sham va fonarlar bilan o‘tkazishmoqda

O‘ziga juda ishongan rahbarlar xalqning so‘rovlarini inkor qiladi yoki va‘da berib qutiladi. Odamlar har yil qishni fonarlar, ko‘mir va shamlar bilan kutib olmoqda.

Mas‘ul rahbarlar ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan fikrlardan xabarsizmi?

"O‘zbekistonning qishloqlaridan birida chiroq o‘chib qolib, shamni yokmokchi bo‘lgan oila boshlig‘i yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini bosib o‘ldirib qo‘yadi. Fojeadan ko‘ziga hech narsa ko‘rinmagan ota tuman elektrsetining mas‘ul xodimini pichoqlaydi".

O‘zbekistonda rahbarlar va odamlar orasida bo‘shlik ortmoqda, O‘zbekiston xuddi porox solingan bochka ustida o‘tiribdi", deb yozdi foydalanuvchilar.

Xalqning muammosiga e‘tiborsiz raxbarlarni O‘zbekiston barqarorligi dushmanlari deb aytish mumkin.

Gaz va chiroq muammosi tobora yomonlashmoqda. Samarqanddagi So‘zangaron mahallasida gaz deyarli yo‘k, chiroq bir necha kunlab bo‘lmaydi. Aniq bo‘lishicha, gaz bo‘lmasligining asosiy sabablaridan biri gaz taqsimlash punkti oldida odamlar gaz nasoslari o‘rnatib olishgan. Nasos boshqalarga tegishli gazni ham so‘rib olavergan. Jurnalistlarning bu haqda prokuratura va mahalliy hokimiyat idoralariga yozgani natija bermadi. Mahalladagilar gazchilar ruxsatisiz bunday nasosni qo‘ndira olmaydilarku? Kim va nima uchun bunga ruxsat berilgan, degan savollar tabiiy tug‘iladi.

Savollar ko‘p. Odamlar savollariga javob kutadi. Qayerga shikoyat qilishni bilmagan aholi nima qiladi? Muammoning oldini olish uchun mulozimlar xalqning dardiga ozgina bo‘lsada quloq solishi kerak emasmi?- deydi Toshpo‘lat Rahmatullayev "O‘zbekistonga inqilob kerak emas" maqolasida.

Image caption Odamlar gazni katta bosimda tortadigan nasoslar o‘rnatib olishmoqda

"Hovlimiz shaharning So‘zangaron mahallasidagi Samiboyev ko‘chasida, 52-maktab va 65-bolalar bog‘chasi yonida joylashgan. Bizda oktyabr oyining oxirlaridan boshlab gaz yo‘q. Buning sababi qo‘shni mahallalarda katta nasoslar o‘rnatilganligidadir. Hamza ko‘chasida gaz taqsimlagich yonida bahaybat temir quti ichida katta nasos qo‘yilgan. Shuningdek, Oysavat, Yomini mahallalari va bir qator boshqa joylarda ham ana shunday nasoslar o‘rnatilgan. Qayerda motor qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha yerda gaz bor. Qolgan joylarda uning hidi ham yo‘q"? deb yozadi jurnalist Murtazo Tursunov ham Samarqanddagi gaz muammosi haqida fikr bildirib.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002