OXHT: "O‘zbekistondagi saylovlar haqiqiy raqobatsiz o‘tdi"

Image copyright AP

O‘zbekistondagi parlament saylovlarini kuzatgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga ko‘ra, saylovlar yaxshi tashkil qilindi, ammo haqiqiy raqobat va bahslarsiz o‘tdi.

21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarni kuzatish uchun OXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha idorasi cheklangan sonli kuzatuvchilari sonini yo‘llagandi.

"Saylovchilarga haqiqiy saylov tanlovini berish uchun ko‘proq qadamlar qo‘yilishi kerak", - deyiladi OXHT kuzatuvchilari rahbari Daan Everts bayonotida.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, ovoz berish jarayoni tartibli ravishda o‘tgan, biroq birovning nomidan ovoz berish hollari ko‘p uchragan.

OXHT kuzatuvchilari chiqargan bayonotda aytilishicha, saylovda o‘z nomzodlarini ilgari surgan to‘rtta partiya bir-biri bilan raqobat qilishdan ko‘ra, "bir-birini to‘ldiradi", xolos.

Kuzatuvchilar xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarining qanchasi ovoz berish jarayoniga jalb etilgani noaniq bo‘lib qolayotganini bildirdi.

Ayni damda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tomonidan tayinlangan kuzatuvchilar guruhi o‘zbek parlament saylovlarini ochiq va erkin holda o‘tganini aytgan.

MDHning sakkizta a‘zo davlatlaridan kelgan 76 kuzatuvchi chiqargan bayonotda O‘zbekistondagi parlament saylovlaridan avval siyosiy partiyalar va kuzatuvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgani aytiladi, biroq siyosiy raqobat yoki uning yo‘qligi haqida so‘z yuritilmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002