Tojikistonda 11 kishi islomiy tashkilotga a‘zolikda ayblanib qamaldi

Tojikistonning So‘g‘d viloyatida 11 kishi diniy ayblovlar bilan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Xo‘jand shahar mahkamasi sudlanuvchilarni taqiqlangan "O‘zbekiston Islomiy harakati" ga a‘zo bo‘lish va konstitutsion tuzumni ag‘darishga urinishda aybdor deb topgan.

Hakam Shuhrat Ahrorzodaning BBCga aytishicha, sudlanganlar shu yilning sentyabr oyida hibsga olingan. Ular bilan birga yana 40 dan ortiq kishi ushlangan. Diniy tashkilotga a‘zolikda gumon qilinayotganlar ustidan surishtiruv-tekshiruv ishlari ketayotganini bildirgan hakam.

Mahkama hujjatlarida keltirilishicha, sudlanuvchilar Rossiyaga ish izlab borib, u yerda uzoq vaqt yashab kelganlar. Ulardan ikkitasi- Mansur Boboyorov va Eldorjon Hotamovlarning Suriyaga jihodga bormoqchi bo‘lganlari aytiladi. Mahkamaga ko‘ra, hibsga olish chog‘ida ularning yonlaridan Suriyaga aviachipta topilgan.

Oldinroq Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi 300 dan ortiq tojikistonlik fuqarolar Suriyada hukumatga qarshi janglarda islomiy guruhlar tarkibida ishtirok etayotgani, undan 50 nafardan ko‘prog‘i halok bo‘lgani haqida ma‘lumotga ega ekanligini ma‘lum qilgandi.

Oxirgi paytlarda Suriyadagi urushda Markaziy Osiyo davlatlaridan ham ko‘plab fuqarolar qatnashayotgani haqidagi xabarlar tez-tez chiqmoqda. Ma‘lumotlarga qaraganda, ular orasida ham ko‘ngillilar, ham aldanib qolganlar mavjud.

Shu yil boshida Qozog‘istondan bir nechta oila boshliqlari xotin-bolalarini olib, jami 150 nafar kishi bo‘lib, Suriyaga jihodga ketishgani aytilgandi.

Shuningdek, Qirg‘iziston janubidan bo‘lgan bir necha yosh yigitning Suriyadagi mujohidlarga yordam berish niyatida ketishgani haqida xabarlar chiqqandi. Keyinroq ulardan ikki nafari Turkiyada qo‘lga olinib, Qirg‘izistonga qaytarilgan.

Hozir Pokistonning asosan shimoliy hududlarida boshpana topgan O‘zbekiston Islomiy Harakati va Turkiston Islomiy harakati ham bir necha yillar davomida sobiq Sovet Markaziy Osiyodan o‘zlari uchun a‘zolar topishga intilib kelgan.

Mazkur harakatlar safida aksar o‘zbek, tojik, chechen, tatar, afg‘on va Xitoydagi taqiblardan qochib chiqqan uyg‘ur yoshlari bor.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Islomiy Davlat safiga qo‘shilganlar orasida tojikistonliklar ko‘pchilikni tashkil qilishi mumkin. Aytilishicha, ularning ko‘pchiligi dastlab Rossiyaga pul topish ilinjida ketishgan. O‘sha yerda bu kabi g‘oyalar bilan tanishishgan va oxir-oqibat Suriyaga yo‘l olganlar.

Ularni jihodiy g‘oyalarga berilishlariga asosiy sabab qilib Tojikistonda din va diniy bilimlar qattiq nazorat ostiga olingani va cheklangani ko‘rsatiladi.

Shu boisdan yoshlar o‘zlariga taqdim qilingan yangi g‘oyalarga beriluvchan bo‘lishlari, bundan tashqari og‘ir turmush va pul topish ilinji misol qilib keltiriladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002