Pentagon: "Islomiy Davlat"ning qator rahbarlari o‘ldirilgan

Image copyright AP

Kurd jangchilari Sinjar tog‘laridagi "Islomiy Davlat" qurshovini buzib, avgust oyidan buyon bu hududlarda qolib ketgan Yazidiylarni ozod qilishga yo‘l ochganini aytarkan, AQSh harbiylari o‘zlarining havo hujumlari sunniy guruhning bir necha rahbarini halok etgani haqida xabar tarqatgan.

Kurd jangchilariga ko‘ra, bu Iroq shimolida "Islomiy Davlat" ustidan qo‘lga kiritilgan eng yirik g‘alabadir.

Natijada shu yilning avgust oyidan buyon o‘zlarining yashab turgan joylarini tashlab qochib Sinjar tog‘larida panoh topishga majbur bo‘lgan minglab Yazidiylarning xavfsiz joyga o‘tib olishlari uchun yo‘lak ochilgan.

Kurd jangchilari "Islomiy Davlat" qurshovini barbod etish maqsadidagi hujumlarini 17 dekabr kuni boshlashgan, ularni "Islomiy Davlat"ga qarshi koalitsiyaga kirgan AQSh va boshqa mamlakatlar harbiy-havo kuchlari dastaklab turgan.

"Islomiy Davlat"ga qarshi koalitsiyaga 45 mamlakat qo‘shilgan va so‘nggi kunlardagi havo hujumlari eng kuchlilaridan bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Janglarda 8000 tacha Kurd jangchilari qatnashgan.

Image copyright reuters

Ular sakkiz qishloqni "Islomiy Davlat"dan ozod qilgani, 80 tacha jangari o‘ldirilgani haqida xabar tarqatganlar.

"Islomiy Davlat" Iroq va Suriyaning katta hududini o‘z nazoratiga olib, bu hududlarda islomiy xalifalik barpo etganlarini e‘lon qilganlar.

Kurd qo‘shinlariga ko‘ra, "Islomiy Davlat" jangarilarining bir qismi Suriya hududiga, yana bir qismi esa Iroqning Mosul shahri tomon chekinganlar.

Ayni paytda AQSh Qo‘shma qo‘mondonligi boshlig‘i general Martin Dempsi aytishicha, o‘zlarining havo hujumlari "Islomiy Davlat"ning jangovor qobiliyatiga putur yetkazgan.

Pentagonga ko‘ra, 3 va 9 dekabr kunlari AQSh havo hujumlari "Islomiy Davlat"ning Iroqdagi harbiy amaliyotlar uchun mas‘uli Abdul Bositni, guruh rahbari Abubakr al-Bag‘dodiy yordamchisi Hoji Mutazni o‘ldirgan.

Shuningdek, noyabr oyi oxirlarida "Islomiy Davlat"ning Iroq Mosulidagi hokimi Rozvin Tolib havo hujumi natijasida o‘ldirilganini aytganlar.

Wall Street Journaliga general Dempsining aytishicha, "Islomiy Davlat" saflaridagi yo‘qotishlar islomiy guruhning hujum qilish, jangarilar ta‘minoti va moliyaviy faoliyatiga salbiy ta‘sir qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002