O‘zbek parlament saylovlarida Liberal-demokratik partiya eng ko‘p ovoz oldi

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston parlamenti va mahalliy kengashlar saylovlarining ilk natijalarini e‘lon qildi.

Ilk natijalarga binoan, 113ta saylov okrugida o‘tkazilgan saylovlarda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati sanalmish O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 47 nafar deputat saylangan.

"Milliy tiklanish" O‘zbekiston demokratik partiyasidan - 28, O‘zbekiston xalq demokratik partiyasidan - 21, "Adolat" O‘zbekiston sotsial-demokratik partiyasidan esa 17 nafar deputat saylangan.

Rasmiy ma‘lumotga binoan, 22ta saylov okrugida biron nomzod 50 foiz ovoz ola olmagani tufayli, bu okruglarda eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod o‘rtasida ikkinchi bosqich saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Markaziy saylov komissiyasi xabariga binoan, saylovlarda 18 million 400 ming ovoz beruvchi, ya‘ni saylovchilarning umumiy hisobidan 89 foizi ovoz berganlar.

Parlament saylovlarining yakuniy natijalari va deputatlarning ro‘yxati joriy yilning 31 dekabrida matbuotda e‘lon qilinishi kutiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002