Narzullo Oxunjonov: men ham bu siyosatga adolatparvar deya ishongandim

Narzullo Oxunjonov 1966 yili Andijonda tug‘ilgan.

1983 yili Surxondaryo viloyatining Denov tumanida o‘rta maktabni tugatgan.

Ikki yil Toshkent Agregat zavodida ishlagan.

1986 yili Toshkent Davlat Madaniyat institutiga o‘qishga kirgan.

Institutni qizil diplom bilan yakunlaganidan so‘ng Toshkent Davlat universitetining Falsafa-Iqtisod fakultetida tahsilini davom ettirgan.

Ayni paytda shu fakultetda talabalarga saboq ham bergan.

1995 yilda O‘zbekiston radiosiga ishga taklif qilingan.

1997 yildan 2000 yilgacha "Ijtimoiyot va iqtisodiyot" bosh muharririyatida sharhlovchi va 2001 yildan 2005 gacha shu muharririyatda siyosat bo‘limining boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Narzullo Oxunjonov 1998 yili Prezident Islom Karimovga jurnalistlar Po‘lat Gadoyev va Shodi Mardiyevning hibsga olingani haqidagi savolni berganidan keyin O‘zbekiston rahbari bilan uyushtiriladigan jurnalistlarning uchrashuvlariga qo‘yilmaganini aytadi.

Narzullo Oxunjonov 2005 yildan 2013 yilgacha O‘zbekiston Teleradio kompaniyasining "Yangi jamiyat" ma‘rifiy, siyosiy-huquqiy eshittirishlar studiyasining bo‘lim mudiri sifatida faoliyat yuritgan.

U siyosiy sharhlovchi sifatida xorijiy ommaviy axborot vositalariga intervyular bergan, davra suhbatlarida ishtirok etgan.

Shundan so‘ng xorijiy matbuot bilan muloqot qilmaslik haqida ogohlantirilgan.

Narzullo Oxunjonov kikboksing bo‘yicha Osiyo va O‘zbekiston chempioni Behzod Rahimboyevga nisbatan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi haqida radioning jonli efirida axborot tarqatilishining tashabbuskori bo‘lgani uchun ta‘qibga uchragani haqida yozgan.

2012 yil yozidagi eshittirishdan keyin O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi rahbariyati, O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan o‘zi va oilasi a‘zolariga ta‘qib va tazyiqlar boshlanganini, oqibatda vatanni tashlab ketishga majbur bo‘lganini aytadi.

Narzullo Oxunjonovning BBC o‘quvchilari savollariga javoblari

Yevropadan Muhojir: Narzullo aka, siz Karimov rejimida ishladingiz va uzoq muddat uni qo‘llab quvvatladingiz, u yerdagi ko‘p adolatsizliklar, aholining ba‘zi qatlamlariga qo‘llangan zulmu-sitamlarga guvoh bo‘ldingiz va hokazo. Yaqin kelajakda hukumat tepasiga kimdir keladi. O‘sha keluvchi shaxsni yana Karimovday siyosat olib borishini xohlarmidingiz yoki Karimov sodir qilayotgan qaysi xatolarni takrorlamasligini xohlardingiz? Javobingiz uchun oldindan rahmat.

Narzullo Oxunjonov: Rahmat! Yaxshi savol. To‘g‘ri, oqko‘ngil, sodda xalqim qatorida men ham ushbu siyosatni adolatparvar deya ishondim va ishonganligim uchun qo‘llab-quvvatladim. Ammo shaxsan o‘zim guvoh bo‘lgan adolatsizliklar va zulmlarga befarq qarab turganim yo‘q. Bunga mening vijdonim yo‘l qo‘ymadi. Misol uchun 1998 yilning 26 dekabr kuni Oliy Majlis sessiyasining tanaffus paytida jurnalistlar Po‘lat Gadoyev va Shodi Mardiyevning nohaq qamalganligi bilan bog‘liq savolni Prezident Islom Karimovga berganman. Bu savolimga to‘liq bo‘lmasa-da, deyarli qoniqarli javob olganimdan so‘ng bu siyosatga bo‘lgan ishonch yanada ortgandi. Vaholanki, o‘shanda bu voqeadan juda ko‘pchilik rahbarlar karaxt bo‘lib qolishgandi. Chunki, ushbu savol prezident uchun ham va uning atrofidagi yuqori lavozimdorlar uchun ham kutilmagan savol bo‘lgan... Muhimi, bu savol aynan huquq-tartibot organlaridagi nohaqliklardan norozilikning aksi-sadosi sifatida yangragandi. Shundan keyin juda ko‘pchilik do‘stlarim, hamkasblarim mendan o‘zlarini olib qochib yurishgan. Hech bo‘lmasa, birontasi kelib "yaxshi savol berdingiz, ustoz hamkasblarimiz taqdiriga, jamiyatdagi nohaqliklarga befarq emasligingizni mamlakat rahbariga dadil ayta oldingiz, biz ham sizni qo‘llab-quvvatlaymiz", deya ayta olgan emas. Shu bois o‘zim ham biroz sarosimaga tushib qolganman o‘shanda. Ammo (ushbu savolning ta‘siridir balki), ko‘p vaqt o‘tmasdan ikkala jurnalist ham ozod etildi. Men bundan juda ham quvongandim. Qizig‘i, aynan o‘sha mendan "yotsirab" yurganlar birinchilar qatorida kelib: "Eshitdingizmi, jurnalistlar qamoqxonadan chiqishibdi, yaxshi savol bergandingiz o‘shanda" deya qutlashgan. Ha, bu o‘rtada biri MXXdan, ikkinchisi MVDdan chiqqan ikki generalni ham tanqid qilgandim. Bu haqdagi intervyu televideniyaning "Davr" informatsion ko‘rsatuvida efirga ketgandi va ancha-muncha shov-shuvga sabab bo‘lgandi. "Narzullo Oxunjonov deganlari endi ko‘radi, yaqin kunlarda ketadigan joyiga ketadi", degan mish-mishlar keng tarqalgandi. Biroq ular kutgan hodisa ro‘y bermadi. Men esa, "demak, bemalol tanqid qilsa bo‘laverar ekan, lavozimdorlarni tanqid qilish odamlar vahima qilganchalik yomon oqibatlarga olib bormas ekan-ku?!" deb xulosa chiqarganman va xuddi shu fikr asnosida "jamiyatda jurnalistning himoyasi har tomonlama ta‘minlangan ekan rostdan ham", deb o‘ylaganman. Lekin...

2012 yilning 27 fevraliga kelib BBCga bergan intervyumda Kabminda o‘tirgan shaxs matbuotdagi tang ahvol uchun mas‘ul ekanligi va buning uchun u javobgar ekanligini ta‘kidlaganimdan keyin ahvol butunlay boshqa tomonga o‘zgara boshladi. O‘sha paytdagi bosh vazir o‘rinbosari Abdulla Ne‘matovich Aripov OAV va matbuot bo‘yicha mas‘ul shaxs edi. Ustozlarim va yaqin hamkasblarim bundan keyin juda ehtiyot bo‘lib yurishimni maslahat berishganida u qadar jiddiy qabul qilmagandim. Lekin haqiqatdan ham shundan so‘ng boshimda qora bulutlar paydo bo‘la boshladi. Har holda intervyudan keyin u o‘z lavozimidan ketdi. 2012 yil 26 iyul kuni meni respublika Milliy Xavfsizlik xizmatiga chaqirishib, to‘rt soatga yaqin aynan shu va boshqa masalalar bo‘yicha xorij radiosi muxbirlari bilan qilgan suhbatlarim bois uch kishi o‘rtaga olishdi. Aytganimdek, voqealar rivoji butunlay boshqacha tus ola boshladi.

Bundan tashqari, ayni o‘sha paytlar kikboksing va qo‘l jangi bo‘yicha bir necha marotaba O‘zbekiston hamda Osiyo chempioni bo‘lgan Behzod Rahimboyevga nisbatan uyushtirilgan fitnalar va bo‘htonlar sabab unga nohaqdan jinoiy ish ochilgani xususida chempionning onasi menga murojaat qildi va yig‘lab, jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, adolatni tiklashda yordam berishimni so‘radi. Kasbiy vakolatim doirasida Behzodning haq-huquqini himoya qilish bilan shug‘ullana boshlaganim boshimdagi qora bulutlarning yanada quyuqlashtirdi. Alaloqibat menga nisbatan hech qanday asosga ega bo‘lmagan tuhmatlar uyushtirilib, jinoyat ochilishigacha borib yetdi. Eng taajjublisi, shundaki, menga nisbatan korruptsion zanjirning buyurtmasi bilan tuhmat qilganlarning birisi muqaddam ikki marta jinoiy javobgarlikka tortilib sudlangan qallob tadbirkor va yana birisi ichki ishlar tizimidagi qing‘irliklari uchun ishdan haydalgach, "bir yumalab" advokat bo‘lib olgan va yana ko‘plab qing‘irliklari sabab advokatlik litsenziyasidan ham mahrum bo‘lgan bir "huquq posboni" edi. Mening yuqoriga qilgan barcha shikoyatlarim javobsiz qoldirildi. Prezidentga savol berganimda, "Sizlarning ortlaringizda mana men turibman, qo‘rqmasdan dadil harakat qiling, jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, menga o‘zingiz guvoh bo‘lgan adolatsizliklar haqda yozib yuboring, albatta uni men olaman!" degandi. Afsuski, bu va‘dalarning barchasi sarob bo‘lib chiqdi. Buni o‘zimning achchiq hayotiy tajribamda sinab, bildim. Shu sabab ushbu siyosatga bo‘lgan ishonch mutlaqo so‘ndi. Oqibat, butun oilam, besh nafar farzandim bilan mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldik... (Bu haqdagi bayonotimni ‘Jarayon.com’ da o‘qib ko‘rishingiz mumkin.)

Endi bevosita sizning savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsak, haqiqatdan ham saylovdan so‘ng kimdir hokimiyat tepasiga keladi. Lekin o‘sha kimdir yana shu Islom Karimovning o‘zi emasmikin, degan xavotirdaman. Chunki, u bekorga 2015 yilni "Keksalarni e‘zozlash yili" e‘lon qilmadi. Bu mening taxminim. Agar taxminim to‘g‘ri chiqquday bo‘lsa, shundayiga ham o‘zi rahbarlik qilgan davriga o‘zi qora chiziq tortib bo‘lgan Islom Karimov bu qora chiziqni yanada quyuqroq tortgan bo‘ladi. Agar boshqa shaxs keladigan bo‘lsa, Karimovga o‘xshab siyosat olib borishini mutlaqo istamagan bo‘lardim. Sizning savolingizni yanada qat‘iylashtiradigan bo‘lsak: Karimovning qaysi xatti-harakatida xato qilinmadi va xatoga yo‘l qo‘yilmagan biror soha qoldimikin?... Chunki, Islom Karimov millatning, xalqning boshiga ko‘p ko‘rguliklar, sitamlar soldi va tuzatib, kechirib bo‘lmas juda katta xatolarga yo‘l qo‘yib, qo‘l urib bo‘ldi...

Endigi iqtidorga keladigan rahbar u kim bo‘lishidan qat‘i nazar, avvalo o‘z xalqi bilan hammaslak bo‘la oladigan, Konstitutsiya va qonunlarda mavjud qoidalarni amaliyotga keng tatbiq etishiga ishonadigan va bu borada qat‘iyatli bo‘lgan, qo‘shnilar va butun dunyo mamlakatlari bilan teng manfaatli asosdagi yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ya oladigan, hali u tomon hali bu tomonga og‘ib ketmasdan o‘zining uzoqni ko‘ra biladigan aniq nuqtai-nazari, pozitsiyasiga ega bo‘lgan va kerak bo‘lsa keskin tanqidlarga-da toqatli bo‘lib, undan to‘g‘ri, oqilona xulosa chiqarib, ishini ijobiy natija beradigan tarafga yo‘naltira oladigan inson bo‘lishini istardim. Qolaversa, xalqaro maydonda o‘z obro‘-e‘tibori bilan ishonchga sazovor bo‘lgan shaxsning rahbar bo‘lishini va u rahbar avvalo o‘z xalqimizning ishonchini to‘la oqlay olishini juda-juda xohlardim. Chunki, bunday ishonch bo‘lmas ekan, rivojlanish ham taraqqiyot ham bo‘lmaydi.

Fazliddin: Avvalo Assalomu alaykum! Mani savolim quyidagicha: Ukraina ortidan Rossiya sanksiyalar girdobida qoldi. Bu sanksiya öz navbatida muhojir yurtdoshlarimizni daromadini qariyb teng yarmiga kesib qöydi. G'arbning bu axmoqgarchiligidan aziyat chekkan bitta Rossiya bölib qolmadi. Ukraina ortidan Rossiya bosim utkazishni va harbiy, kuchlarini Avg'anistondan olib chiqib Ukrainaga joylashga AQShga zör imkoniyat yaratildi, Ayting-chi: sanksiyalar shu tahlit davom etsa urush böladimi? Yoki G’arb sanksiyalarni olib tashlagandan söng muhojir yurtdoshlarimiz qancha vaqt ichida ilgargi daromadiga ega böladi? Rossiya özini sanksiyalardan ozod bölgan holda qancha vaqtda öz holatini tiklab oladi? Hurmat bilan Fazliddin.

Narzullo Oxunjonov: Avvalo, yaxshi niyat qilaylik, Hech qachon urush bo‘lmasin. Ilohim, shu darajaga borib yetmasin. Sanktsiyalarga keladigan bo‘lsak, haqiqatdan ham uning oqibatlari jiddiy bo‘lishi mumkin. Buni hozirning o‘zida yaqqol ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Bu iqtisodiy jazo choralari nima uchun joriy qilinganligini juda yaxshi bilasiz. Shu boisdan ham bir tomonni ayblashdan tiyilgan ma‘qul. Xulosa qilishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilmaslik lozim deb hisoblayman. Tomonlar o‘zaro kelishib bir bitim-xulosaga kelishmas ekan, hozircha biror bir o‘zgarish bo‘lishini kutish qiyin, albatta. Shu kelishuvlar bo‘lmagunicha tayin bir narsani aytish mushkul. Shuning uchun ko‘p narsa, shu jumladan, muhojirlar, ayniqsa, Markaziy Oqiyodan borgan insonlar uchun daromad masalasi tomonlarning tezroq bir maqbul qarorga kelishlariga bog‘liq. Buni barcha juda yaxshi bilib turibdi. Yana bir narsani aytish joizki, qanchalik tez ijobiy qarorga kelinsa, shunchalik tezroq daromadning tiklanishiga turtki bo‘lishi shubhasizdir.

Sodiq, Toshkent: Televidenieda siyosat bo'limida ishlagan ekansiz. Senzuraning asl strukturasi qanday? Kim qo'yadi uni? Siz o'zingiz nimalarni bera olmagansiz, ya'ni nimani gapirish mumkin, nima mumkin emas?

Narzullo Oxunjonov: Televideniyeda emas, radioda siyosat bo‘limida ishlaganman. Radio boshqa binoda joylashgan. Ikkalasi alohida-alohida. Mening bilganim shuki, jiddiy siyosiy ko‘rsatuvlar albatta, maxsus guruh tomonidan tayyorlanadi. Hatto unga jurnalistlar umuman aralashtirilmasligi ham mumkin. Tayyorlangan ko‘rsatuv oldin televideniyedagi tegishli kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi va yana bir-ikki pog‘onalardan o‘tib so‘ngra prezident huzuridagi milliy xavfsizlik kengashiga beriladi. Bu kengash ko‘rib bo‘lganidan so‘ng esa talab qiladigan bo‘lsa prezident ham ko‘rib chiqadi. Shundan so‘ng efirga uzatishga ruxsat beriladi. Radioning "O‘zbekiston" kanalida esa, bu kabi ko‘rikdan o‘tkazadigan kengash yo‘q. Faqat mukofotga taqdim etiladigan eshittirishlar nomiga tuzilgan kengash tomonidan unga tavsiyanoma berilishi mumkin. Agar o‘ta jiddiy eshittirish bo‘ladigan bo‘lsa, uning xabarini topsalar, albatta uni to‘xtatib qolishga harakat qiladilar. Masalan, men 1998 yilda ikki jurnalist – Sh.Mardiyev va P.Gadoyev aynan huquq-tartibot tizimidagi kirdikorlarni fosh qilganligi ortidan qamalganligi xususida prezidentga bergan savolim va olgan javobimni efirga bera olmaganman. Eshittirish tayyor bo‘lgach, ayni efirga ketishiga sanoqli daqiqalar qolganida, bir "chopar" halloslab yugurgancha kelib, ushbu savol-javobni efirga bermaslik haqida "yuqori"dan buyruq bo‘lganligini yetkizgan...

Shuningdek, "Ijro" nomli mualliflik eshittirishimda qonunlar ijrosi joylarda o‘ta sust bajarilayotganligi xususida jiddiy tanqidiy fikrlar bildirilgach, mazkur dasturni efirdan olib tashlashdi. Aynan "Aloqabank"ning Surxondaryo viloyati bo‘limida viloyat prokuraturasining umumiy nazorat bo‘limi tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilganida milliardlab so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilganligi haqidagi qallobliklar fosh etilgan. Xuddi shu gaplarni efirga berganimdan so‘ng shaxsan O‘zMTRK raisi A.Xodjayev bu eshittirishni davom ettirmaslik haqida buyruq bergan. Shuni alohida ta‘kidlashim kerakki, bu faktlarni menga taqdim etgan prokuratura xodimi Shodmon Safarov ham bosim ostida qolib, mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan... Chunki, telekommunikatsiya sohasining hammasi "Aloqabank" bilan bevosita bog‘liqdir.

Xullas, radiodagi eshittirishlar taqdiri kanal direktorlarining saviyasi yoki "ichki tsenzurasi"ga ham bog‘liq. Misol uchun "Yoshlar" kanalida aksariyat eshittirishlar bir-ikki hafta oldin tayyorlanib, maxsus badiiy kengashdan o‘tkazilib, so‘ng efirga uzatiladi. Har bir kanal "arava"ni o‘z bilganicha, kuchi, aqli yetganicha sudrayapti...

Alisher, Toshkent: Assalomu alaykum, Narzullo aka. Mana bu parcha sizning Facebookda e‘lon qilgan "Mamlakatni kim boshqarayapti?" deb nomlangan maqolangizdan:"Biror jurnalistni badnom qilish uchun uning eng yaqin va eng ishongan do‘stlari "loy chaplash" roliga tanlanishi va yollanishida ham gap bor.Agarki eng ishongan, eng yaqin uch-to‘rt nafar do‘sting sening qoq ko‘ksingga musht tushirsa, loy chaplasa, boshqalar tap tartmay tepa boshlaydi, balchiq chaplaydi. "Biz bu odamni yaxshi inson deb o‘ylardik, ammo yanglishibmiz. Eng yaqin do‘stlari undan yuz o‘girishdi-ku, ko‘pchilikning oldida aybini aytib tashlashdi-ku, chunki ular bu odamni bizdan ko‘ra yaxshiroq bilishadi-da, do‘st bo‘lishgan-da. Demak, u shunchalik yomon odam ekanki, eng yaqin do‘stlari yoppasiga voz kechishdi", - deya osongina xulosa chiqarib qo‘yishadi. Qarabsanki, sen jamoadagi "eng yomon" odamga aylanasan-qolasan. "Jamoaning fikri va xulosasi" niqobi ostida "mazkur jamoada ishlashga noloyiq" degan hukm o‘qishadi senga. Shaxsingga aytilayotgan aybnomalar haqiqatmi yoki g‘irt bo‘htondan iboratmi, buni hech kim so‘rab ham, surishtirib ham o‘tirmaydi. Rahbar "oq" dedimi, demak, "oq"san. Agar rahbar "qora" desa, demak, "qora"san. Biror xodimning vijdoni og‘rib, seni oqlashga urinib ko‘rsin-chi, ismi sharifi "qora ro‘yxat"ning boshiga xat qilinadi va ko‘p o‘tmay sendan battar qoralanadi, yuziga asfalt chaplashadi. Agar bundan battari bo‘lmasa shukr qilsin...Endi ayting, kim o‘ziga ko‘pning ko‘z o‘ngida sharmisor bo‘lish, yemagan somsasi uchun pul to‘lash, asossiz ayb uchun malomatga duchor bo‘lish, qilmagan jinoyati uchun qamoqqa tushish, juvonmarg bo‘lishdek dahshatli qismatni ravo ko‘radi? Hech kim! Undan ko‘ra ko‘pning qatoriga o‘tib, nishonga olingan bir bechoraga tosh otib ketish – eng oson ish... Ana shunday qilib, zamon fitnalarining qilichi boshga kelgan paytda do‘stligu sadoqat, iymonu insof, vijdon, bir so‘z bilan aytganda, Olloh maxluqotlar ichida eng azizu mukarram qilib qo‘ygan insoniylik atalmish sharafli nom, yuksak bir maqom buyuk sinovdan o‘tkaziladi."

Savolim esa bu: do‘stlik, mardlik degan tushunchalarni yo‘q qilish, bir xodim ikkinchisidan ayg‘oqchi deb shubhalanishini kuchaytirishga xizmat qiladigan bunday muhit faqat Teleradiokompaniyada shakllantirilganmi yoki boshqa joylarda hammi?

Narzullo Oxunjonov: Avvalo sizga ushbu seriyali maqolalar bilan tanishib borayotganligingiz uchun rahmat! Qolaversa, undan tegishli parchani keltirib, shundan kelib chiqqan holda savol yo‘llaganingiz uchun sizga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Bu kabi noxush holat faqat O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasidagina mavjud emas, albatta. Shunday umummuhitni, vaziyatni yaratish , ya‘ni hammayoqni SNBlashtirish 2005 yilning may oyidan – Andijondagi qatliomdan so‘ng keng yoyilgani hech kimga sir emas. Turfa "spektakllar sahnalashtirish"ning hadisini olgan odam O‘zMTRKga rahbar bo‘lib kelganidan keyin bu yerda ham xuddi shunday muhit paydo bo‘ldi. Fitnalar, uydirmalar, ko‘zbo‘yamachiliklar avj oldirildi. Bundayin muhitni nafaqat kompaniyada, balki juda ko‘pgina idora-yu tashkilotlarda tarkib toptirish orqali bu illat deyarli butun jamiyatni qamrab oldi, deyish mumkin. Chunki, aynan shu 2005 yildan boshlab asosiy va eng muhim bo‘lgan idoralarga maxsus xizmatdan chiqqan xodimlarni rahbar lavozimiga tayinlash urfga aylandi. Xuddi shu yilgacha asosan har bir korxona rahbar o‘rinbosarining birisi rejim va xavfsizlik bo‘yicha tayinlanardi. U paytlar o‘rinbosar rahbar bilan hisoblashishga majbur edi. Hozir esa teskarisi... 2005 yildan keyin rais yoki direktorning ushbu masala bo‘yicha o‘rinbosarlarining maqomi, yanada yuqori ko‘tarilib, vakolati ancha kengaytirildi. Rahmatli bo‘lib ketgan hamkasb do‘stimiz, oxirati obod bo‘lsin, Shuhrat Yusupov ism-sharifli yigit menga bu borada o‘zini hayratlantirgan ba‘zi tafsilotlarni aytib bergandi. Uni Samarqand viloyati bo‘yicha teleradiokompaniya direktorining rejim va xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari etib, o‘zi xohlamasa-da qo‘yarda-qo‘ymay majburlashib qo‘yishadi. Shuhratning ushbu lavozimga tayinlanganligini e‘lon qilish bilan bog‘liq bo‘lgan majlisda viloyat bo‘yicha teleradiokompaniya direktori uni tanishtira turib: "O‘rtoqlar, bundan keyin men ham (ya‘ni o‘zi direktor bo‘laturib) Shuhrat akaga bo‘ysunaman. U kishining chizig‘idan chiqmayman, aytganlari aytgan bo‘ladi. Shuni bilib qo‘yinglar", degan ekan. Shularni gapirib berar ekan, Shuhrat ushbu holatdan juda ham hijolat chekkanligi, hattoki, yoshi va lavozimiga ko‘ra ham katta bo‘lgan direktordan bu kabi gaplarni eshitganligi uchun shu onning o‘zida ishlagisi ham kelmay qolganligini ta‘kidlagandi. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, "quloq"lar zamoni boshlanganligini direktorning o‘zi ham bu kabi gaplari orqali bilib-bilmay oshkor etib qo‘ygan.

Chindan ham bugun shunday rasvo, xoinlik muhitini yaratish orqali ODAMIYLIK ildizlari qirqilayotgan jamiyatda abgor qilinmagan soha, tarmoq yoxud biror bir qatlam qoldimikin? Iqtisod, xalq xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, umuman, sanoat ishlab-chiqarishdagi parokandalik bois ishsizlar armiyasining paydo bo‘lganligi, millionlab yurtdoshlarimiz sarson-u sargardon bo‘lib xorijga ish izlab ketayotganligi inkor etib bo‘lmas dalildir. Ilmu ijod sohasida obro‘-e‘tibori yerga urilmagan, qadri toptalmagan biror kishi qoldimi? Hattoki, "O‘zbekiston qahramoni" unvonini olganlar orasida-chi?.. Olimni olimga, shoirni shoirga, yozuvchini yozuvchiga xullas, ziyolini ziyoliga qarshi qayratib qo‘yib, hukumatning, rejimning o‘zi tomoshabin bo‘lib turganiga nima deysiz? Vaholanki, prezident bir paytlar el orasida tanilib obro‘ orttirgan shu shoir, yozuvchilar, olimu san‘atkorlar mavqeidan yetarlicha foydalandi. Ularga birma-bir yuqori lavozimlarni berib, jamiyatdagi umumvaziyatni to‘la o‘z nazoratiga olganidan so‘ng ulardan bitta-bitta "qutula" boshladi. Ayniqsa, ziyolilarning ustiga mag‘zava ag‘darila boshlandi. Ular haqida turli mish-mishlar tarqatildi. Bu ham ish bermasa ularni yer bilan bitta qilish mumkin bo‘lgan buyurtma maqolalar matbuotda chop ettirildi. Xususan, jurnalistlar va ular oilasining boshiga ko‘p kulfatlar yog‘dirildi. Masalan, bir jurnalistga prezident bir emas, bir necha marta o‘zining qo‘lidagi ruchkasini sovg‘a qilgan. Uning maqolalarini yaxshi ko‘rib o‘qib turishini aytib maqtagan. Bu jurnalistning fohishaxonalarni fosh etuvchi "Tungi kapalaklar: malikami yo malaklar?" nomli maqolasi gazetada bir sahifa bo‘lib chiqqanidan so‘ng uning avvaliga kichik farzandi, keyin esa o‘zi ham sirli ravishda vafot etdi. Bunga birov e‘tibor qildi, birov e‘tibor qilmadi. Shundan so‘ng ko‘pchilikning dami ichiga tushib qoldi. Yana bir jurnalistning bo‘yi yetib qolgan qizi chavaqlanib, burda-burda qilingancha tsellofan xaltaga joylanib, muzlatgichda ancha vaqt saqlab qo‘yilgan... Buning aybdori sifatida esa oddiy bir talaba yigit uzoq yil qamoq jazosiga hukm qilindi... Bu dahshatli voqeani eshitgan kishi borki, qalbi larzaga keldi. Qizning onasi aqldan ozish darajasigacha borib yetdi. Ushbu fojiali hodisa shu jurnalist obro‘li joyda ishlab turgan bir paytda ro‘y berdi. Yana qizig‘i, go‘yo "yupatish yoki g‘amxo‘rlik ko‘rsatish" uchun jurnalistga boshqa bir lavozimni tortiq qilishdi-da, so‘ng o‘lganning ustiga tepganday, axiyri uning o‘zini ham jinoiy javobgarlikka tortishdi. Chunki, bu jurnalist hukumat idoralarida ishlagan esa-da, qo‘lidan kelgancha jamiyat taraqqiyotiga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan illatlarni turli yig‘in va majlislarda ochiq-oydin gapirgan, fosh qilib tashlagan. Shu bois ham undan ana shu tariqa dahshatli "o‘ch" olish amaliyoti ishga solingan bo‘lsa ajab emas... Bundan tashqari, yana bir taniqli jurnalistning jamoatchilikning diqqatini o‘ziga tortadigan publitsistik maqolalar bilan chiqayotgan, talantli, xorijiy tillarni puxta biladigan ma‘suma qizi kutilmaganda, o‘z-o‘zidan olamdan o‘tib qoldi. Bu voqeadan ham ziyolilar karaxt holga tushishdi. O‘sha kuni yeru osmon yig‘ladi go‘yo... Qolaversa, siyosiy sharhlovchi sifatida elga tanilgan, yuqori lavozimda ishlagan yana bir jurnalistdan o‘sha yuqori lavozimidan "o‘z xohishiga ko‘ra" ishdan ketishni so‘rashdi. Bosim o‘tkazilib ishdan bo‘shash haqida ariza yozib bermaganligi uchun uning juda ham ziyrak, o‘ta bilimli bo‘lgan kenja o‘g‘li nishonga olindi. Bola o‘qishdan uyga qaytar mahali "qora maskali"lar uni yo‘lda tutib, ko‘zlarini bog‘lab, uzoq joyga olib qochishgan, haftalab qorong‘u podvallarga tashlashib, rosa kaltaklashgan. Tuppa-tuzuk, sog‘lom, otasining ko‘p orzu-umidlari bog‘langan o‘smirga nafaqat jismoniy zarar berishdi, balki uni bir umrlik ruhiy majruhga ham aylantirib qo‘yishdi. Hozir u na o‘qishga va na bir ishga bora oladi. Bolani tutib olib ketishlar bir necha marotaba takrorlangan. Ota avvaliga lavozimidan ketmayotganligi uchungina shunday hodisa ro‘y berayotganligini bilmagan. Unga ilgari ham birovning orqasidan poylab, ayg‘oqchilik qilib yurish taklif qilinganida vijdon amri bilan buni qat‘iyan rad etgan. So‘ng bu "mas‘uliyatli vazifa"ni bajarishga esa mamlakatga tanilgan ikki sharhlovchi jon-jon deb ko‘nishgan, rozi bo‘lishgan ekan...

Bular – aynan mustaqillik yillarida, xalqning shundoq ko‘z o‘ngida ro‘y bergan, hech bir isbot talab qilinmaydigan haqiqatlar, aniq faktlardir. Shaxsan mening o‘zim roppa-rosa o‘n uch yil deganda ko‘rgan ilk farzandimni qo‘limdan tortib olib qo‘yishgani va kenja farzandim tug‘ilganida hatto hali bir oyga ham to‘lmagan chaqaloqning ozig‘ini yetkazib berishimga-da ruxsat etishmay, meni atay uch-to‘rt soatlab so‘roq qilishgani va "Farzanding ko‘zingga ko‘rinib qoldimi yana? Vaholanki biz seni oldin ham ogohlantirgan edik..." deya sha‘ma qilishganini, ya‘ni MXX xodimlari farzandlarim hayotiga tahdid solish bilan meni qo‘rqitmoqchi bo‘lganlarini aytganimda, "Malomat qilmayapsizmi MXX xodimlariga?" deya dardimni malomatga yo‘ygan va meni yolg‘onchiga chiqarishga uringan ba‘zi birovlar ushbu voqealarni o‘qib-bilib, o‘zlari xulosa chiqaradilar degan umiddaman.

Jurnalistlarning turli tuhmatlar uyushtirilib qamoqqa tashlanayotganliklari haqida butun dunyo biladi-ku, axir?...

Haqli savol tug‘iladi: Nega bunday dahshatli tajovuzlar biror hokimning, prokurorning, maxfiy xizmat xodimi yoxud sudyaning farzandlariga emas, aynan jurnalistning, shoiru yozuvchining yoxud olimning farzandlariga nisbatan uyushtirilayapti?.. Nega aynan ziyolilarning farzandlari qurbon qilinayotir?.. "Ot izini toy ham bosa olmasligi" yoinki bu millat orasidan yetishib chiqqan aqlli insonlarning avlodlari, nasliga barham berish, xalqni, millatni butunlay "o‘ldirish", mute qilish, "zombi"ga aylantirish uchunmi?... Nega?... Bu kimga va kimlarga kerak?... Bunday "amaliyotlar" yuqorining topshirig‘i asosida aynan shu tizim, ya‘ni huquq-tartibot organlarining xodimlari tomonidan amalga oshirilayotganligi bugun hech kimga sir bo‘lmay qoldi.

Jurnalistlar – jamiyatning sanitarlaridir. Ularning qo‘llari, qanotlari qayrilib, ovozi bo‘g‘ilgach, jamiyatdagi "infektsiya"lar, "virus"lardan kim ogoh etadi? Dono xalqimizning shunday naqli bor: "Kasalini yashirsang, isitmasi oshkor qiladi". Bu "infektsiya" – illatlar bolalab, butun boshli jamiyatning "zaharlanishi", "xastalanishi", alaloqibat, bugungiday jar yoqasiga kelib qolishiga aynan o‘tyurak, haqgo‘y, millatparvar jurnalistlar, ziyolilarning qattiq ta‘qibu tazyiq ostiga olinganligi, so‘z erkinligining bo‘g‘ilganligi sabab emasmi?...

Assalomu alaykum Narzulla aka, siz O‘zbekistonda turib ham rahbarlarni tanqid qila olarmidingiz? Sobiq hamkasblaringiz Saodat va Malohatlarning tutgan yo‘lini yoklaysizmi, to‘g‘ri kilishdimi rahbarlarni tanqid kilib? Nimaga erishishdi, kaytaga hamma erishganlarini yo‘qotishdi, degan mazmundagi savol Nizomiddin ismli muxlisimiz tomonidan yo‘llanibdi.

Narzullo Oxunjonov: Agar jurnalist istasa, o‘zida biroz jur‘at topsa tanqid qila oladi. Ha, men O‘zbekistonda paytimda, ish faoliyatim davrida rahbarlarni ham tanqid qilganman. Misol uchun yer va qurilishga doir qonunchilikning ijrosi yuzasidan o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvim bo‘yicha Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar hokimi Ilhom Mamajonovning yolg‘onlarini fosh qilib tashlaganman. U kishi menga bu borada o‘zi rahbarlik qilayotgan shaharda hech bir qonunga zid ishlar qilinmaganligi haqida og‘zini to‘ldirib gapirib bergandi. Afsuski, uning bu gaplari quruq safsatalardan iborat ekanligini, Marg‘ilon shahar prokurorining yordamchisi shahar bo‘yicha yer va yer resurslari, arxitekturaga doir qonunchilik 37 marotaba shaxsan shu hokimning o‘zi tarafidan qo‘pol tarzda buzilganligi va uni bartaraf etish bo‘yicha taqdimnoma kiritilganligini gapirib bergandi. Ushbu haqida ma‘lumot "O‘zbekiston" radiosining "Ijro" eshittirishida efirga berilgan. Ikki general - O‘tkir Tolipovich Komilov hamda Sobit Atxamovich Alimboyevni o‘zlari tomonidan tashkil qilingan muhim matbuot anjumaniga o‘zlari kelmaganligi va bu bilan anjuman ishtirokchilari hamda OAV xodimlariga o‘ta nopisandlik bilan qaraganliklarini tanqid qilganimni yuqorida aytib o‘tdim. Bundan tashqari Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi korruptsiya va terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining boshlig‘i hamda uning ba‘zi xodimlarini, shuningdek, o‘rni kelganda turdi idoralardagi turli darajadagi rahbarlarni tanqid qilganman. Va oddiy xalq vakillarining bu rahbarlarning nohaq qilmishlari xususidagi gaplarini o‘z eshittirishlarimda berganman.

Endi M. Eshonqulova hamda S. Omonovalarning qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ish qilganliklarini avvalo ularning o‘zlari aytganliklari ma‘qul. Biroq men, ularning o‘z ishlaridan nohaq va noqonuniy bo‘shatilganligini xorij radiolariga bergan intervyularimda O‘zbekistonda, aynan O‘zMTRKda ishlab turgan bir paytimda aytganman. Va buning uchun nafaqat ishxonamdagi rahbarlarning ta‘qibu tazyiqiga uchraganman, balki xavfsizlik xodimlari tomonidan jiddiy ogohlantirilib, yaxshigina dashnom ham eshitganman. "Rahbarlarni tanqid kilib nimaga erishishdi, kaytaga hamma erishganlarini yukotishdi", degan fikringizga to‘xtaladigan bo‘lsak, to‘g‘ri, ular ish joylaridan ayrilishdi. Qirq kishilik maxsus guruh tomonidan o‘rtaga olinib, ularni obro‘sizlantirishga qattiq urinib ko‘rildi. Ammo rahbariyat ularning qaddini buka olgani yo‘q. Qolaversa, jamoadoshlar ham o‘sha majlisda qo‘rqqanlaridan jim turishgan bo‘lsa-da, ammo Malohat va Saodatning haq ekanligiga ich-ichidan iqror bo‘lib turishgan. Bu ikki hamkasbimiz ayol boshlari bilan mardonavor turib O‘zMTRKdagi korruptsiya va boshqa illatlarga qarshi bosh ko‘tarib chiqar ekanlar, nafaqat o‘z haq-huquqlari, balki butun jamoadagilarning haq-huquqlari uchun kurashayotganliklarini o‘zlari yaxshi bilgan holda mustaqil va dadil qadam tashlay oldilar. Buning oqibati nima bilan tugashidan qat‘i nazar, ular o‘z vijdonini saqlab qola olganliklarining o‘zi ularning eng katta yutug‘idir!

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer